Avvalo suv ichmaslik oqibatida organizmimizda qanday hodisalar yuz berishini oddiy qilib tushuntirib o‘tsam.
Bizning oshqozon va ichaklarimiz, buyrak hamda jigarlarimiz tabiiy filtr vazifasini bajaradi. Ushbu filtrlar suv yordamida organimizga kelib tushadigan zararli tuzlar, yog‘lar va hokazo chiqindilarning har kunligini har kuni axlatlar orqali chiqarib yuboradi. Bu esa sog‘ligimizning bir maromda saqlanishi, qonimizni normada bo‘lishi, har xil kasalliklarning oldini oladi.
Bir kun suv ichmaslik oqibatida esa kunlik “chiqindi”lar organizmimizga so‘riladi, bir necha oy yoki bir necha yil davomida shu xatolarni takrorlayversak, qonimiz tarkibi buziladi, qon aylanishi yomonlashadi, semirib ketamiz, tuzlar bo‘g‘inlarda yoki buyrakda tosh shaklida to‘plana boshlaydi. Natijada boshqa turli xil kasalliklar ham kelib chiqadi. Bu jarayonda odamning “filtr”lari zo‘riqib ishlaydi. Chunki buyrak va jigarimiz endi oldingi o‘tkazib yuborgan “chiqindi”larni ham tozalashi kerak bo‘ladi: ularga og‘ir vazifa yuklanadi. Ushbu vazifani osonlashtirishimiz uchun biz parhez tutib, faqat tabiiy mahsulotlarni iste’mol qilishimiz, me’yorida toza suv ichishimiz va sport bilan shug‘ullanishimiz kerak bo‘ladi.
Shuni unutmangki, toza suv o‘rnini hech qaysi ichimlik bosa olmaydi (meva va sabzavotlardan tashqari)!
Oxirgi yigirma yillikda deyarli barcha xalqlarda suv o‘rniga qadoqlangan har xil ichimliklarni ichish odatiy holga aylanib bormoqda. Ko‘cha-ko‘yda e’tibor bersangiz, chanqagan odamlar suv o‘rniga turli gazli va gazsiz sun’iy ichimliklarni sotib olmoqda. Bizda ham yoshlarimiz bu odatga me’yoridan ortiq berilib, suvdek muhim ichimlikni ichmay qo‘yishdi.
Bu holat nimalarga olib kelishi mumkin? Yodingizda bo‘lsa, yuqorida buyrak va jigarni filtr vazifasini bajaradi, degan edik. Ushbu filtrlar, deylik shirin choy, koka-kola, kofe, achchiq choy kabi ichimliklarni ichganimizda, ularning tarkibidagi mikroelementlar hazm qilish, saralash va tozalashga kuch sarflaydi. Biroq har doim ham ularni to‘liq tozalay olmaydi. Sun’iy rang, ta’m va hid beruvchi, shakar o‘rniga aspartam kabi shirinlashtirgichlar qo‘llangan, uning ustiga kuchli gazlangan ichimliklar bundan-da yomonroq ta’sir qiladi.
Shukurki, odamzod shunday yaralganki, qancha zararli mahsulot iste’mol qilsa ham, tabiiy filtrlarimiz ularni tozalash uchun shunchalik faol ishlab, imkon qadar to‘liq tozalashga urinadi. Bu har kimda har xil kuzatiladi. Lekin biz shu darajada me’yorni buzib zararli ovqatlanamizki, filtrlarimiz bunchalik “chiqindi”larni chiqarib tashlashga kuch topa olishmaydi. Aksincha, odam immuniteti va jismoniy holati qanchalik yaxshi bo‘lsa, shunchalik darajada filtrlarimiz yaxshi ishlaydi. Demak, zaif odamlarga hatto choy ham zarar qilishi mumkin, lekin faol odamlarga me’yorida ichilgan kofe bezarar ta’sir ko‘rsatishi mumkin, xulosani o‘zingiz chiqaring.
Suv ichmaslikka asosan nimalar sabab bo‘ladi?
Birinchi navbatda yoz paytlarida haddan ziyod ko‘p vaqt konditsionerli xonalarda o‘tirsak, xona, mashina, ofis, barchasi konditsionerlashtirilgan bo‘lsa, salqin havoda suvni kamroq ichamiz. Filtrlashning asosiy ko‘rinishi esa terlash orqali ko‘rinadi. Aksiga olib salqin sharoitda deyarli terlamaymiz. Balki bundan xursand bo‘larmiz, ammo organizm kerakli miqdordagi suvni qabul qilishi, keraklichasini tabiiy yo‘llar bilan chiqarib turishi kerak.
Yana bir asosiy sabablaridan biri shundaki, yoz tugab, kuz fasli kirishi bilan havo salqinlasha boshlaydi. Buning oqibatida ko‘pchiligimiz go‘yoki issiq havoda chanqab suv ichib yurishimiz keragu, salqin havoda shart emasdek suv ichishni kamaytiramiz. Buning evaziga organizmimiz suv ichmaslikka, ya’ni chanqamaslikka kundan-kunga ko‘nikib boradi. Qancha ko‘p suv ichilsa, teskari hodisa bo‘lib, kundan-kunga unga bo‘lgan talab oshib, tez chanqashni boshlaymiz.
Shu sababdan har yili salqin havoda ushbu xatoni takrorlagan odamlarga, agar ularning biror kasalligi bo‘lsa, qanday kasallik ekanidan qat’i nazar, u qo‘zg‘aladi. Ya’ni, qishdan bahorgacha suv ichmaslik oqibatida odam qiynala boshlaydi. Sog‘lom odam esa tobora kasallik sari qadam bosib borayotgan bo‘ladi.
Kuzatishlarim davomida shuning guvohi bo‘ldimki, qish faslida shifoxonalarga yotadigan bemorlarning soni anchaga ortadi. Buning asosiy sabablaridan biri qishda yetarli miqdorda suv ichmaslikdir. Yana boshqa sabablaridan biri esa qishda yozga nisbatan mevalarni kam yeb, shakarli va boshqa notabiiy oziq-ovqatlarni ko‘proq iste’mol qilish hisoblanadi. Buning eng oson va tabiiy yo‘li quruq meva bilan suv ichishdir.
Bir vaqtlar o‘zim umurtqa osteoxondrozi va churra, qon bosimining oshishi, bo‘g‘imlarda tuz yig‘ilish, semizlik, oshqozon yarasi kabilardan aziyat chekar edim. Bu xastaliklar ayniqsa havo salqinlashishi bilan qo‘zg‘alardi. Kuz va qish fasllarida me’yorida suv ichishga odatlanganimdan so‘ng bu muammolardan asar ham qolmagan – barchasidan xolos bo‘lganman.
Har qanday kasallikni davolashda o‘tmishingizga nazar solib, qilgan xatolaringizni tahlildan o‘tkazing. Kasallik sababini aniqlab olib, shunga teskari ish tutib davolaning. Ya’ni suv ichmaslik oqibatida kelib chiqqan kasallikni suv ichish bilan davolasa ham bo‘ladi.
Rashid Usmonov
Manba: usmonov.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi