Stalin Gitler kabi to o‘z o‘rnini topguncha o‘smirligi va yoshligida maslaksiz kezib yurgan emas. Stalin nafaqat o‘smirligidan nimani istashini yaxshi bilardi, balkim u o‘smirligidayoq bu yo‘lda amaliy saboqlar olgandi.
XX-asrning boshida Rossiya, bir tomondan, juda katta va yetarli darajada rivojlangan saltanat edi, shunga qaramay, ikkinchi tomondan, uning uchdan ikki qism aholisi savodsiz va qashshoq edi. Ijtimoiy-siyosiy tizim rivojlanmagan, siyosiy ong darajasi iqtisodiy taraqqiyot darajasidan juda orqada edi. Shu sharoitda kattaroq sanoat shaharlarida o‘zini marksistlar yoki sotsial-demokratlar atovchi inqilobchilar guruhlari paydo bo‘la boshladi. Ular o‘zlarini ishchilar orasiga safarbar qilib, namoyishlar va ish tashlashlarni tashkil qila boshladilar. Ayrim iqtisodiy-ijtimoiy talablarning qondirilganidan ruhlangan markschilar endi siyosiy talablarni ham ilgari sura boshladilar.
Bu alg‘ov-dalg‘ovni uyushtirib yurganlar orasida 1901 yil oxiridan «Lenin» laqabi bilan tanila boshlagan Vladimir Ulyanov ham bor edi.
1898 yilda Minskda yig‘ilgan s’ezdda partiyani tuzolmagan markschilar 1900 yil oxiridan xorijda «Iskra» nomli yashirin gazeta chiqaradilar va 1903 yilda Londonda sotsial-demokratik partiya ta’sis etadilar.
Stalin «Iskra»ning ilk sonidanoq xayrixoh bo‘ladi va Marks hamda Lenin g‘oyalarini o‘ziga jo qiladi. Taqvodor bo‘lish orzusidan u butkul voz kechdi va o‘zini inqilobiy taloto‘mga urdi, partiyaga mablag‘ yetkazib berish uchun kassalarni o‘mardi, to‘garaklarda notiqlik qildi, qamaldi, surgun qilindi…
Stalinning Batumidagi mahalliy partiya qo‘mitasining majlislarida o‘zini tutishini o‘sha paytda yoshgina inqilobchi qiz bo‘lgan F.Knunyans shunday tasvirlaydi: «U hamma gapirib bo‘lgunicha, jim eshitib o‘tirardi. O‘zi eng oxirida so‘zlar edi. Shunday qilib, u kutib o‘tirar, hammani eshitar va o‘z fikrlari bilan ichida taqqoslar… va o‘z so‘zini majlisning yakunlovchi so‘nggi zarbi sifatida jaranglatardi. Shundanmi, uning so‘zlari qandaydir alohida ahamiyat kasb etardi». Stalin ana shu majlislarda partiyaviy o‘yinlarning mashqini olib borardi.
Shundan so‘ng Stalinni qamoqqa oladilar va Shimolga – Vologdaga surgun qiladilar. Nikita Xrushchevning eslashicha: «Stalin ko‘pincha shunday derdi: «O‘zimning birinchi surgun qilinishim vaqtida jinoyatchilar orasida bir necha durustgina yigitlarni uchratdim. Men faqat ular bilangina muloqot qilardim… Bu jinoyatchilar a’lo yigitlar edi - haqiqiy yerning mag‘zi shular edi. Siyosiy mahbuslar orasida esa kalamushfe’llar ko‘p edi». Stalinning aqlli odamlarni yoqtirmasligi, faqat qotillar bilan til topa olishi o‘sha paytlardayoq ma’lum ekanini bu parcha isbotlab turibdi. Keyinchalik ham Stalin davlat tepasiga o‘tirgach, o‘z yoniga Beriya, Vishinskiy, Yejov, Yagoda kabi jinoyatchilarni to‘pladi, Buxarin, Trotskiy, Kamenev, Fayzullo Xo‘jayev kabi siyosatchilarni o‘ldirtirdi.
Umuman, Stalin nazariy munozaralarni, muzokaralarni yoqtirmasdi, ya’ni u demokratiyaga qarshi edi. Ko‘pincha siyosatdonlar hokimiyat lazzatini totgach, asta-sekin ayniydilar, zolimlashadilar. Stalin esa azaldan «tartib» tarafdori edi. Mana, uning hali hokimiyat ko‘rmasidan ko‘p yillar oldin, 1905 yil 1 yanvarida yashirin matbuotda chop etilgan «Proletariat sinfi va proletariat partiyasi» maqolasidan iqtibos: «…Kurashayotgan proletariatni boshqarishni maqsad qilgan partiya yakka odamlarning tasodifiy to‘dasi emas, mustahkam markazlashgan tashkilot bo‘lishi kerak».
Stalin uchun marksizm ham mafkura sifatida qadrli emas, u hatto 1909 yilda «Bakinskiy rabochiy» gazetasida partiyaning Boku qo‘mitasining qarorini chop ettirib, hatto Leninga dialektik materializmning ayrim tushunchalarini qayta ko‘rib chiqish masalasida falsafiy bahslarni qo‘zg‘ab, bolshavoylar fraksiyasini parchalayotganligi uchun e’tiroz bildiradi. Tasavvur qiling, Stalin uchun dialektik materializmning ayrim qirralarida xato bo‘lsa-da, buni tuzatish muhim emas. U nafaqat nazariyada, balkim strategiya va taktikada ham «birlik», ya’ni dohiyga itoatkorlik bo‘lishi tarafdori edi.
Stalinning biograflaridan biri Isaak Doycher shunday yozgandi: “U nafaqat ezuvchilarga – pomeshchiklar, kapitalistlar, ruhoniylar va jandarmlarga, balkim eziluvchilarga – o‘zi himoya qilishga chog‘lanayotgan ishchilar va dehqonlarga ham ishonchsizlik va shubha bilan qarardi. Uning talqinidagi sotsializmda aybdorlik tuyg‘usi yo‘q edi… Yuqori tabaqadan chiqqan inqilobchilar uchun sinfiy nafrat asosiy tuyg‘u bo‘lmay, ularning nazariy qarashlarining hosilasi edi. Stalinning sinfiy nafrati esa ikkilamchi emas, uning aynan asosiy tuyg‘usi edi. Uning sotsializmi sovuq, hushyor va shafqatsiz sotsializm edi».
Stalinni hech kimning ishonchini qozonmagan va o‘zi ham hech kimga ishonmaydigan, nopisandlikni sira unutmaydigan, o‘zi bilan bahslashgan yoki uni inkor etgan odamni sira kechirmaydigan shaxs sifatida bilishardi. Shu odam yashirin o‘yinlari oqibatida keyinchalik ulkan bir mamlakatning tepasiga kelib, o‘ttiz yil elning tinkasini quritadi, deb o‘shanda hech kim o‘ylagan ham emasdi.
Stalin, garchand hokimiyatga kelganidan so‘ng inqilob tarixini o‘ziga qulay tarzda boshqatdan yozdirgan bo‘lsa-da, aslida inqilob paytida sezilarli shaxs bo‘lgan emas. U asosan qaroqchilikda – partiyaga mablag‘ topish uchun bank va pochta ekipajlarini «ekspropriatsiyalash»da nom chiqargan edi.
Keyingi sho‘ro mafkurachilarining yetmish yillik tashviqotlariga qarmasdan, aslida bolshavoylar 1917 yilning avgustigacha inqilobiy jarayonda sezilarli o‘rin tutgan emaslar. Ulardan ko‘ra eserlar va menshavoylarning omma orasida ham, Sovetlarda ham tarafdorlari ko‘p edi.
Lenin va bolshavoylar ham, boshqa sotsialistik partiyalar ham inqilobni amalga oshirganlari yo‘q. Dehqonlarni yer masalasi azaldan norozi qilib kelardi, armiya oziq-ovqat yo‘qligidan isyon holatida edi, iqtisodiy-siyosiy tanazzul iskanjasida mamlakat g‘ala-g‘ovurga to‘lgan, xalq holdan toygan edi va bu holatni bolshavoylar, marksistlar yaratgan emasdi. Bu holatni chorizm yaratgandi.
Makkor Leninning «daho»ligi shunda bo‘ldiki, u yuzaga kelgan vaziyatda nima qilish kerakligini anglab yetdi va diltortar shiorlarni – urushlardan bezgan askarlarga - «tinchlik», och-nahor dehqonlarga – «yer», tinka-madori qurigan aholiga - «non», tartibsizliklardan ezilgan fuqarolarga «ishchilar nazorati»ni va’da qildi.
Rossiyani yemirishdan manfaatdor nemislarning qo‘llab-quvvatlashi va Ovro‘poning xayrixohligi natijasida xorijda turgan Lenin kerak paytda boshqa inqilobchi jangarilar bilan Olmoniya xududi orqali Shvetsiyaga, 1917 yil 3 aprelda Petrogradning Fin vokzaliga yetib keldi.
Stalin Lenin kelishidan uch hafta oldin Petrogradga kelib bo‘lg‘usi qaynatasining uyida bekinib yashayotgan edi. Stalin bilan Muranov va Kamenev kabi inqilobchilar ham Sibirdan qaytib keldilar va muhim o‘rinlarni egalladilar. Stalin Leninning «bevaqt o‘limi»dan so‘ng uning «inqilobdagi qahramonliklari»dan xabardor bu safdoshlarning barini yo‘q qilib yubordi, albatta.
Lenin Stalinni o‘z to‘dasiga kiritishiga sabab shu ediki, u, Leninning fikricha, «mas’uliyatli topshiriqlarni a’lo darajada bajaruvchi» edi. Stalin o‘ziga xos fikrlovchi fozil odam emasdi, Trotskiy va Kamenev kabi zakovatli mutafakkir, ziyoli ham emasdi, Leninga o‘xshab olomonni ortidan ergashtira oladigan partiya yo‘lboshchisi ham emasdi, ammo aynan u har qanday topshiriqni bersa, bajara oladigan «ijrochi», orqada, panada turib muhim kazzoblik va qallobliklarni amalga oshira oladigan «tashkilotchi» edi. Bu «fazilatlar»i tufayli Lenin uning chalasavodligi, qo‘polligi, beshafqatligini ko‘rmaslikka olishga tayyor edi. Qolaversa, Leninga inqilobiy vaziyatda siyosiy bahsu munozaralarga boshi bilan sho‘ng‘ib ketadigan mutafakkirlardan ko‘ra Stalinday kallakesarlar ko‘proq kerak edi.
Stalin «Pravda» gazetasi uchun tez-tez oqilona maqolalar yozmas, uzundan-uzoq muzokaralarda tortishib yurmas, bu tinka qurituvchi mafkuraviy ishlarni so‘zamol Leninga qo‘yib, o‘zi orqa planda tashkiliy ishlar, turli ijtimoiy tabaqalar bilan aloqa o‘rnatish, ish tashlashlar va namoyishlar uyushtirish bilan shug‘ullanardi. Stalinning ana shu «uyushtirish» va «tashkillashtirish» iste’dodi keyinchalik unga Lenin va uning safdoshlaridan hokimiyatni tortib olishida qo‘l keldi hamda aynan ana shu aholining ongsizligi va tobeligini tinimsiz «tashkillashtirish» va «uyushtirish» Stalin tuzgan holda yetmish yil o‘zgarmay qolgan sovet tuzumining bosh belgisi bo‘lib keldi.
(davomi bor)
Karim Bahriyev
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»