Henri Kissinjer Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan bir necha bor yuzma-yuz uchrashgan.
Foto: RIA «Novosti»
Rossiya hamda Xitoy ittifoqi abadiy bo‘la olmaydi, deb hisoblaydi AQSH sobiq davlat kotibi Henri Kissinjer The Financial Times nashriga bergan intervyusida.
Oqsoqol diplomat Moskva va Pekinning qilo‘tmas do‘st bo‘lib ketishi G‘arb manfaatlariga zid ekanini ochiq e’tirof etgan. Ta’kidlanishicha, Oq uyning ikki davlatga dushmanlarcha munosabati ularni favqulodda yaqinlashtirishi mumkin. Shunga ko‘ra, Rossiya va Xitoyga nisbatan oqilona siyosiy yondashuv ishlab chiqish tavsiya etilgan.
Xabaringiz bor, Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, kollektiv G‘arbning qaqshatqich sanksiyalariga nishon bo‘ldi, Kreml katta siyosatdan deyarli ihotalandi. H.Kissinjerga ko‘ra, Xitoy ayni paytda Rossiya tushib qolgan mushkul holatga ro‘baro‘ bo‘lmaslik ustida bosh qotirmoqda.
Tahlillarga qaraganda, darhaqiqat, Xitoy og‘ir tanlov qarshisida qolgan. Bir tomondan, yaqin ittifoqchisi sanalgan Rossiya nainki diplomatik-siyosiy dalda, balki harbiy ko‘mak ham kutmoqda. Ikkinchi tomondan, xalqaro maydonda deyarli yakkalanib qolgan ittifoqchiga ko‘mak qo‘lini cho‘zish ikkilamchi sanksiyalar joriy etilishiga olib kelishi mumkin.
Bir necha oy avval Rossiya va Xitoy rahbarlari Pekinda Qishki Olimpiada o‘yinlari bahonasida uchrashgan edi. Ikki yetakchi nomidan e’lon qilingan qo‘shma bayonotda «Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi do‘stlik chegara bilmasligi» e’lon qilingan edi. Ammo Ukrainaga qarshi urush boshlangach, Pekinning Moskvaga nisbatan munosabati o‘zgarishga uchradi. To‘g‘ri, Xitoy tomoni rasman Rossiyaga birdamlik izhor etib, mavjud beqarorlikda G‘arb mamlakatlarini ayblamoqda. Ammo amalda Xitoy Ukraina masalasida o‘ta ehtiyotkor yo‘l tutmoqda. Avvalo, hududiy yaxlitlik, chegaralarning majburiy tartibda o‘zgartirilishi Pekin manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki mamlakatning o‘zida hududiy nizolar yetarli.
Boz ustiga, Xitoy tomoni Rossiyaga sheriklik ortidan sanksiyalarga uchrashni aslo istamaydi. Ayni paytda Xitoy jadal taraqqiyot orqali dunyoning birinchi iqtisodiyotiga aylanishni ko‘zlamoqda. G‘arb sanksiyalari esa bu maqsadni yo‘qqa chiqarishi, dunyoning oltidan bir aholisi yashayotgan o‘lkaga ortiqcha moliyaviy muammolar tug‘dirishi tayin. Shunga ko‘ra, «osmonosti mamlakati» moliya institutlari va yirik shirkatlari G‘arb moliyaviy jazo hamda cheklovlariga rioya etishga majbur bo‘lmoqda. Masalan, yaqinda Xitoyning DJI Technology kompaniyasi Rossiyada faoliyat to‘xtatilganini e’lon qildi. Uchuvchisiz qurilmalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik shirkatning Rossiya bozoridan ketishi zanjir reaksiyasiga aylanishi istisno etilmayotir.
Sirasini aytganda, iqtisodiy omillar Pekinni Moskva bilan osh-qatiq bo‘lishdan tiyib turgan asosiy jihatlardan biri sanaladi. Xitoyning yalpi savdo aylanmasida Rossiyaning ulush bor-yo‘g‘i 2 foizni tashkil etadi. AQSH va YEI ulushi esa bir necha hadli raqamlarni tashkil etadi. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi