date
views 3 068

Rossiyada portlashlar va yong‘inlar. Ukraina Rossiya hududiga zarba berishga haqli ekanini aytmoqda

Rossiyada portlashlar va yong‘inlar. Ukraina Rossiya hududiga zarba berishga haqli ekanini aytmoqda
Foto: MARIA PANTYUKHINA/TASS
Rossiyaning uch regioni - Belgorod, Kursk va Voronej oblastlari rasmiylari chorshanbaga o‘tar kechasi ro‘y bergan portlashlar haqida xabar bergan, FXX esa Belgorod oblastidagi transport infratuzilmalari ob’ektlariga diversiya uyushtirishga tayyorlangan ikki nafar rossiyalik qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

Belgorod
Portlashlar haqidagi birinchi bo‘lib Belgorod gubernatori Vyacheslav Gladkov xabar berdi, u «taxminan soat 3:35 atrofida portlashnikiga o‘xshash kuchli ovozdan uyg‘onib ketgani» haqida yozdi.

«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Eski Nelidovka qishlog‘i yaqinida o‘q-dorilar ombori yonmoqda. Turar joy binolari, uylar vayron bo‘lgani haqida ma’lumotlar yo‘q. Tinch aholi orasida jabrlanuvchilar yo‘q», deya yozgan u telegram kanalida.

27 aprel kuni voqea joyida bo‘lgan RIA Novosti muxbiri qishloqdagi yong‘in o‘chirilganini xabar qildi.

Staraya Nelidovka Belgorod shahri atrofidan Ukraina bilan chegara tomon yo‘nalishda 10 km masofada joylashgan. Belgorod oblastida bunga qadar ham portlashlar kuzatilgandi. Rasmiylar Ukraina hududidan uchib kelgan snaryadlar Juravlevka qishlog‘ida portlagani haqida xabar berishgan.

29 mart kuni gubernator Qizil Oktabr qishlog‘ida o‘q-dori omboridagi yong‘indan keyin portlashlar ro‘y bergani haqida xabar qilgandi. 1 aprel tongida u Belgoroddagi neftbazada ukrainlarning ikki jangovar vertolyoti zarbalaridan keyin yirik yong‘in ro‘y berganini xabar qildi. Rossiya mudofaa vazirligi Ukrainani bazaga hujum qilishda ayblagan. Kiyev bu hujum uchun mas’uliyatni rasman o‘z zimmasiga olmagan.

Kursk
Portlashlar haqidagi keyingi xabar Kursk oblasti gubernatori Roman Starovoyt tomonidan berildi. «Bugun tunda, soat 2:45 da, Kurskda yashovchilar kuchli ovozlarni eshitishdi. Hodisa tafsilotlari aniqlashtirilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlagan. Qurbonlar va vayrongarchiliklar yo‘q», deya yozdi u telegram-kanalida.

Keyinroq u Kursk oblasti osmonida ukrainlarning uchuvchisiz uchig qurilmasi to‘xtatilgani haqida xabar qildi: «Havo hujumidan mudofaa tizimimiz pand bermadi, tezkor va samarali harakat qilindi. Hech kim jabrlanmagan, vayrongarchiliklar yo‘q».

Ikki kun muqaddam kurskliklar gubernatori Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi Borovskoye qishlog‘ida ukrainlarning ikki droni urib tushirilganini ma’lum qilgandi, mart oyi boshida esa Tetkino posyolkasida qisqa tutashuv tufayli harbiy mashina portlab ketgani xabar qilingan - uni shakar zavodi hududida ta’mirlashayotgandi. Rossiya nashrlari Kursk oblasti hududidagi portlashlar haqida boshqa xabar berishmagan.


Voronej
Voronej gubernatori Aleksandr Gusev uchinchi bo‘ldi. Tongda u telegram-kanalida uning oblastida havo hujumidan mudofaa tizimi «kichik o‘lchamdagi razvedkachi dron aniqlangani va urib tushirilgani»ni xabar qildi. Gusevnng bayonotidan, Voronejda ham, avvalgi ikki holatdagi kabi, hech kim jabrlanmagani aytilgan.

«[Voronej]ning Shilovo rayonida ikki marta kuchli ovoz eshitildi», - degan TASS muxbiriga mahalliy ma’muriyat xodimi.

Mahalliy aholi vakillari ijtimoiy tarmoqlarda havo hujumidan mudofaa tizimi soat 04:40 atrofida ishlay boshlagani haqida yozishgan. TASS xabariga ko‘ra, ikki marta samolyotlar havoga ko‘tarilgan, Shilovo Baltimor harbiy aerodromi yaqinida joylashgan. Bu yerdan Ukraina bilan chegaragacha 180 kilometr atrofida.

