Leninning o‘limini kutayotgan, uning faollashganidan g‘azablangan shogirdi Stalin Krupskayaga telefon qilib, vrachlar Leninga ishlashni man qilganini, uning xotini Krupskaya Leninni to‘xtatmasa, Markazqo‘mga chaqirib muhokama qildirishini aytadi, ko‘pol tarzda haqoratlaydi. Lenin mart oyining boshida bu haqda bilib qoladi va Stalinga shunday xat jo‘natadi:
“Hur. o‘rt. Stalin!
Siz qo‘pollik qildingiz va mening xotinimni haqoratladingiz. Garchand u bu voqeani unutishga tayyor bo‘lsa-da, fakt oshkor bo‘ldi, u bu haqda Zinovev va Kamenevga aytgan. Men o‘zimga qarshi qilingan bu ishni osonlikcha unutolmayman, xotinimga qarshi qilingan ishni men o‘zimga qarshi qilingan hisoblashimni aytish shart bo‘lmasa kerak. Shuning uchun Sizdan o‘ylab ko‘rishni so‘rayman: yo Siz aytganlaringizni qaytib olasiz yoki o‘rtamizdagi munosabatlarni uzamiz.
Hurmat bilan, Lenin».
Stalin Leninga mujmal xat jo‘natgani ham ma’lum: «Agar siz men so‘zlarimni qaytarib olishim kerak deb hisoblasangiz, men shunday qilishim mumkin, biroq gap nimada va mening aybim nima, buni tushunmayman». Stalin Krupskayaga ham shunday «kechirim» yo‘llagan. Ammo bu Lenin va Stalin o‘rtasidagi sovuqlikni ko‘tarolmadi. 1923 yil 6 martda Leninning sog‘lig‘i yomonlashdi, 10 martda navbatdagi insult yuz berdi, «dohiy»ning tili gung va o‘ng tomoni falaj bo‘lib qoldi. U endi siyosatdan butkul chetlashdi. Lenin va Stalin boshqa hech qachon uchrashmadilar. Ammo Leninning o‘limidan so‘ng Stalin har bir nutqida Leninni ustoz sanashdan charchamadi, har bir harakatini Lenin nomidan qilishdan to‘xtamadi. Leninning so‘ngi xatini Stalin o‘lganicha yonida saqladi, u o‘lganidan so‘ng xat uning yozuv stolidan olindi va Xrushchev tomonidan 1956 yilgi partiya s’ezdida ilk bor xalqqa oshkor qilindi.
Lenin hokimiyatdan chetlashtirilgan paytda partiyaviy siyosat va kundalik rahbarlik asosan Stalin, Kamenev va Zinovevning qo‘l ostida edi. Ular bir-birini xushlamasalar-da, ularni bog‘lab turgan bir narsa bor edi – ularning uchalasi ham Trotskiyni xushlamas edilar. Bu uchlikning rasmiy mavqei baland edi. Leninning yo‘g‘ida Kamenev Siyosiy Byuro raisi hisoblanar, bundan tashqari u Sovnarkom raisining o‘rinbosari va Moskov Sovetining raisi edi. Zinovev Petrograd Sovetining raisi va III-Komintern Ijroqo‘mining raisi edi. Stalin milliy masalalar bo‘yicha xalq komissari va partiyaning Bosh kotibi edi. Trotskiyda qator davlat lavozimlari bo‘lmasa-da, uning partiya a’zolari orasida mashhurligi va salmoqli salohiyati bilan hisoblashish kerak edi. Shuning uchun Lenin aynan uni o‘z tarafiga tortgandi.
Partiya rahbarligiga da’vogar odam ko‘tarishi kerak bo‘lgan uchta katta masala yetilib borayotgandi.
Birinchisi – byurokratiyaga qarshi kurash va partiyadagi ichki demokratiyaning taqdiri masalasi. Lenin tuzgan tuzumning yo‘rgagidayoq chalingan kasalligi bo‘lgan byurokratiya xuruji va ichki demokratiyaning tanazzuli davlat va jamiyatni yemirayotgandi.
Ikkinchisi – iqtisodiy siyosat masalasi. NEP ta’sirida 1923 yil bahoriga kelib, iqtisodiyot o‘nglana boshladi, qishloq xo‘jalik mahsulotlari narxi pasaydi, ammo sanoat mahsulotlari narxi baland edi. O‘ng qanot siyosatchilari dehqonlarni tiklash tarafdori bo‘lsa, so‘ldagilar sanoatni qo‘llab-quvvatlashni, «proletariat diktaturasi» asosini tashkil qiluvchi ishchilar sinfini yaratishni tezlashtirishni istardilar.
