
Qozogʻiston Rossiyada safarbarlik e'lon qilingach boshlangan yangi emigratsiya toʻlqinining asosiy yoʻnalishiga aylandi. Mamlakat ichki ishlar vazirligiga koʻra, bir oydan kamroq vaqt ichida Qozogʻistonga 200 mingga yaqin rossiyalik kirib kelgan. Ulardan qanchasi Qozogʻistonda qolishi, qanchasi boshqa davlatga yoʻl olishi va yana qanchasi turli sabablarga koʻra Rossiya Federatsiyasiga qaytishi mumkinligini taxmin qilish qiyin. Ammo Qozogʻiston koʻplab ruslar oʻz hayotini imkon qadar tezroq va oldindan oʻylangan rejasiz qayta tiklashi kerak boʻlgan joyga aylanib boʻldi. «Meduza» nashri Qozogʻiston chegarasini kesib oʻtgan va hozirda shu davlatda boʻlib turgan rossiyaliklar bilan suhbatlashdi.

Vlad Xabarovsk oʻlkasidan. U safarbarlik e'lon qilinga, Olmaotaga kelgan
Ofeliya Jakaeva / «Meduza»
***
Men Belgorod shahrida yashar edim. U erga doimo raketalar kelib tushadi, dronlar uchib keladi, portlashlar yuz beradi. Biz ketishga qaror qildik, ammo moliyaviy ahvolimiz yaxshi emasdi, shu sabab mablagʻni tejash maqsadida qoldik. Men uchinchi guruh nogironiman va harbiy xizmatga yaroqsizman. Ammo odamlar ba'zi noxush narsalar haqida gapira boshladi. Aytishlaricha, harbiy komissariatdagilar kechqurun kelishadi va hech nimani eshitmasdan olib ketib, qaergadir yuborishadi. Hatto siz xizmatga yaroqsiz boʻlsangiz ham buni oʻsha erda tushuntirishingiz kerak boʻladi. Natijada men va xotinim hech qanday tejamkorliksiz ketishga qaror qildik. Ayolim hozir ham qattiqroq ovozlardan seskanib tushadi.
***
Men Qozogʻistonga Omsk-Ostona poezdida keldim. Chegara postida poezdga chegarachi kirdi. Yuragim qattiq ura boshladi, lekin xotirjamlikni saqlashga harakat qildim. Bir chegarachi mening hujjatlarimni tekshirayotganda qoʻshni oʻrindiqdagi kishiga «Narsalaringizni yigʻishtiring, sizga Rossiya Federatsiyasini tark etish taqiqlangan» deyishdi. Men unga bu xabarni deyarli darhol, hech qanday savollarsiz aytishganini koʻrdim va xotirjam boʻldim. Chunki ular mening hujjatlarimni bir necha daqiqadan beri tekshirayotgandi, demak men roʻyxatda emasman.
Albatta, sizni emas, boshqa birovni olib ketayotganlaridan xursand boʻlish dahshatli tuygʻu. Bu vagondagi hamma oʻzi uchun qaygʻurardi. Barcha oʻsha yigitni indamay kuzatdi.
***
Onam oʻgʻlini yoʻqotishni istamasligi va men ketishim kerakligini aytdi. Men tanishlarim bilan birga yoʻlga chiqdim. Biz Volgorodda mashina topdik va Qozogʻiston bilan chegaradagi Vishnevka nazorat-oʻtkazish punkti oldida tizilgan avtomobillar navbati oxirigacha etib keldik. Keyin minglab insonlar navbatda turgan piyodalar navbati oxiriga borish uchun yana uch kilometr piyoda yurdik.

