13:18 / 17.08.2024
290

Uzoq umr ko‘ray desangiz: yurak salomatligini mustahkamlashning 7 usuli

Uzoq umr ko‘ray desangiz: yurak salomatligini mustahkamlashning 7 usuli
Yurak-qon tomir kasalliklarining aksariyati uzoq vaqt davomida yashirin kechishi mumkin. Shuning uchun bunday xastaliklarni o‘z vaqtida aniqlash va xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan omillarini bartaraf etish maqsadida muntazam ravishda skrining tekshiruvlaridan o‘tish tavsiya etiladi.

Foto: Wday
Sog‘lom yurak sari: qanday qilib yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish mumkin?

Asablarni asrash

Barchaga ma’lumki, surunkali stress va doimiy asabiylik yurak-qon tomir tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Stress vujudga kelishining asosiy sabablarini aniqlash uchun turmush tarzingizni tahlil qilib chiqing va agar iloji topilsa, ularni bartaraf etishga va stressga to‘la muhitdan uzoqroq bo‘lishga harakat qiling. Agar buning imkoni bo‘lmasa, ularga nisbatan konstruktiv munosabatni shakllantiring.

Uyqu rejimi va dam olish

Uyqu rejimiga amal qilish va o‘z vaqtida dam olishni unutmang. O‘rta yoshdagilar kuniga 7-8 soat uxlashi kerak.

To‘g‘ri ovqatlanish

Noto‘g‘ri ovqatlanish odati qon bosimi, xolesterin va glyukoza darajasining oshishiga olib keladi va og‘ir holatlarda diabet kasalligi rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Tana massasi indeksi qanchalik yuqori bo‘lsa, qand kasalligi, insult va yurak xurujiga chalinishga moyillik shuncha ko‘proq bo‘ladi.

Foto: Wday
Ortiqcha tuzdan voz kechish

Sog‘lom inson kuniga o‘rtacha 9-12 gramm miqdorda tuz iste’mol qiladi. Yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish uchun esa tuzning kunlik miqdorini 3-5 grammgacha kamaytirish kerak. Dastlab fastfud taomlar, yog‘li va tuzlangan mahsulotlardan voz kechish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Zararli odatlarni kamaytirish

Tamaki va alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish vaqt o‘tishi bilan qon tomirlariga katta zarar yetkazadi. Bunday zararli odatlar yurak-qon tomir kasalliklaridan tashqari boshqa ko‘plab xastaliklar o‘chog‘i hisoblanadi. Spirtli ichimliklarni muntazam ichish yurak ritmining buzilishiga olib keladi hamda insult, yurakning ishemik kasalligi va tromblar hosil bo‘lish xavfini oshiradi.

Jismonan faol bo‘lish

Yurak faoliyatini yaxshilashning eng samarali va sinalgan usuli bu sportdir. Muntazam jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish yurak-qon tomir kasalliklari xavfini kamaytiradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, haftasiga kamida 150 daqiqa o‘rtacha qiyinlikdagi jismoniy harakatlarni bajarish yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish ehtimolini 30 foizga va qandli diabetni 27 foizga kamaytiradi. Shu sababli, yurak faoliyati yaxshilanishi uchun haftada 5 marotaba, o‘rtacha 30 daqiqadan jismonan faol bo‘lish yetarli.

Yurak salomatligini tekshirib borish

Agar yurak-qon tomir tizimi bilan bog‘liq hech qanday surunkali kasalliklar bo‘lmasa, yiliga bir marta tibbiy tekshiruvdan o‘tish tavsiya etiladi. Bunda tekshiruv qon va peshob analizlarini hamda EKGni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, xolesterin va uning fraksiyasi darajasi, lipoprotein A, apolipoprotein A va B, MB kreatin fosfokinaz, gomotsistein, gemoglobin, insulin rezistentlik hamda qon ivish testini o‘tkazishingiz mumkin.

Tananing zaxira imkoniyatlarini tekshirish uchun ekokardiyografiya, uyqu arteriyalari va pastki arteriyalarni dupleks skanerdan o‘tkazish ham zarar qilmaydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Uzoq umr ko‘ray desangiz: yurak salomatligini mustahkamlashning 7 usuli