23:50 / 25.02.2018
16 462

Qonda temir yetishmovchiligi

Qonda temir yetishmovchiligi
Uning o‘rnini qanday to‘ldirish mumkin?
Uyquchanlik, tushkunlik, bosh aylanishi, holsizlik… Qishda o‘zimizda ko‘pincha shu alomatlarni sezamiz. Ko‘pincha bu qonda temir yetishmasligi sababli yuzaga keladi.

Gemoglobin — qondagi tarkibida temir bo‘lgan oqsil bo‘lib, uning qish mavsumida yetishmasligi immunitetni tushirib yuborishi, holsizlik keltirib chiqarishi, mehnat samaradorligi va diqqatni susaytirishi, O‘RVIga chalinish ehtimolini oshirishi mumkin. Biroq bu belgilar yanada jiddiy kasallik — gepatit, qon kasalligi, kamqonlik, sil, o‘pka va boshqa a’zolar yallig‘lanishiga aylanib ketishi ham mumkin.

Gemoglobin miqdorini poliklinikada qon topshirib aniqlash mumkin. Qon topshirishdan oldin ovqatlanish va ko‘p suyuqlik ichish tavsiya etilmaydi. Ko‘rsatkichlar shunga bog‘liq bo‘ladi. Ba’zilar past gemoglobin – vaqtinchalik holat deb o‘ylashadi. Ammo tahlil natijasiga jiddiy qarash: temir yetishmovchiligini vaqtida aniqlab, o‘rnini to‘ldirish chorasini ko‘rish kerak. Erkaklarda gemoglobin 120-160 g/l, ayollarda 114-150 g/l bo‘lishi lozim.

To‘g‘ri, qishda do‘kon peshtaxtalarida yangi sabzavot va mevalarni topish mahol, ammo qondagi temir miqdorini oshirishga yordam beradigan mahsulotlar yetarli.

Holva. Bu sharqona shirinlik ko‘rish qobiliyati va onkologik kasalliklarning oldini olishda foydali bo‘libgina qolmay, unda gemoglobin miqdoriga ta’sir qiladigan temir moddasi ko‘p miqdorda mavjud. Shirinlik yanchilgan kunjut, yong‘oq, pistadan tayyorlanadi. Bu mahsulotlar esa o‘z holicha nafaqat temir, balki Ye, V vitamini, fosfor, rux va kalsiyga boy.

Go‘sht. Qishda ko‘proq go‘sht yeyish kerakligini hamma biladi. Yaxshi pishgan go‘sht bo‘lagi sizni yarim kunga quvvat bilan ta’minlaydi, kamroq sovqotasiz. Asosiysi, hayvon oqsili qon hujayralari me’yoriga kelishiga yordam beradi. Taomnomada har doim mol, quyon, buzoq go‘shti, jigar, til bo‘lishi lozim. Gemoglobin miqdorini me’yorida saqlash uchun kuniga 50 g go‘sht yeyish kifoya. Oshirish uchun esa – kuniga kamida 100 g.

Quritilgan qo‘ziqorin. Quritilgan qo‘ziqorindan tayyorlangan sho‘rva — nafaqat mazali tushlik, balki organizmdagi temir moddasini ko‘tarish uchun ajoyib vosita ham. 100 grammda bu modda kamida 30 mg bor. Kuniga atigi 50 gramm iste’mol qilinsa —ko‘rsatkichlar me’yorga keladi. Ammo qo‘ziqorinlar sifati va xavfsizligiga ham albatta e’tibor berish zarur.

Dengiz mahsulotlari. Mayda qisqichbaqa, mollyuskalar, kalmar, ikra — dengiz mahsulotlari vitaminlarga boy. Gemoglobinni ko‘tarishda ham foydali. Do‘konlarda asosan muzlatilgan mahsulotlarni topasiz, ammo bunday shaklda ham foydali moddalarning kattagina qismi saqlanadi.

Bug‘doy kepagi. 100 g mahsulotda 15 mg temir, shuningdek, gemoglobin sintezida ishtirok etadigan V guruhi vitaminlari bor. Nonushtaga juda mos keladi, ammo bug‘doy kepagiga ruju qo‘yish yaramaydi. Hazm qilish tizimida muammo bo‘lmasligi uchun kuniga 30 gdan ko‘p kepak yemasligi kerak.

Dengiz karami. Karamdagi temir kamqonlikning oldini oladi, qon hosil bo‘lishi jarayonini faollashtiradi. Profilaktika va davo maqsadida kuniga 2 choy qoshiq iste’mol qilish yetarli. Eng ommalashgan va oson tayyorlanadigan taomlar — funchoza, qaynatilgan tuxum, jo‘xori, no‘xat qo‘shilgan salatlar.

Lavlagi. Lavlagidan tayyorlangan tabiiy sharbat yoki kvas juda samarali. Ammo uni muntazam iste’mol qilish kerak. Ichimlik yaxshi singishi uchun tayyorlagandan so‘ng yarim soat sovutgichda saqlagan ma’qul. Yoqimli ta’m berish uchun unga olma yoki sabzi sharbati qo‘shish mumkin.

Anor. Ko‘plab foydali moddalarga ega ajoyib meva. Anor sharbatini muntazam ichish kerak, ammo oz miqdorda. Do‘kondan sotib olmay, uyda mustaqil tayyorlagan va yangiligicha iste’mol qilgan ma’qul. Ammo oshqozon bilan jiddiy muammolar bo‘lsa, anor sharbati iste’mol qilmagan yaxshi.

Quruq mevalar va yong‘oqdan tayyorlangan vitaminli aralashma. Mayiz, qora olxo‘ri, bargak, yong‘oqni teng miqdorda olib, yaxshilab aralashtiring. Go‘shtqiymalagichdan chiqarib, ozgina asal qo‘shing. Kuniga olti osh qoshiqdan yeng.

Sabzi sharbati. Yangi siqilgan sabzi sharbati — gemoglobin miqdorini oshirishda samarali vosita. Kuniga 300-400 ml sharbat ichish organizmga foyda keltiradi. Uni teng nisbatda lavlagi sharbati va asal bilan aralashtirish mumkin. Ammo stakanlab emas, kuniga uch mahal oz-ozdan ichish kerak.
SЕVINCH tayyorladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Qonda temir yetishmovchiligi