Uchinchisi – milliy masala va yangi Konstitutsiya masalasi. Stalin respublikalarning mustaqilligini cheklash va hammani Moskovga bo‘ysundirishni xohlardi. Lenin ham shuni xohlardi, ammo ochiq mustamlakachilik siyosati mamlakatning o‘ris bo‘lmagan xalqlarining Leninning davlatidan qochishiga olib kelishini bilardi, shuning uchun, nomigagina bo‘lsa-da, ularning erkinligini tan olishni targ‘ib qilardi.
1923 yil 17 aprelda ochilgan s’ezdda Stalin to‘la g‘olib keldi, chunki Lenin kasal edi, u umid qilgan Trotskiy esa o‘zini sipo tutdi va chetlashib qoldi.
S’ezdga tayyorlanish davomida Stalin o‘zi yaratgan partiya mashinasi imkoniyatlaridan to‘la foydalandi. Ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan delegatlarning 55% bevosita partiya tashkilotlarida ishlaydigan, Stalinning Kotibiyati amalga mindirgan rahbarlardan iborat edi. (Avvalgi X-s’ezdda ular buning yarmini tashkil etardi). Endi Stalin o‘z odamlarini delegat qilgan bunday s’ezdda o‘zi istagan har qanday qarorni o‘tkazib ola olardi.
Garchand Lenin va Stalinning orasi butkul buzilgan, shogird ustozini hokimiyatdan chetlashtirgan va uni to‘shakka mixlab qo‘ygan bo‘lsa-da, Stalin s’ezdda har ikki gapning birida Stalin tomonidan to‘shakka mixlab qo‘yilgan Leninni «ustoz», «dohiy» sifatida tilga olardi.
Holbuki, agar s’ezdda Lenin qatnasha olganda, davlat tizimini xaddan ziyod byurokratlashtirgani va milliy masaladagi kallakesarligi uchun ayblanayotgan Stalinning Bosh kotib lavozimida qolishi gumon edi. Stalinning s’ezdda endi o‘zi Lenin maqolalaridagi g‘oyalarga qo‘shilgan holda, o‘z nomidan partiya va sovet tashkilotlaridagi byurokratiyani tanqid qilishga tushadi. U Leninning Rabkrin va Markaziy Nazorat Komissiyasini qo‘shish hamda Markazqo‘m tarkibini kengaytirish g‘oyalarini ham qo‘llab-quvvatladi, chunki Leninsiz bu g‘oyalar Stalinga qulaylik tug‘dirishini u anglab yetdi.
Chunki Stalin Markazqo‘mni Lenin aytganday ishchi va dehqonlardan emas, dohiy qarshi bo‘lgan partiya va sovet idoralarida ishlab makkorlashgan Kaganovich kabi o‘z shotirlari hisobidan to‘ldirdi va hokimiyatni yanada badtar qo‘l ostida markazlashtirdi. Yangi Nazorat Komissiyasining raisi qilib Stalinning yana bir hamtovog‘i Valerian Quybishev tayinlandi. Siyosiy Byuroga kirgan bir a’zo ham Stalinning sheriklaridan bo‘lgan Rudzutak edi. Stalin partiya devonini to‘la qo‘l ostiga oldi.
1923 yil yozida sovet iqtisodida yana tanazzul boshlandi. Hukumat bunga javoban umumiy ishlab chiqarishni qisqartirish va faqat rentabelli korxonalarga diqqatni qaratish bilan javob qaytardi. Natijada ishsizlik avjiga chiqa boshladi va norozilik namoyishlari ko‘tarildi. Bu esa Stalinga muxolif bo‘lgan kuchlarga qo‘l kelishi mumkin edi. GPU (Chkning vorisi) odamlarni qamab, partiyadan o‘chirishni boshladi. Markazqo‘mning chekist Dzerjenskiy boshqaradigan quyi komissiyasi partiyaning har bir a’zosidan hukumatga qarshi fikrlovchilar haqida hukumatga xabar berishni talab qildi. Trotskiy nihoyat oliftalikni yig‘ishtirish va kurash maydoniga tushish kerakligini anglab yetdi.
(davomi bor)
Karim Bahriyev
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi