First Satellite Network for Early Detection of Wildfires Launched

Yer yuzida oʻrmon yongʻinlarini ular keng tarqalishidan avval ilk bosqichda aniqlashga moʻljallangan dunyodagi ilk maxsus sunʼiy yoʻldoshlar turkumi oʻz faoliyatini boshladi. ixbt.com nashrining yozishicha, Muon Space kompaniyasi tomonidan yaratilgan FireSat deb nomlangan mazkur orbitadagi guruhning dastlabki uchta apparati muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazildi. Yangi tizim yongʻinlarni fojiali tus olishidan oldin tezkorlik bilan lokalizatsiya qilish va ularning oldini olishda muhim qadam boʻlishi kutilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Maʼlum qilinishicha, ushbu loyiha Muon Space tomonidan Earth Fire Alliance (EFA) not tijorat tashkiloti bilan hamkorlikda hamda Google koʻmagida amalga oshirilgan. Mazkur ishlar doirasida orbitaga chiqarilgan Protoflight nomli prototip bir yil davomida milliondan ortiq multispektral tasvirlarni toʻplab, oʻzining yuqori samaradorligini amalda isbotlagan edi. Jumladan, ushbu sinov qurilmasi boshqa kuzatuv tizimlari eʼtiboridan chetda qolgan AQShning Oregon shtatidagi kichik yongʻin oʻchogʻini ham muvaffaqiyatli aniqlagan.
Texnik imkoniyatlar va sunʼiy intellekt
FireSat loyihasining dastlabki sunʼiy yoʻldoshlari pastki yeroldi orbitasiga moʻljallangan Condor-M platformasida barpo etilgan. Har bir apparat bir vaqtning oʻzida oltita diapazonda ishlaydigan ilgʻor multispektral infraqizil kamera bilan jihozlangan. Bu esa taxminan 1,5 kvadrat metr maydondagi kichik issiqlik manbalarini ham aniqlash, yongʻinlarni bulutlar va tutun ortidan turib ham koʻra olish imkonini beradi. Shuningdek, turli turdagi maʼlumotlarni tahlil qilish orqali yolgʻon signal berish holatlari sezilarli darajada qisqartirilgan.Sunʼiy yoʻldoshlar maʼlumotlarni toʻgʻridan-toʻgʻri kuzatuv jarayonida qayta ishlash uchun Muon Halo platformasidan foydalanadi. Tizimga Google ishtirokida ishlab chiqilgan sunʼiy intellekt elementlari integratsiya qilingan boʻlib, uning algoritmlari yangi olingan suratlarni hududning minglab avvalgi tasvirlari bilan taqqoslaydi. Ob-havo sharoitlari va boshqa muhim parametrlarni hisobga olgan holda, aniqlangan issiqlik anomaliyasi haqiqiy yongʻin ekanligi aniqlanadi va xizmatlarga xabar beriladi.
Kelajakdagi rejalar va ekologik ahamiyat
Hozirgi vaqtda uchta FireSat apparati yongʻin xavfi yuqori boʻlgan hududlarni kuniga ikki marta suratga olish imkoniyatiga ega. Kelgusida Earth Fire Alliance va Muon Space kompaniyalari ushbu turkumni naq 50 ta sunʼiy yoʻldoshgacha kengaytirishni rejalashtirmoqda. Tizim toʻliq ishga tushgach, Yer yuzining istalgan nuqtasini har 20 daqiqada kuzatib borish imkoniyati yaratiladi. 2029 yilga borib esa eng zaif hududlarni har soatda monitoring qilish koʻzda tutilgan.Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bunday texnologiyalarning yaratilishi oʻrmon yongʻinlarining koʻlami kengayib, ularning yanada uzoq davom etayotgani va shiddatli tus olayotgani bilan bogʻliq. AQSh Milliy idoralararo yongʻin markazi (National Interagency Fire Center) maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning dastlabki oylarida mamlakatda minglab yongʻinlar sodir boʻlib, ulardan millionlab gektar hududlar zarar koʻrgan. Yangi sunʼiy yoʻldoshlar tarmogʻi kichik oʻchoqlarni oʻz vaqtida aniqlab, qutqaruv xizmatlarini tezkor yoʻnaltirish va tabiatga yetkaziladigan zararni kamaytirish imkonini beradi.























Comments 0
…