
Yozning issiq va quruq ob-havosi nafaqat kayfiyatga, balki salomatlikka ham kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, gipertoniya (yuqori qon bosimi) bilan yashaydiganlar uchun bu fasl alohida e’tiborni talab qiladi. Ko‘pchilik yozda qon bosimi pasayishini kutsa-da, aslida ko‘pincha aksincha holat yuzaga keladi. Keling, bunga nima sabab bo‘lishi va qanday choralar ko‘rish kerakligi haqida gaplashamiz.
Mutaxassislarning aytishicha, sog‘lom odamlarda issiq ob-havo ta’sirida qon tomirlari kengayadi va natijada qon bosimi tabiiy ravishda pasayadi. Ammo gipertoniyaga chalinganlarda bu jarayon aksincha kechadi — ya’ni, qon bosimi oshadi. Bu holat organizmdagi o‘zgarishlar, ayniqsa kislorod yetishmasligi bilan bog‘liq.
Havo harorati 25 darajadan yuqori bo‘lsa, tana ko‘p miqdorda suyuqlik yo‘qotadi. Bu qonning quyuqlashuviga olib keladi, natijada qon tomirlardan o‘tishi qiyinlashadi va bosim ortadi. Bu holat esa yurak xurujlari yoki insult xavfini sezilarli darajada oshiradi.
Shu sababli yozda qon bosimini muntazam tekshirib borish juda muhim. Agar sizda gipertoniya bor bo‘lsa, ertalab va kechqurun qon bosimingizni o‘lchab boring. Bu sizga vaqtida xavfli o‘zgarishlarni aniqlab, choralar ko‘rishga yordam beradi.
Kun davomida ko‘p suv iching, ayniqsa toza ichimlik suvi. Suyuqlik tanqisligi, ayniqsa yoshi katta odamlarda, qon aylanish tizimiga salbiy ta’sir qiladi. Shuningdek, kaliy va magniyga boy mahsulotlar — banan, ismaloq, sabzavotlar, ko‘katlar, baklagillar — salomatlikka foydalidir.
Harakatda bo‘lish muhim: engil mashqlar, piyoda yurishlar, velosiped haydash yoki raqs kabi faollik qon aylanishini yaxshilaydi. Yozgi kech salqinida 30-40 daqiqa piyoda yurishni odat qiling.
Quyosh eng faol bo‘ladigan vaqtlarda — soat 11:00 dan 16:00 gacha tashqariga chiqmaslik tavsiya etiladi. Agar chiqish zarur bo‘lsa, yengil kiyim, bosh kiyim va quyoshdan himoya vositalarini ishlating.
Yozgi parhezga e’tibor bering: yog‘li, sho‘r va qovurilgan ovqatlardan voz keching. Ular qon bosimini oshirib, yurak-qon tomir tizimiga zarar yetkazadi. Buning o‘rniga sabzavot, meva, baliq, dukkakli mahsulotlarga boy ratsion foydali.
Xulosa qilib aytganda, yoz faslida qon bosimining ko‘tarilishi ko‘plab omillarga bog‘liq. Biroq ularni nazorat qilish oson. Asosiysi — tanangizni tinglang, sog‘lom turmush tarzini saqlang va shifokor tavsiyalariga amal qiling. Shunda yoz siz uchun xavf emas, sog‘lomlik manbai bo‘ladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar