11:11 / 26.08.2022
1 874

Yejov o‘rniga Beriya: yomg‘irdan qochib qorga tutilgan xalq

Yejov o‘rniga Beriya: yomg‘irdan qochib qorga tutilgan xalq
Yejov xalq orasida ommaviy ravishda «dushman sinflar qoldiqlarini bartaraf etish» vazifasini uddaladi, ammo Moskovdagi siyosiy jarayonlar og‘ir kechdi. Yirik davlat arboblarini sindirish, ulardan «xalq dushmani» yasash qiyin bo‘ldi. Stalin Yejovga yana ikki vazifani yukladi: birinchidan, «yondosh buxarinchilar markazi»ni tashkil etib, Siyosiy byuroda Stalinning yonida o‘tiruvchi Kosior, Chubar, Eyxe, Rudzutak, Postishev, Petrovskiylarni qamash va sud qilish; ikkinchidan, «yondosh harbiy markaz» tuzib, marshallar Yegorov, Blyuxer va boshqalarni qamash, sud qilish va yo‘qotish (urush oldidan!). Yejov bu odamlarni sud qilishda qiynaldi.

Xrushchevning aytishicha, partiya Markazqo‘mning XVII c’ezdida saylangan 139 a’zosi va nomzodidan 98 kishi, ya’ni 70 foizi keyingi s’ezdgacha qamoqqa olingan va otib tashlangan. Ularning ko‘pchiligi 1937-38 yillarda o‘ldirilgan. Harbiy kishilar yopiq harbiy tribunallarda sud qilinib, otib tashlanardi (ular nemis fashistlari bilan urushdan oldin otilganlar, sud yopiq bo‘lgani sababli, adolat «talablari»ga rioya qilinmagan). Odamlar ro‘yxatlarga ko‘ra otilavergan. «Ro‘yxatlar oldindan tayyorlab qo‘yilardi. Yejov bu ro‘yxatlarni odatda shaxsan Stalinga jo‘natar, Stalin taklif qilinayotgan jazoni shaxsan tasdiqlanardi.

1937-1938 yillarda Stalinga 383 ta ro‘yxat berilgan, ularda ming-minglab partiya, sovet, komsomol, harbiy va xo‘jalik xodimlarining ismi keltirilgan. Stalin bu o‘lim ro‘yxatlarini shaxsan tasdiqlardi». Xalqning jismonan kuchli, aqlan komil qismining o‘ldirilishi aynan urush oldidan o‘tkazilganini nazarga olsak, urushning bu qadar og‘ir bo‘lgani, g‘alaba bizga adadsiz qurbonlar evaziga kelgani sababini tushunamiz. Qatag‘onlarning dahshatli oqibatlari, ayniqsa, Ikkinchi Jahon urushining dastlabki davridagi qurbonlar, mag‘lubiyatlar urush oldidan Stalin minglab harbiylarni qatag‘on qilganligi sababli yuz bergan edi.

Qatag‘on yillarida, ayniqsa, 1934-1939 yillarda nafaqat urushda askar bo‘ladigan xalq, balkim harbiy kadrlar, rota va batalonlarning qo‘mondonlari, qo‘shin rahbarlari qamab, otib tashlandi. Rokossovskiy, Meretskiy, Podlas kabi buyuk sarkardalar urush boshlanganda «xalq dushmani», «sovet tuzumining dushmani» sifatida qamoqlarda o‘tirgan edilar. Ular turmadan chiqib urushga kirdilar. Afsuski, yuzlab qo‘mondonlar harbiy sarkardalar urushgacha qamoqxonalarda o‘ldirib yuborildi. Armiya urushgacha boshsizlantirildi. Holbuki, donolar fikricha, «jangda son bilan emas, sifat bilan» yengmoq mumkin.

Qotil Yejov ham otiladi, uning o‘rniga NKVD rahbari bo‘lib, Lavrentiy Beriya keladi. Endi u ommaviylikka mo‘ljallangan oshkora, shov-shuvli sud jarayonari o‘tkazmaydi, yopiq, yakkama-yakka qiynoqlarga soladi, qog‘ozbozlik, rasmiyatchilik ham qilib o‘tirmaydi, so‘rov-istovsiz otaveradi. Avval otib, keyin «hukm» chiqargan payti ham bo‘lgan. Stalin va Beriya endi xalqqa tushuntirib ham o‘tirmaydilar, nomiga bo‘lsa-da, huquqiy normalarga hech ham rioya qilib o‘tirmaydilar.

