date

Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt ta’limi uchun yangi yo‘l ochdi...

Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt ta’limi uchun yangi yo‘l ochdi...

Yig‘ilishda davlat rahbari sun’iy intellekt sohasida kadrlar tayyorlash masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, bu yo‘nalishdagi muvaffaqiyat faqat zamonaviy infratuzilma yoki ilg‘or algoritmlarga emas, balki chuqur bilim va malakaga ega mutaxassislarga ham bog‘liq. “Sun’iy intellektning poydevori — matematika va informatika. Shuning uchun kadrlar tayyorlash maktab bosqichidan boshlanishi kerak”, dedi Prezident.

Kelgusi o‘quv yilidan “Informatika” fanining dasturlariga sun’iy intellektga oid yangi mavzular kiritiladi. Bu maqsadda Massachusets texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda maxsus darslik yaratilishi rejalashtirilgan.

Davlat rahbari ta’kidlashicha, “Yangi O‘zbekiston” universitetida bu yilning o‘zida 100 nafar, keyingi yili esa 1 ming 300 nafar sun’iy intellekt bo‘yicha trener-o‘qituvchi tayyorlanadi. Ular esa o‘z navbatida maktab va oliy ta’lim muassasalaridagi informatika o‘qituvchilariga zamonaviy bilimlar berishi belgilangan.

Har yili eng faol va natijador 100 nafar informatika o‘qituvchisi salohiyatli mutaxassislar qatoridan tanlanib, sun’iy intellekt rivojlangan mamlakatlarda malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shu bilan birga, “Bir million o‘zbek dasturchisi” dasturining mantiqiy davomi sifatida “Bir million sun’iy intellekt yetakchisi” loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Uning doirasida bu yilning o‘zida 100 ming, kelasi yili esa kamida 500 ming yoshlar sun’iy intellekt asoslarini o‘rganishi ko‘zda tutilgan.

Prezident ta’kidlaganidek, loyiha maktab o‘quvchilarini ham qamrab oladi. Har yili sun’iy intellekt bo‘yicha milliy tanlov o‘tkazilib, eng yuqori natija ko‘rsatgan yoshlar, ularning ustozlari va ta’lim muassasalari munosib rag‘batlantiriladi.

Bu tanlovda g‘olib bo‘lgan 500 nafar yoshga noutbuk, 100 nafar o‘qituvchiga 1 ming dollarlik mukofot, shuningdek, ikkita ta’lim tashkilotiga elektromobil taqdim etiladi.

Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, “Sun’iy intellekt texnologiyalari kelajak rivojining asosiy kuchi bo‘ladi, bu jarayonga erta qo‘shilgan xalq – yutuq qozonadi.”

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt ta’limi uchun yangi yo‘l ochdi...