Shu vaqtgacha Voronej oblastidan Ukrainaga qarshi urush bilan bog‘liq hodisalar ro‘y bergani haqida xabarlar kelib tushmagandi. Ammo oblastning chegaradagi ikki rayonida terrorchilik xavfining yuqori darajasi e’lon qilingan. Shu kabi qarorlar Belgorod, Kursk va Bryansk oblastlarida ham qabul qilingan.

Bryansk oblastida uch kun muqaddam «Transneft» neftbazasida kuchli yong‘in yuzaga keldi. Yong‘in sabablari haqida rasman ma’lum qilinmagan. Mahalliy aholi ikki portlash haqida aytgan, ayrim manbalarda bu yong‘in ukrain dronlari hujumlari oqibatida ro‘y bergani aytilgan.

Chorshanba kuni Rossiya tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin «Ukraina qurolli kuchlarining Kursk va Voronej oblastlari hududlaridagi noqonuniy harakatlari faktlarini hujjatlashtirish»ga ko‘rsatma bergan.

Ukraina
Ukraina hukumati Rossiya hududiga dronlar uchirilgani va o‘q-dori omborlaridagi portlashlar bo‘yicha ma’lumot bermagan. Bu borada Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixail Podolyak norasmiy shaklda izoh berdi.

«Belgorod, Voronej, Kursk oblastlari ham endi «demilitarizatsiya» tushunchasini faol o‘rganishni boshlamoqda. Qurolsizlantirish. Rossiyaning bu oblastlarida tez-tez RF armiyasi zirhli mashinalarini yonilg‘i bilan ta’minlovchi yirik bazalar yonib ketmoqda va o‘q-dori omborxonalari portlamoqda. Turli sabablarga ko‘ra.

Buni qanday tushuntirish mumkin? Juda oddiy. Agar siz (rossiyaliklar) boshqa davlatga ommaviy hujum qilishga, u yerdagi barchani ommaviy ravishda o‘ldirishga, tinch aholini tanklar bilan tor-mor etishga va qotilliklarni ta’minlash uchun hududlaringizdagi omborlardan foydalanishga qaror qilsangiz, ertami-kechmi buning badalini to‘lash kerak bo‘ladi. Rossiya harbiylarining Ukrainadagi bunday intensiv va keng ko‘lamli bosqini panada qolmaydi. Va shuning uchun qotillarning Belgorod-Voronejdagi omborlari qurolsizlanishi — mutlaqo tabiiy jarayondir. Karma shafqat bilmaydi.

Yana takror aytaman: chegara hududlaridagi harbiy infratuzilmalarning vayron qilinishi turli sabablarga ko‘ra bo‘lishi mumkin. Muqaddas hafta davomida Ukrainaning Mariupolida odamlarni ommaviy o‘ldirgan gunohkorlarning ishlariga ilohiy aralashuvgacha…
», deya yozgan u telegram-kanalida.

Mixail Podolyak 27 aprel kuni kechqurun tvitter sahifasida bundan keyin Rossiyaning Ukraina bilan chegaradagi ob’ektlari portlashi ko‘proq bo‘lishidan ogohlantirdi. «Mojaroning bunday intensivligi Rossiyaning chegaradosh hududlarida ham aks etishi tayin. U yerda vahima kayfiyati kuchayadi, omborxonalar portlaydi», — degan u.

U 28 aprel kuni tvitterida Ukraina har qanday yo‘l bilan himoyalanishni aytib o‘tdi.

«AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Ukraina Rossiyaning harbiy ob’ektlariga zarba berish-bermaslik bo‘yicha o‘zi qaror qilishi kerakligini aytdi. Rossiya Ukrainaga hujum qilib, tinch aholini o‘ldirmoqda. Ukraina har qanday yo‘l bilan, jumladan, rossiyalik qotillarning omborxonalari va bazalariga hujumlar qilish vositasida himoyalanadi. Dunyo bu huquqni tan oladi», — deya yozgan Podolyak tvitter sahifasida.

FSB
Rossiya hududlarida portlashlar, dronlar va havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlayotgani fonida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati chorshanba kuni go‘yoki Belgorod oblastidagi «transport infratuzilmasi ob’ektlaridan birida» qo‘poruvchilik harakati sodir etishga tayyorlangan ikki rossiyalik qo‘lga olingani haqida ma’lum qildi. Maxsus xizmat ularni «ukrain natsizmi tarafdorlari» deb atagan.

