11:31 / 10.08.2022
2 586

«Zulm texnologiyasi»: siyosiy raqiblarning yo‘q qilinishi

«Zulm texnologiyasi»: siyosiy raqiblarning yo‘q qilinishi
Stalin o‘z g‘animlarini yengish uchun kommunistlarga xos ajoyib usulni o‘ylab topdi. O‘sha paytlarda – Leninning vafotidan keyingi dastlabki yillarda, hali birmuncha munozaralar bo‘lib turgan pallalarda – kompartiya majlislarida ikki xil ayblovlar urf bo‘lgan edi. Partiya ichidagi biror bir muxolif guruh o‘zining fikri o‘tmay qolayotganini, kuni bitayotganini sezsa partiya rahbariyatini byurokratlashuvda, to‘rachilikda, partiyaning ichki demokratiyasi tamoyillariga rioya qilmaslikda ayblay boshlardi. Unga qarshi «ayblov» esa tayyor – muxolifat guruhbozlikda, partiyani parchalashda ayblanardi.

Umuman olganda, bu bahs demokratiya va byurokratiya o‘rtasidagi, xalq hokimiyati va diktatura o‘ratasidagi bahsdir. Totalitar tuzumlar hamisha munozaradan, xalqning fikrlashidan qo‘rqib yashaydi. Shuning uchun totalitaristlar hurfikrli kishilarni «xalqning diliga g‘uluv solish»da, «birlikka putur yetkazish»da ayblaydilar, ularning fikricha «xalqning birligi» – g‘ing demasdan, tashviqot mashinasi yasagan soxta «dohiy»larga itoat qilishdan iboratdir.

Kommunistik siyosatning asos g‘oyalaridan biri shu ediki, go‘yo marksizm jamiyat tarixiy rivojining hamda partiyaning istiqbol harakatlarining yagona to‘g‘ri va muqarrar tamoyilini ishlab chiqqan. Shunday bo‘lgach, partiyada alternativ qarashlar uchun, muqobil siyosat uchun joy bo‘lmasligi kerak. Bunday qilvir yo‘lning mohiyati shunda ediki, kimki hammmadan oldin partiyada yetakchi mavqega ega bo‘lib olsa, o‘zini marksona g‘oyalarning yagona «talqinchi»siga aylantirar, keyin esa barcha o‘zgacha fikrlovchilarni partiyani «parchalash»da ayblab, yo‘qotardi. Partiyaning «birligi»ga putur yetkazish xavfi uning barcha a’zolariga tegib ketardi va shuning uchun juda og‘ir jinoyat sifatida qaralardi.

Albatta, «birlikni saqlash» bahonasida hurfikrlikni yo‘qotuvchilarga qarshi partiyada ichki demokratiya zarurligi g‘oyasi surilardi, ammo bu munozaratalab mafkurachilar partiyaning bir qism ziyoli guruhi bo‘lib, ular kamchilik edilar (hamma joyda ham oqillar elning kamchiligini tashkil etishi shubhasizdir, ommaga esa tayyor yo‘nalish lozim, faqat demokratik tizimgina siyosatning ishlab chiqilishida imkon qadar ko‘pchili elni jalb etishga harakat qiladi) hamda amalu mansabsiz qolgandagina partiyada demokratiya lozimligini eslab qolardilar.

Garchand Stalinning muxoliflari hisoblangan Trotskiy, Buxarin, Zinovev kabi arboblar ham o‘zlarini «xalq hokimiyatining vakili» hisoblasalar-da, o‘z fikrlarini targ‘ib etish va himoya topish uchun xalqqa murojaat qilmasdilar. Ularning fikricha, munozaralar qanchalik qizg‘in bo‘lmasin, hokimiyatning yuqori ijoralaridan tashqari chiqmasligi kerak. Umuman olganda, bolshavoylarning hokimiyati xalq nomidan e’lon qilingan bo‘lsa-da, xalqdan yiroq edi. Munozaralarga partiyaning oddiy a’zolarini jalb etish taklifiga Buxarin qarshi chiqadi va buni partiya saflarini parchalash deb qaraydi. Natijada g‘ing deyishga izn bermaydigan tuzum barpo etiladi hamda bu tuzum sho‘rlik Buxarinning o‘zini yamlab yutayotganda hech kim g‘ing deyolmaydi.

Qolaversa, bolshavoylarning rahbarlari partiyani unga qarshi bo‘lgan xalq oldidagi qamaldagi qo‘rg‘on sifatida tasavvur qilardilar, chunki ular hokimiyatni tadrijiy (evolyutsion) yo‘l bilan emas, xalqning qonini to‘kib, inqilobiy (revolyutsion) to‘ntarish orqali qo‘lga kiritgan edilar. Ularning xavfsirashicha, agar yana fikr so‘rab xalqqa murojaat qilinsa, xalq jamiyatni zo‘rlik bilan isloh etishning kerak-kerakmasligi haqidagi masalani ko‘tarishi va, ehtimolki, bolshavoylarning o‘zini hokimiyatdan mahrum etish fikrini ko‘tarib chiqishi mumkin edi. Shuning uchun bu tuzum yetmish yildan ziyod tarixi davomida xalqdan begonasirab, xalq orasidan «qo‘poruvchilar», «xalq dushmanlari», «g‘ayrisho‘roviy unsurlar» izlab, o‘z xalqini qirib keldi.

Kommunistik partiya birolikni mutloqlik maqomiga ko‘tardi. Nazariy jihatdan marksizm ijtimoiy taraqqiyotning yagona va muqarrar qonunlarini yaratganini tan olgan tuzum hech qanday munozaraga o‘rin qoldirmas, «umum e’tirof etgan» nuqtai nazardan farq qiluvchi har qanday fikr xato sanalar va uni «tag-tomiri bilan» yo‘qotish talab qilinardi.