Ayniqsa, urush paytida va undan so‘ng Beriya Stalin rahbarligida «yuksak malakali» qotillikka qo‘l uradi – endi butun-butun xalqlar Sibirga va Turkistonga surgun qilinaveradi: chechenlar, ingushlar, qalmiqlar, qorachoylar, bolqorlar, qrim tatarlari, volgabo‘yi nemislari, mesxeti turklari, boltiqbo‘yi xalqlarining anchagina qismi vatanlaridan quvg‘in qilinib, azob-uqubatlarda yo‘q qilinadi. Endi bu xalqlardan «xalq dushmani» yasab o‘tirilmaydi, to‘laligicha «dushman xalq» yasaladi.

Xrushchev keyinchalik «hayron» bo‘lgan edi: «Vo ajab, aziz yerlaridan butun-butun xalqlar ko‘chirildi, hech kimga shafqat qilinmadi, hatto bu xalqlar ichidagi kommunist va komsomollarga ham…» Ko‘ryapsizmi, Nikita Sergeyevichning shafqati ham sinfiy! Go‘yo bu xalqlar dushman bo‘lishi mumkin, ammo ularning ichidagi «komsomol va kommunistlar» dushman emas… Xrushchev o‘z nutqini kinoya bilan xulosalaydi: «Ukrainlar bunday qismatdan qutulib qolganlariga sabab shuki, ularning soni ko‘p edi va bu xalqni ko‘chirsa, sig‘diradigan joy yo‘q edi». Urush oldidan Qizil Armiyaning eng yetuk sarkorlari, sarkardalari chekistlar tomonidan qamoqqa olinib, otib tashlandi.

Chunki Stalin Armiyaning kuchayishidan, uning tepasida kuchli odamlar bo‘lishidan qo‘rqardi, o‘zining yakkahokimligini mustahkam saqlash uchun armiyaning eng zo‘r sarkardalarini urush oldidan otib tashlattirdi. Bu qo‘mondonlarsiz urush xalqqa og‘ir bo‘ldi. Siyosiy byuro a’zolari va nomzodlari Rudzutak, Orjonikidze, Kosior, Chubar, Postishev Stalinga armiya va xo‘jalik xodimlarini qamab, otishni bas qilishni qat’iy taklif etishganda, Stalin Molotov, Kaganovich, Mikoyan, Voroshilovga tayanib, qirg‘inni badtar avjiga chiqaradi, qirg‘inga qarshi chiqqan rahbarlarni «buxarinchi murosasozlar» sifatida yo‘q qiladi.

Orjonikidzening uyiga u qo‘shimcha to‘pponcha bilan chekistlarni jo‘natadi: «Agar Orjonikidze NKVD mahbusxonasida «xalq dushmani» sifatida o‘lishni xohlamasa, o‘z uyida o‘lsin». Orjonikidze chekistlar oldida xotini Zinaida bilan vidolashadi va o‘zini otadi. Tashqarida tayyor bo‘lib kutib turgan doktor Pletnev Orjonikizze «yurak xastaligidan vafot etgani» haqida hujjat tuzadi. Uch kun o‘tgach, Qizil maydonda ko‘mish marosimi bo‘ladi. Mavzoleyda «qayg‘uli» bosh egib uni o‘ldirgan safdoshlari Stalin, Molotov, Kaganovich, Voroshilov, Xrushchev, Mikoyan, Yejov turadilar, Beriya yasama yig‘lab «buyuk inqilobchi», «Stalinning do‘sti va maslakdoshi» Sergo Orjonikidzening «bevaqt o‘limi» haqida nutq so‘zlaydi.

Aniq ma’lumotlarga ko‘ra, 1936-1939 yillar davomida uchta Sovet Ittifoqi Marshali, o‘n uchta armiya qo‘mondonlari, ellik yettita korpus qo‘mondoni, bir yuz o‘nta diviziya qo‘mondoni, ikki yuzu yigirma kombrig otib tashlangan. 1938 yilda qatag‘on qilingan va keyinchalik to‘la oqlangan general-leytenant A.I.Todorskiy to‘plagan ma’lumotlar ham shunga yaqin. Uning hisobiga ko‘ra, 1937-1938 yillarda – ayni urush arafasida – mavjud 5 Sovet Itifoqi Marshalidan – 3 tasi, 2 ta 1-toifa armiya komissaridan – ikkalasi ham, 4 ta 1-toifa armiya qo‘mondonidan – 2 tasi, 12 ta 2-toifa armiya qo‘mondonidan 12 tasi ham, 2 ta 1 toifa flot flagmanidan – 2 tasi ham, 15 ta 2-toifa armiya komissaridan – 15 tasi ham, 67 ta korpus komandiridan – 60 tasi, 28 ta korpus komissaridan – 25 tasi, 199 ta diviziya qo‘mondonidan – 136 tasi, 397 ta kombrigdan – 221 tasi, 36 ta brigada komissaridan 34 tasi qatag‘on qilingan va otib tashlangan.

Bularning bari oliy qo‘mondonlik tarkibidan edi. Xrushchevning aniqlashicha, Stalin otib tashlattirgan yuqori harbiy kadrlarning soni besh mingga yaqin edi.

Ushbu tadqiqotimizni yakunlab, tahrir qilayotganimizda matbuotda marshal Tuxachevskiy taqdiriga doir yana bir qiziq ma’lumotga duch keldik. Birinchidan, ma’lum bo‘lishicha, marshall Tuxachevskiy 20-yillarda Olmoniyada bo‘lib, reyxsverning harbiy mashqlarida qatnashgan ekan. Bu shuni tasdiqlaydiki, sovetlar va Olmoniya o‘rtasida rostdan ham harbiy hamkorlik azaldan bo‘lgan. Ikkinchidan, mashhur sho‘ro sarkardasining o‘limida ham gestaponing qo‘li bor ekan.

Gestapo sovetlarning harbiy kuchini qirqishdan manfaatdor edi, shuning uchun Stalinning kuchli shaxslarni qirayotganidan, shu jumladan armiyani ham boshsizlantirayotganidan xabardor bo‘lgan nemislar o‘zlariga maqbul bu «ish»da unga yordam berishga kirishadilar va marshal Tuxachevskiy ustidan ma’lumot to‘plab, uning «nemis ayg‘oqchisi» ekani borasidagi «hujjat»larni 1937 yilning fevralida Pragaga – prezident Beneshga uzatadilar. Sovet harbiylarini yo‘qotish uchun Beneshga Vittig kabi ikkiyoqlama ayg‘oqchilar, emigrantlar, Trautsmandorf kabi diplomatlar va shuningdek gestapo qo‘rboshisi Myuller orqali bunday «fakt»lar yetkazilardi. Benesh 1937 yilning aprel-may oylarida sovet elchisi bilan uchrashib, «dose»larni topshiradi.

1937 yil 11 mayda Qizil Armiyaning ulkan rahbarlaridan bo‘lgan, tajribali Tuxachevskiy chetlashtiriladi, 22 mayda qamoqqa olinadi. 11 iyunda soat 23dan 45 daqiqa o‘tganda uning ustidan «nemis josusi» bo‘lgani uchun o‘lim hukmi chiqariladi, bir necha soat o‘tar-o‘tmas u otib tashlanadi. Albatta, nemislarning hujjatlarisiz ham Stalin bungacha ming-minglab shaxslarni qirib kelgan va buning uchun unga «ob’ektiv dalillar» shart ham emasdi. Ammo bu qirg‘inlarda ham fashistlar bilan hamkorlik qilingani Stalinning ham fashist bo‘lganiga shubha qoldirmaydi.

Stalin qatag‘onlari natijasida xalqning fashistlarga qarshi turishi mumkin bo‘lgan jismonan kuchli, aqlan komil qismi millionlab qamaldi, otildi, o‘ldirildi. Shuning oqibatida urushga asosan o‘smirlar va keksalar chaqirildi. Armiya qo‘mondonlari ham urush arafasida asosan otib tashlandi. Natijada urushning boshidayoq ko‘plab qurbonlar, asirlar berildi.

G‘alaba esa, urushning strategik jihatdan uquvsiz olib borilgani, Stalin qatag‘oni natijasida xalq zaiflashgani, totalitar davlat shaxsni yillar davomida ezib kelgani tufayli elga va jahonga qimmatga tushdi.

(davomi bor)
Karim Bahriyev

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yejov o‘rniga Beriya: yomg‘irdan qochib qorga tutilgan xalq