Gitler shaxsiga sig‘inish, shubhasiz, ilohiylashtirish darajasiga ko‘tarilgandi. Xamshikning so‘zlariga qaraganda, «unga ko‘r-ko‘rona ishonish jazavasi shunchalikka yetdiki, otashparastlik xudolari ham bunga havas qilsalar arzirdi».
Albatta, bunday ilohiylashtirish imkoniyatini Gitlerga uning rost so‘z aytuvchi muxolifatga, jamoatchilik fikri va tanqidga joy qoldirmagan totalitar tuzumi yaratgandi.
Ayrim mualliflar Gitlerning olomonga bu qadar kuchli ta’sir etishini uning notiqlik iste’dodidan qidiradilar. Uning o‘zi ham bunga ishonardi. Mana, uning so‘zlari: «Mening raqiblarim menga nafrat bilan bilan qaraydilar. Ular hasad bilan o‘zlariga savol beradilar: nega bu odam olomon orasida shuhrat qozonadi? Sotsialistlar va kommunistlar ommani o‘z monopoliyalari hisoblaydilar… Mening mashhurligimning ayon sababi – ommada tanqidiy tafakkurning yo‘qligidadir. Ommaning o‘z tanqidiy organlari bor. Ammo ularning harakati alohida odamnikiga o‘xshamaydi.
Omma o‘z instinktlariga bo‘sunadigan jonivorga o‘xshashdir. Uning uchun mantiq va tafakkurning ahamiyati yo‘q. Agar men barcha zamonlardagidan-da ulkan milliy harakat barpo eta olgan bo‘lsam, buning sababi shuki, men hech qachon olomonning ruhiyatiga qarshi borgan emasman, ommaning sezgisini poymol etmaganman… Meni ommani gij-gijlashda, ko‘zini qamashtirib qo‘yishda ayblaydilar. Psixologiyaning bilimdonlari ommani tinchlantirishni, uni yarim uyqu holidagi loqaydlik botqog‘iga botirishni maslahat beradilar. Yo‘q, janoblar, buning aksi kerak. Men omma fanatlarga aylangandagina rahbarlik qila olaman».
Gitlerning notiqlik san’atini ham tan olgan holda, shuni aytish lozimki, fyurerning jahonga mislsiz daholarni bergan bir xalqni yuzsiz, fikrsiz bir ommaga, olomonga aylantirishiga imkon burgan narsa uning sehru jozibasi emas, u yaratgan totalitar tuzumdir.
Aslida totalitar tuzum xalqni olomonga aylantiradi, xalq fikrini ifodalovchi siyosiy partiyalar va harakatlardan, muxolif va mustaqil ommaviy axborot vositalaridan, ijtimoiy fikrdan va erkin saylovlardan mahrum totalitar tuzumdagina xalqni ko‘r va gung qilish, uning orzu-istaklarini, tafakkurini bir qolipga solish mumkin.
Gitler ta’sirining siri unda emas, uning tuzumidadir. Erix Fromm «Erkdan qochish» asarida natsizm g‘alabasining psixologik asoslari haqida fikr yuritar ekan, xalqning og‘ir iqtisodiy ahvoli va buning oqibatida o‘zini ojiz va notavon sezayotganini ham hisobga olishni ta’kidlaydi. Gitlerning makkorligi shunda bo‘ldiki, u «ijtimoiy noqislikni milliy noqislikka aylantira bildi». Nemislarni Gitler qashshoqliklari sababi ularning siyosiy va iqtisodiy tuzumida emas, milliy siquvda, xududiy cheklanganlikda, irqiy noqislikda, deb ishontirdi.
Albatta, natsizmning paydo bo‘lishi va muzaffarlik onlarini to‘la tahlil qilish uchun ruhiy omillar bilan birga siyosiy va iqtisodiy omillarni ham jiddiy o‘rganish kerak.
Notiq Gitler emas, u yaratgan tuzum xalqni olomonga aylantiradi. Ommaviy mitinglarda, majlislarda o‘n minglab ishchilar, dehqonlar, talabalar, muxandislar, tabiblar, ziyolilar qatnashadilar, ammo ular bu yig‘inlarga o‘z istaklari bilan kelmaganlar, ularni o‘zlari a’zo bo‘lgan, a’zo bo‘lmasalar, odamday yashashga qo‘ymaydigan siyosiy tashkilotlari olib kelgan. Bu odamlarning har biri biladiki, uning qatnashishi hisobga olinadi, majlislardagi faolligiga qarab, tegishli idoralar uning ishonchli yoki ishonchsiz shaxs ekanligi haqida xulosa chiqaradilar. Fashistona tuzum uchun ana shunday majburiy «ko‘ngillilik» xosdir.
Totalitar davlat zulm va nazoratni shunday ko‘lam va kamolotga darajasiga yetkazadiki, har bir kishi o‘zi istaganiday emas, davlat undan xohlab turganiday harakat qila boshlaydi. Bora-bora tobe inson bunga ko‘nikadi, hukmdorning hukmlarini to‘g‘ri, deb hisoblay boshlaydi, o‘z harakatini o‘zim qilayapman, degan fikrga boradi, boshqacha harakat qilgani qo‘ymasliklari haqida o‘ylamay ham qo‘yadi.