Maxsus xizmat qo‘lga olinganlarning so‘roq qilinishi jarayoni aks etgan videoni namoyish etgan. Ular aytgan so‘zlar so‘roq bayonnomalarida yozilgan so‘zlarni eslatadi.

«Men harbiy eshelonlar qaysi yo‘llarda harakatlanishini bilish uchun temiryo‘lni kuzatdim. Shuningdek, yo‘lning tuzilishi va uni yaroqsiz holatga keltirish usullarini o‘rgandim», deydi ulardan biri. Ikkinchisi esa ular go‘yoki «vintlarni burab, mahkamlagichlarni yumshatish orqali temiryo‘lga zarar keltirish»ni rejalashtirishgani haqida aytadi. «Bu harakatlarning barchasi internetda ma’lumot tarqatish orqali ommaga oshkor etilishi lozim», deydi videoda gapirgan maxsus xizmat xodimi.

Aprel oyi boshida Belarusda o‘nlab temiryo‘lchilar sabotaj faoliyati uchun qo‘lga olingan bo‘lishi mumkinligi xabar qilingandi. Ular mart oyi davomida Rossiya harbiy texnikalari tashilgan temiryo‘llarni ishdan chiqarish va rossiyalik harbiylar ta’minotiga zarba berish bila shug‘ullangani aytiladi. Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich ham «rels urushi» olib borishga chaqirgan.

FSB Belgorod oblastida qo‘lga olingan shaxslarni ukrainlarning «Mirotvores» saytiga Ukrainada jang qilayotgan rossiyalik harbiy xizmatchilarning ma’lumotlarini jo‘natishda ham gumonlamoqda. FSBning tasdiqlashicha, ular o‘z harakatlarini askilrossiya pozitsiyasi bilan izohlashgan. Tergovchilar RF JKning 281-moddasi (sabotajga tayyorgarlik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Bu modda 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosini nazarda tutadi.

Ikki kun muqaddam Rossiya hukumati telepropagandachi Vladimir Solovyov va yana besh nafar rossiyalik telepropagandachilarning hayotiga suiqasd qilishni rejalashtirgan olti nafar rossiyalik qo‘lga olingani haqida xabar qilgandi.

Dnestrbo‘yi
Rossiyaning chegaradosh oblastlaridagi xabarlar bilan parallel ravishda Dnestrbo‘yidan ham xabarlar kelishi davom etmoqda. Bu haftada Moldovadagi ayirmachilar hududida qator portlashlar ro‘y bergani ma’lum qilindi, tan olinmagan respublika rahbari Vadim Krasnoselskiy Ukraina rahbariyatini Ukraina hududidan kirib kelgan va teraktlar sodir etgan jangari guruhning «noqonuniy harakati faktlari»ni tekshirishga chaqirdi.

Chorshanba kuni Dnestrbo‘yi IIV Ukraina tomondan turib Kolbasna qishlog‘i hududidagi qurol-yarog‘ omborxonasi o‘qqa tutilgani haqida ma’lum qildi, bu yerda sobiq sovetlar ittifoqining 14-armiyasining qurol omborxonasi joylashgan. OAV uni Yevropadagi eng yiriklaridan biri deb ataydi.

IIV tunda qishloq ustida Ukrainadan uchirilgan bir necha uchuvchisiz uchar qurilmalar qayd etilgani, tongda esa qishloq tomon o‘t ochilganini ma’lum qilgan. Jabrlanuvchilar yo‘q. Kolbasna qishlog‘idagi omborxonani rossiyalik tinchlikparvar kuchlar qo‘riqlaydi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Dnestrbo‘yidagi vaziyat bo‘yicha Moldova prezidenti Mayya Sandu bergan bayonotga qo‘shilishini bildirdi. Sandu portlashlarni region ichkarisidagi kuchlarning qarama-qarshiligi bilan bog‘lagandi. Tiraspoldagilar esa buni rad etadi.

Arestovich agar Moldova hukumati buni so‘rasa, Ukraina Dnestrbo‘yini o‘z nazoratiga olishga tayyorligini aytdi, Kreml bunga munosabat bildirib, buni provokatsion bayonot deb atadi. Moldava hukumati Dnestrbo‘yini o‘z nazoratiga qaytarishga harbiy jihatdan qodir emasligini ma’lum qilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyada portlashlar va yong‘inlar. Ukraina Rossiya hududiga zarba berishga haqli ekanini aytmoqda