Qozogʻiston bilan chegaradagi Vishnevka nazorat-oʻtkazish punktida uxlayotgan yigit
Material qahramoni arxividan

Rossiyaliklar Vishnevka nazorat-oʻtkazish punktidagi bufer zonada navbat kutmoqda
Material qahramoni arxividan

Sirim — Mashtakovo chegara punktida furalar navbati
Baurjan Sabit / «Meduza»
Navbatda turgan odamlar yoʻl chetida palatkalar lagerini qurishdi, hammasi xuddi hippi-festivaliga oʻxshardi. Menda palatka yoʻq edi, biroq yaxshi odamlar ularning palatkasida isinib olishimga ruxsat berdi. Kechqurun havo harorati +5 darajagacha pasaydi. Yaxshiyamki, oʻsha kuni shamol ham, yomgʻir ham boʻlmadi.
***
Chegarada ancha tartibli boʻldik, yigitlar samarali navbat tuzdi. Chegarachilar beshtadan odamni oʻtkazayotgandi, shu sabab navbatdagilar beshta-beshta boʻlib turdi. Har bir beshtalikda oʻz raqami bor edi va Telegram guruhda har doim keyingi beshtalik qaysi raqam ekani haqida ma'lumot berib turildi. Navbatda turganlar orasidan koʻngillilar tanlandi: ulardan biri nazorat-oʻtkazish punkti oldida turib, faqat roʻyxatdan oʻtganlar oʻtishi, hech kim navbatni buzmasligi uchun pasportlarni tekshirdi.
Oʻz navbatingiz taxminan qanchadan keyin kelishini hisoblash mumkin edi. Bir-birimiz bilan almashib, ikki-uch soat uxlashga muvaffaq boʻldim. Nazorat punktiga oʻn ikki soatdan keyin etib bordim.
***
Safarga tayyorgarlik koʻrmagandim, menda faqat palto va jemper bor edi. Sovuqdan muzlab qolmaslik uchun tinmasdan yurib, harakat qilib turdim. Oʻzlari bilan gaz gorelkalarini olib chiqqan yigitlar juda katta yordam berdi. Men olov yonida oʻtirdim va qaynatilgan qahva ichib, biroz isindim. Kechqurun juda qorongʻi boʻldi, odamlar telefon chiroqlaridan foydalandi.

Rossiyaliklar Vishnevka nazorat-oʻtkazish punktida.
Material qahramoni arxividan

Qozogʻiston, mashina oynasidan koʻrinish.
Ofeliya Jakaeva / «Meduza»

Ulyanovskdan boʻlgan Mixail. U chegarada bir yarim kun oʻtkazgan.
Baurjan Sabit / «Meduza»
Tungi soat ikkida neytral zonaga oʻtdim. Bu erda odamlar koʻp edi, mashinalar tirbandligi ham paydo boʻlgandi. Rossiya chegarachilari qozoq chegarachilariga qaraganda bizni tez oʻtkazib yuborgandi. Bu kichik neytral hududda odamlar toʻplana boshladi. Butun tun davomida qozoq chegarachilari bor-yoʻgʻi oʻn kishini chegaradan oʻtkazdi – natijada nazorat-oʻtkazish punkti oldida katta olomon toʻplandi.
***
Odamlar maysa ustida oʻtirdi, yotdi, isinish uchun qanday kiyimlari boʻlsa hammasini kiydi. Issiq suv yoʻq edi. Gaz gorelkasining gazi qolmagan va issiq suv zaxirasi Rossiya nazorat-oʻtkazish punktida tugab boʻlgandi. Bunday tirbandlik yana qancha davom etishini hech kim bilmasdi.
Men qurigan maysa ustida bitta paltoda uxladim. Besh soat mizgʻib olishga muvaffaq boʻldim. Qahraton sovuqdan uygʻonib ketdim hamda tushundimki, mening haroratim yuqori va kasal boʻlganman.
***
Ba'zilar bir joyga toʻplanib uxladilar. Men ham odamlar guruhining yonida tunadim. 14 soat neytral zonada boʻldim va jami 26 soatda Qozogʻiston chegarasini kesib oʻtdim.