Albatta, bahslarni butkul yo‘qotib bo‘lmaydi, ammo, nazariy jihatdan partiyaning yagona to‘g‘ri yo‘li borligini hisobga olib, har bir bahslashuvchi ana shu «to‘g‘ri yo‘l»da aynan u turganini da’vo etardi.

Stalin nazariy bahslarda kuchli bo‘lmasa-da, amaliy makrlarning ustasi edi va shu iste’dodi bilan barchani dog‘da qoldirdi. U partiya qo‘mitalarini shakllantirish va ularning rahbarlarini tayinlashda hokimi mutloqlikni egallash yo‘li bilan partiyaning rahbar organlarida ko‘pchilik ovoz olish imkonini - hokimiyatni qo‘lga kiritdi. Kimki muxolif bo‘lsa, Stalin uni fraksiyachilikda, partiyani parchalashda, aksilinqilobiy faoliyatda, inqilob g‘oyalariga xiyonatda ayblardi. U muxoliflariga «marksizm-leninizm asoslaridan chekinish» aybini ham yuklardi, bu «asoslar»ning nima ekanini sharhlash va, zaru bo‘lganicha, rivojlantirish huquqini esa u o‘ziga olib olgan edi.

Stalin mamlakat rahbarligiga o‘z odamlarini olib keldi ularni ham Rossiya oldidagi muammolarni aynan u yecha olishiga va bu shotir rahbarchalar faqat uning qo‘l ostida yaxshi kun ko‘rishlari mumkinligiga ishontirdi.

Stalinning Leninning o‘rnini bosib olish uchun makkorona kurashini to‘rt bosqichga bo‘lish mumkin. Birinchi bosqich Lenin tirik bo‘lgan, ammo hokimiyatdan chetlashib qolgan 1923 yilda boshlanib, 1925 yilda tugaydi. Bu davrda Stalin-Zinovev-Kamenev Trotskiyga qarshi birlashadilar. Ikkinchi bosqichda – 1925 yildan 1926 yilgacha – Stalin va Buxarin Zinovev va Kamenevga qarshi kurashadilar. Uchinchi bosqichda – 1926-1927 yillarda – Stalin va Buxarin Zinovev, Kamenev va Trotskiyning birlashgan muxolifatiga qarshi kurashadilar. Bu siyosiy dramaning so‘ngi akti 1928-1929 yillarda o‘ynaladi – Stalin boshqa muxoliflarini yengib, endi Buxarin, Rikov va Tomskiyga qarshi kurashadi. Ellik yoshga yetganida Schtalin Siyosiy Byuroning o‘zi bilan ish boshlagan olti a’zosidan beshtasini safdan chiqarib tashladi va hokimi mutloq bo‘lib ulgurdi.

Stalin avval so‘lchilarni yengish uchun o‘ng tomonga o‘tadi, keyin so‘lsilar dasturini qurol qilib, o‘ngchilarni parchalab tashlaydi. Gitler hokimiyatni egallashda ashaddiy edi va o‘z yo‘lidan qaytmasdi, uning hamkasbi Stalin ham hokimiyatparastlikda ashaddiy edi, ammo uning maslagi yo‘q edi – u hokimiyatni olish uchun vositalarni tanlab o‘tirmas, o‘ngchilarga ham, so‘lchilarga ham qo‘shilib ketaverardi, u o‘z fikrini osonlikcha o‘zgartiraverar (uning dilidagi fikri esa yagona - hokimi mutloqlik edi), osonlik bilan muvaqqat taktik uyushmalar tuzar va buzardi. Raqiblarining xatolaridan o‘z manfaatlari yo‘lida mohirona foydalana olardi.

Lenin o‘limidan so‘ng aynan Stalin va Trotskiy hokimiyat uchun da’vogar bo‘lishlarini sezgan edi va o‘z vasiyatida ularning ikkalasiga ham baho bergandi. Mamlakatni kollegial boshqarishdan umid qilgan ham edi. Stalin ham Lenin vafotidan so‘ng birinchi muxolifi Trotskiy bo‘lishini sezgan, uning kuchli tomonlarini bilar va shunga yarasha harakat qilar edi. Trotskiy esa, aksincha, Stalinni o‘zidan ko‘ra zaif hisoblar, unga mensimay qarardi. Oqibatda Stalin Trotskiyni yengdi – uni quvg‘inga jo‘natib, barcha ro‘yxatlardan o‘chirib ham tinchimadi, 1940 yilda o‘ldirtirdi.

Partiyaning 1923 yili yanvaridagi Lenin tirikligida o‘tgan XIII konferensiyasidayoq Stalin Trotskiyni va uning «qirq oltichilar guruhi»ni qoralashga erishdi, chunki partiyaning ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 128 delegatidan faqat uchtasi muxolifatga tegishli edi. Stalin hokimiyatni qurol bilan emas, oddiy «ovoz berish» yo‘li bilan allaqachon olib qo‘ygan edi.

Stalin bircha g‘animlarini birin-ketin yo‘qotdi. Muxolifat jiddiy tarzda birlasha olmadi, iqtisodiy-siyosiy munozalar bo‘yicha maqolalar yozish, bir-biriga tosh otishlar bilan cheklandi. Stalin esa o‘z tarafdorlarini jiddiy va qat’iy tarzda uyushtira olgan kimsa edi.

(davomi bor)
Karim Bahriyev

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Zulm texnologiyasi»: siyosiy raqiblarning yo‘q qilinishi