Albatta, Gitlerning notiqlik «san’ati» bilangina bunga erishib bo‘lmasdi. Agar totalitar tuzum yaratilmaganda edi, butun boshli xalqni ko‘r-ko‘rona topinuvchilarga aylantirish mumkin emasdi. Hali demokratik tizim sharoitida hech bir rahnamo xalqni jazavaga sololmaganini hisobga olsak, tashviqot va axborot yakkahokimligisiz Gitler kabi demagoglar hokimiyatga kelolmasliklari va el boshida o‘tirolmasliklari ayon bo‘ladi, chunki muxolif partiyalar va erkin matbuot darhol yolg‘onni fosh etib, haqiqatni barqaror etadilar. Oshkora tanqid va ochiq jamiyat sharoitida fanatizmga joy yo‘qdir.
Xalqning olomonga aylantirilishi va siyosiy manqurtlashuvining aks tomoni ham bor: tizimning saktaligi shundaki, aynituvchilarning o‘zlari ham ayniy boshlaydilar. Olomon o‘z dohiysini ko‘kka ko‘targani sari, rahbar ham o‘zining «daho»ligiga ishona boshlaydi va endi bundan chekina olmay qoladi.
Gitlerni uning o‘zidan ham oldin boshqalar ilohiylashtira boshlagandilar. 1933 yildayoq fon Papen shunday yozg‘irgandi; «Rahmdil Xudo Olmoniyani musharraf qildi, unga og‘ir vaqtda o‘z davlatona instinktlariga tayangan holda xalqni xavflar va qiyinchiliklar aro baxtli, yorug‘ kelajak sari olib boruvchi rahbarni yubordi…».
Totalitarizm chirkin mohiyatga egadir. Uning pog‘ona-pog‘ona tizimi qonuniy tarzda har qanday rahbarning ulug‘lanishi holatini yaratadi. Har bir rahbar o‘z xududida o‘ziga tobe shaxslarga nisbatan o‘zini cheksiz hokim sezadi, quyidagilar uni nazorat qilishi mumkin emas, u betakrordir. Har bir rahbar o‘zidan yuqoriga tinimsiz qulluq qilishi barobarida imkon topdi deguncha o‘zidan quyini zavq-shavq bilan ezishga intiladi… Shu asnoda tuzum o‘zini yeb boradi.
Uchinchi reyx saltanatida Gitlerning hukmronligi – cheksiz, adadsiz. Hamma unga bog‘lanadi. Hamma ish u bilan hal qilinadi. Hammaning ahvoli uning axvoliga bog‘liq.
Ribbentropning shaxsiy vrachi guvohlik berishicha, uning kayfiyati Gitlerning kayfiyatiga qarab o‘zgarardi. Agar Gitler uzoq vaqt uni huzuriga chaqirmasa, Ribbentrop parishon va tushkun bo‘lib qolar, agar fyurer yana chaqira boshlasa – tergash uchun bo‘lsa ham, maqtash uchun bo‘lsa ham – u yana jonlanib ketar, ish qobiliyati tiklanardi. Garchand uning o‘zi aslida o‘ta mag‘rur va kamgap odam bo‘lsa-da, «dohiy» huzuridan qaytgach kutilmagan darajada do‘stona kayfiyatga kirar va gapdon bo‘lib qolardi. Vrachlardan birining aytishicha, u Gitlerning huzuridan chiqqanda, o‘zini go‘yo hozirgina shaxsan Xudoning o‘zi bilan gaplashib qaytganday tutardi.
Hatto urush fashistlarning mag‘lubiyati bilan tugab, Ribbentrop Nyurnberg sudida javob berayotganda ham nutqini hamisha Gitlerga olib kelib tugatar, Gitlerning nomini tilga olishi bilan yana jonlanib ketardi…
Garchand Gitlerning totalitar saltanatida har bir rahbarchaning o‘z kalondimog‘ligi bo‘lsa-da, hech kim o‘zini unga teng qo‘ya olmasdi. Boshqalarning ishi avjiga olishi mumkin, ammo… faqat uning ko‘magida. Boshqalarning kitobi chop etilishi mumkin, biroq Gitlerning kitobidan kattaroq yoki ko‘rkamroq chiqishi mumkin emasdi.
Fashizmning ma’muriy tizimi, shubhasiz, hokimiyatni tinimsiz markazlashtirishga olib kelaveradi.
Gitler avval partiya rahbari va kansler edi. 1934 yil 1 avgustdagi Qonunga ko‘ra prezidentlik va kanslerlik lavozimlari birlashtirildi, oqibatda Gitler imperiya prezidenti vakolatlarini ham egallab oldi. 1936 yil 4 fevralda u o‘zini nemis qurolli kuchlarining Bosh qo‘mondoni etib tayilladi, natijada butun hokimiyatni bir qo‘lda to‘pladi. Fashizm tugal ko‘rinishga ega bo‘ldi.
(davomi bor)
Karim Bahriyev
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?