Ota oʻgʻli bilan chegaradan oʻtmoqda. Sirim — Mashtakovo nazorat-oʻtkazish punkti
Baurjan Sabit / «Meduza»

Sirim — Mashtakovo nazorat-oʻtkazish punkti hududidagi dasht
Baurjan Sabit / «Meduza»
***
Chegaradan oʻtgach boʻm-boʻsh, faqatgina tashlandiq yoʻl bor keng dashtni koʻrdik. Bizni valyuta almashtiruvchilar kutib oldi va rasmiy kursdan pastroq narxga rublni tengega almashtirishni taklif qildi. Odamlar bir rublga sakkiz tenge beriluvchi rasmiy kurs oʻrniga, ulardan besh-olti tenge evaziga valyutalarini ayriboshladi.
***
Qozogʻistonga oʻtganlarni taksichilar kutib olardi. Ular asosan chegaraga yaqin qishloqlardan kelgan odamlar edi. «GAI» xodimlari ular bilan til biriktirib, doimiy ravishda hammani ushbu mashinalarga oʻtirishga va piyoda bir soatda etib borish mumkin boʻlgan joyga qimmat narxda mashinada ketishga da'vat qilib turdi.
***
Bosh koʻtarish holatlari ham boʻldi. Yigitlar bilan mashinaga chiqmasdan, piyoda eng yaqin aholi punkti, Jonibek qishlogʻigacha bordik. Mahalliy aholi bizga yaqinlashib: «Yo pul berasiz, yo oʻtmaysiz», deya tahdid qildi. Pul berishga toʻgʻri keldi. Bir necha shunday holatlardan keyin politsiyaga qoʻngʻiroq qildik.

Rossiyadan Olmaotaga kelgan yigit
Ofeliya Jakaeva / «Meduza»
Yigitlar bilan Jonibekdagi «Sim-Sim» kafesiga kirdik. Bu erda mahalliy bombillar (taksist) toʻplangandi. Kafe egasi mahalliy bombillar bilan birga begona taksilar yoʻlovchi olishiga yoʻl qoʻymadi.
Uralskkacha bir kishi uchun 6 ming (bir million soʻm), Atiraugacha esa 7 ming (bir million ikki yuz ming soʻm) rubl narx toʻlash kerak edi.
Chegarani mendan bir necha soat keyin kesib oʻtgan yigitlar, mashina narxlari keyinroq bir kishi uchun 15 ming rublgacha (ikki million olti yuz ming soʻm) koʻtarilganini aytdi.

Uralskdagi «Atameken» bolalar lageri qoʻriqchisi yotoqxona uchun talonlarni tekshirmoqda. «Atameken» lageri 100 oʻrin uchun moʻljallangan. Xodimlarning soʻzlariga koʻra, joylar ochilishi bilanoq barchasi band boʻlgan.
Baurjan Sabit / «Meduza»

Uralsk shahri atrofidagi «Gazel». Unda ryazanlik Roman yashamoqda.
Baurjan Sabit / «Meduza»
Atiraudagi barcha hostellar Rossiyadan kelganlar tomonidan band qilib boʻlingan ekan. Biz ulardan birining egasidan arzimagan pul evaziga dushga kirishga ruxsat oldik. U erdan oldinroq sotib olgan chiptalarimiz bilan poezdda Olmaotaga joʻnadik. Keyinroq chipta ham qolmadi, mening doʻstim besh kun Atirauda qolib ketdi.
***
Olmaotada birinchi marta ertoʻlada joylashgan hostelda yashadim. Bir-ikki kishidan tashqari barcha Rossiyadan kelgan yigitlar edi. Bu erda men birinchi marta doʻstlarim yordamidan foydalandim: ulardan ochlikdan oʻlib qolmaslik uchun pul berib turishlarini soʻradim. Hozir yana bir qancha doʻstlarim keldi va men ular bilan birga yashayapman.

Gleb safarbarlik e'lon qilingach, Moskvadan Olmaotaga kelgan.
Ofeliya Jakaeva / «Meduza»

Eloman (koʻngilli) Olmaota vokzalida rossiyalikni kutib olmoqda: «Men chegarada odamlar qanday navbatda turgani, kimdir yomgʻir ostida qolgani haqidagi yangiliklarni oʻqidim. Odamlar yordam soʻrayotgan chatlarni kuzatdim. Kelayotganlar bilan gaplashib, ularning yuzlarida qoʻrquv koʻrdim. Shundan keyin ularga yordam berishga tayyor boʻlgan odamlarni yigʻa boshladim — hozir bizda 30 ga yaqin koʻngillilar bor. Ba'zida oʻz pullarimizga hostellarni band qilyapmiz, lagerlarga boryapmiz, pul yigʻishni tashkillashtiryapmiz. Biz taxminan 200 kishi joylashishiga yordam koʻrsatdik. Oziq-ovqat sotib olyapmiz, vokzallarda odamlarni kutib olyapmiz»
Ofeliya Jakaeva / «Meduza»

