19:13 / 13.05.2024
198

Shakar o‘rniga asaldan foydalanish salomatlikka qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Shakar o‘rniga asaldan foydalanish salomatlikka qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Foto: Eatwell.com
Shakar dunyodagi eng zararli mahsulotlar sirasiga kirishi barchaga ma’lum. Tabiiy asalning foydasi ham serob ekanligini bilamiz. Demak, shakar o‘rniga faqat asal iste’mol qilish turfa kasalliklarga chek qo‘yishi mumkindir? Mantiqan bu to‘g‘ri eshitilsa-da, barchasi biz o‘ylagandek oddiy emas.

Asal ham, shakar ham ikki turdagi monosaxaridlardan: alfa-glyukoza va betta-fruktozadan tashkil topgan bir xil miqdordagi uglevodlarga boy. Ular organizmda tezda parchalanadi. Ikkisi ham qondagi qand darajasini oshiradi. Demak, har qanday turdagi shakarni haddan ortiq iste’mol qilish semirish, yuqori qon bosimi, yurak va qon-tomir kasalliklari hamda kognitiv buzilishlarni keltirib chiqaradi.

Tabiiy asal shirin ta’m beruvchi organik jihatdan toza mahsulot sanaladi. Asalarilar tomonidan ishlab chiqarilgan ushbu noyob mahsulot boshqa turdagi shakarlarga nisbatan ko‘proq foydali xususiyatlarga ega. Shunga qaramay, JSST ham, AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligi (USDA) ham kundalik iste’moldagi shakar miqdori umumiy ovqatning 10 foizdan ko‘p bo‘lmasligini tavsiya etadi. Chunki asalning ham bir qancha zararlari mavjud.

Foto: “Noviy ochag”
Barcha narsada me’yorga e’tibor berish qoidasi asalga ham tegishlidir. Haddan ortiq iste’mol qilingan asal quyidagi oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin:

Asal qondagi glyukoza miqdorini oshiradi
Tavsiya etilgan sutkalik dozadan ortiqcha iste’mol qilingan asal qand darajasining ko‘payishiga olib keladi. Ushbu mahsulot diabetga chalinganlar uchun juda xavflidir.

Oz miqdorda asal qon bosimini pasaytiradi
Kichik dozada asal qon bosimini tushiradi, shuning uchun gipotonik insonlar ehtiyot bo‘lishi lozim. Asalni haddan tashqari ko‘p yeyish esa, aksincha, qon bosimini oshiradi va yurak faoliyatiga zarar yetkazadi.

Ortiqcha asal oshqozon kasalliklariga olib kelishi mumkin
Qabziyatdan aziyat chekadiganlarga asal tavsiya etilmaydi. Bundan tashqari, ortiqcha asal qorin dam bo‘lishi, diareya va ko‘ngil aynish kabilarni keltirib chiqarishi mumkin.

Asal vazn ortishiga olib keladi
Ozish harakatida parhez tutayotgan shaxslar iste’mol qiladigan asal miqdorini nazorat qilish kerak. Asal yuqori kaloriyali mahsulot bo‘lib, undagi shakar va uglevodlar semirtiradi.

Foto: Legion media
Asal tishlar uchun zararli
Asalning tishlarga keltiradigan zarari shakarnikidan kam emas. USDA tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, asalning 82 foizi shakardan iborat va gigiyenaga rioya etilmagan taqdirda kariyes xavfi oshadi.

Agar shirinliklarsiz hayotingizni tasavvur eta olmasangiz hamda glyukoza va fruktozali mahsulotlardan voz kechishni talab qiladigan kasalliklarga chalinmagan bo‘lsangiz, asalni tanlaganingiz yaxshiroq. Tabiiy asalni kuniga 50 millilitrgacha iste’mol qilish mumkin. Asalga allergiyasi bor bemorlar esa shifokorga murojaat qilishlari tavsiya etiladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Shakar o‘rniga asaldan foydalanish salomatlikka qanday ta’sir ko‘rsatadi?