Mariya (koʻngilli, «Relokatsiya v Kazaxstan» chati administratori): «Chat uyushgan holda tashkil etilgan. Befarq boʻlmagan odamlar ushbu chatga kirishadi. Agar keluvchilar boshpanasiz qolgani haqida yozsa, olmaotaliklardan biri uni qabul qiladi. Kimnidir shunchaki ovqatlantirish kerak boʻladi. Bugun bir ayol kvartira topgan yigitlardan biriga stol va stul berdi. Biz maslahatlashamiz, turar joy topishga yordamlashamiz, vaziyatni nazorat qilamiz, issiq kiyimlar topamiz, viza va pasportlar boʻyicha ma'lumotlar beramiz va odamlar dardi arishi payida boʻlamiz»
Ofeliya Jakaeva / «Meduza»

Olmaotadagi aholiga xizmat koʻrsatish markazi binosi oldida navbatda turgan rossiyaliklar
Ofeliya Jakaeva / «Meduza»

Aholiga xizmat koʻrsatish markazi binosida navbatda turgan rossiyalik
Ofeliya Jakaeva / «Meduza»

Olmaotada aholiga xizmat koʻrsatish markazidagi navbat
Ofeliya Jakaeva / «Meduza»
Kvartira ijaraga olish qiyin, chunki talab oshishi fonida narxlar ham koʻtarilgan. Shahar chekkasidagi bir xonali kvartiralar narxi 200-300 ming tengedan (4,5-7 million soʻm) boshlanadi. Vaholanki, rossiyalik qochqinlar kelishidan oldin shahar markazidagi yaxshi ta'mirlangan kvartirani 180 ming tengega (4 million soʻm) ijaraga olish mumkin boʻlgan. Ayrimlar hozir markazda joylashgan kvartiralarni bir million tengega (23 million soʻm) ijaraga olmoqda. Bu mahalliy aholi uchun ajoyib summa.
***
Hostelda biz bir xonada toʻrt kishi edik, hamma safarbarlikdan qochib kelganlar edi.

Timofey Ekaterinburgdan. Safarbarlik e'lon qilingach, mamlakatni tark etgan, hozirda Olmaotadagi hostelda yashamoqda.
Ofeliya Jakaeva / «Meduza»

Olmaotadagi hostel
Ofeliya Jakaeva / «Meduza»

Hostelga joylashgan rossiyalikning shaxsiy buyumlari
Ofeliya Jakaeva / «Meduza»
***
Mening oilam 18 soatdan beri rulda boʻlgan yigitga uydan joy berdi. Uni kvartira boʻyicha aldashibdi, bu odamni shunchaki tashlab ketib boʻlmasdi. U umidsizlikka tushgan, charchagan va och edi. Yigit biznikida bir hafta yashadi, keyin u bilan birga unga doimiy kvartira qidirdik. Uylar sharoiti ular uchun soʻralayotgan narxga mos kelmasdi. Keyin uyidagi ta'mirlash ishlari tugaguncha yigit shu erda yashashi va ta'mirlashni kuzatishi uchun uni ikki oyga bepul ijaraga qoʻyishga rozi boʻlgan yaxshi inson topildi.
***
Muammo, bir hayot tugagani va butunlay boshqa hayot boshlanganini qabul qilish qiyinligi bilan bogʻliq boʻldi.

Olmaotadagi rossiyalik
Ofeliya Jakaeva / «Meduza»

Olmaota vokzali
Ofeliya Jakaeva / «Meduza»

Belgorodlik Vadim Olmaotadagi Aholiga xizmat koʻrsatish markazida
Ofeliya Jakaeva / «Meduza»
***
Notanish insonlar umumiy muammo fonida birlashdi.
Men bu erga mart oyida kelgan tanishimning javobini kutayotgandim, lekin menda mahalliy sim-karta yoʻq edi. Koʻchadan wi-fi aloqasini topdim. Keyin notanish rossiyalik qochoqlardan chekish uchun sigaret soʻradim. Shunda ular meni oʻrab oldi va mendan «yordam kerakmasmi?», «pulga muhtojliging yoʻqmi?» deya soʻray boshlashdi. Ular buni deyarli oʻn marta soʻradi.
***
Qochqinlar bir-biri bilan muloqotda boʻlib turdi. Biz Qozogʻistonga qochib kelgan bir IT’chi yigit bilan tanishdik. U telegram guruhda barcha raqamli sohada ishlaydiganlar koʻrishishga chaqirdi. Biz kafeda oʻtirdik, ma'lumot va hissiyotlarimizni almashdik.
***
Qozogʻistonga koʻproq oddiy odamlar kelyapti. Bu oʻzlarining qandaydir insoniy hayot tarzini saqlab qolmoqchi boʻlayotgan odamlarning emigratsiya toʻlqinidir. Faollar asosan Gruziya va Boltiqboʻyi mamlakatlariga joʻnab ketdi.

Uralskdagi Cinema Park kinoteatri rossiyaliklar tunashiga joy bermoqda
Baurjan Sabit / «Meduza»

Cinema Park kinoteatridagi rossiyalik kinozalga kirishda uxlamoqda, chunki ichkarida joy qolmagan
Baurjan Sabit / «Meduza»

Uralsk. Baurjan Sabit / «Meduza»
***
Men ruslarga nisbatan hech qanday salbiy xatti-harakatni deyarli uchratmadim. Faqat bir marta bu yuz berdi. Koʻplab rossiyaliklar shaxsiy identifikatsiya raqami uchun navbatda turgan Davlat xizmatlari markazida oziq-ovqat etkazib beruvchisi baland ovozida «shimollik evropoidlar juda koʻp kelgan, DXMga kirishning iloji yoʻq» deya shikoyat qildi. Umuman olganda, mahalliy odamlar bizga doʻstona munosabatda.
***
Biz transport kartasini sotib olishga harakat qildik, biz adashib qolgan odamlarga oʻxshardik. Mahalliy qozoq yigiti kelib: «Rossiyadanmisiz? Balki ovqatlanarsizlar?» deb soʻradi.
Biz transport kartasini qaerdan sotib olish mumkinligini soʻragan boshqa bir ayol esa, shunchaki oʻzinikini choʻntagidan olib, bizga berib yubordi.
***
Ehtimol, bu mahalliy madaniyatdir. Biz shahar avtobusiga chiqdik, sumkalarimizni echib, qoʻlimizga oldik. Yonimizdagi oʻrindiqda oʻtirganlar bizga qulayroq boʻlishi uchun sumkalarimizni olib, tizzalariga qoʻyishdi. Men bunaqasini Rossiyada koʻrmaganman.
***
Qozogʻistonning boshqa shaharlariga borishni xohlamayman. Bilishimcha, faqat Olmaota ruslarga shunday doʻstona munosabatda. Bu er xavfsiz va bu erda Rossiyadagi turmush tarzini qayta tiklash mumkin.

Ofeliya Jakaeva / «Meduza»

Ofeliya Jakaeva / «Meduza»
Olmaotalik taksi haydovchisi biz Ukrainaga odamlarni oʻldirishga bormay qochganimizdan juda xursand ekanligini aytdi.
***
Avtobusda yurayotgan mahalliy aholining gaplarini eshitib qoldim, ular urush haqida gapirayotgandi. Ular Rossiyani bosqinchi dedi va Ukraina oʻzini himoya qilayotganini aytdi. Bu erda nihoyat bu haqda bemalol aytish mumkin edi, mening kichik rus shaharchamda esa bu haqda gapirishsa odamlar bir-biri bilan janjallashib ketar edi.
***
Ma'naviy jihatdan qiyin. Hali yangi hayot qurish kerak. Ammo biz qochganimizdan baribir xursandmiz. Biz urushni qoʻllab-quvvatlamaymiz va mening shahrimda urushga qarshi biror narsa deyishning iloji yoʻq, chunki atrof toʻla «paxtakorlar». Hozircha qaytishni rejalashtirganimiz yoʻq. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar