
NATOga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari ikki kun davomida Buxarestda uchrashuv o‘tkazib, Ukrainaga Rossiya tajovuzkorligini qaytarishda yordam ko‘rsatishning keyingi rejalarini muhokama qilishdi.
Yig‘ilish ochilishida, NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg NATO o‘z hududining har bir qarichini bosqindan himoya qilishga tayyorligidan ogohlantirdi. Uning ta’kidlashicha, alyans(ittifoq) bu mojaroda ishtirok etmaydi, biroq uning a’zolari Ukrainaga Rossiyadan o‘zini himoya qila olishi uchun misli ko‘rilmagan yordam beradi.
“Biz Putinning g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz, aks holda bu boshqa avtoritar rahbarlarga yashil chiroq yoqadi, ularga harbiy kuch orqali o‘z maqsadlariga erishish mumkinligini ko‘rsatadi. Bu bizning dunyomizni hammamiz uchun yanada xavfli qiladi. Shuning uchun Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bizning umumiy xavfsizlik manfaatlarimizdir”, — dedi Stoltenberg.
U Rossiyani bu urushning shafqatsizligini kuchaytirayotganlikda ayblab, Yevropa va dunyoning boshqa mamlakatlariga yuklangan moliyaviy yukni eslatib o‘tdi.
“Aslida, biz hammamiz Ukrainadagi Rossiya urushi narxini to‘laymiz, lekin biz bu narxni pul bilan to‘laymiz, Ukraina esa qon bilan”, - dedi NATO Bosh kotibi.
Sammitning birinchi kuni yakunlariga ko‘ra, NATO mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Ukrainaning energetika infratuzilmasini o‘qqa tutilishini qoralovchi bayonot qabul qildi.
“Rossiya agressiyasi, jumladan, Ukraina fuqaroriga va energetika infratuzilmasiga doimiy va ayovsiz hujumlar millionlab ukrainaliklarni asosiy xizmatlardan mahrum qiladi. Biz Ukrainani suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilishida uni siyosiy, amaliy qo‘llab-quvvatlashimizni davom ettiramiz va kuchaytiramiz. Biz uni qancha vaqt kerak bo‘lsa, qo‘llab-quvvatlaymiz”, - deyildi bayonotda.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Stoltenberg bilan qo‘shma matbuot anjumanida qurol yetkazib berishni tezlashtirishga chaqirdi.
“Oxirgi marta NATO yig‘ilishiga taklif qilinganimda, men uchta so‘z bilan kelgandim: qurol, qurol, qurol.
Shundan beri Ukrainaga armiyamizni zarur qurol-yarog‘lar bilan ta’minlashga yordam berish uchun ko‘p ishlar qilindi. Bu qurollar bizga hududlarimizni ozod qilishda, odamlarni rus bosqinchi kuchlari tomonidan qiynoqlar va haqoratli munosabatdan qutqarishda yordam beradi... Bugun menda yana uchta so‘z bor: tezroq, tezroq, tezroq. Biz qilingan hamma narsani qadrlaymiz, ammo urush davom etmoqda”, - dedi Kuleba.
Harbiy yordam
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi ham mamlakat ichida qurol ishlab chiqarish zarurligi haqida gapiradi.
“Politico” nashriga bergan intervyusida Kuleba qurol ishlab chiqarishga sarmoya kiritmasdan turib, uzoq muddatda jang maydonida g‘alaba qozonish mumkin emasligini aytdi: “Biz bugungi janglar bilan band ekanmiz, ertangi janglarni qanday olib borishimiz haqida o‘ylashimiz kerak”.
Kulebaga ko‘ra, Ukraina bilan urushda yordam beradigan qurollarni bo‘lishishni istamaydigan davlatlar bilan bir necha oy muzokaralar olib borishga hojat yo‘q.
“Ularga tayanib, ularni ishontirishga bir necha oy sarflash o‘rniga, biz zaxirasida qurollari bor, lekin uni bo‘lishishni istamaydigan uchinchi davlatlarning injiqliklariga qaram bo‘lib qolmaslik uchun qurol ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishimiz kerak”, dedi Kuleba.
Shuningdek, u Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlari, tanklar va qurol ishlab chiqarish liniyalari eng muhimi ekanligini aytdi.
Sammit davomida uning ishtirokchilari harbiy yordamni, jumladan, havo hujumidan mudofaa tizimlari, o‘q-dorilar, yoqilg‘i, tibbiy buyumlar va qishki texnikalarni ko‘paytirishni muhokama qilmoqda.
Biroq uchrashuv ishtirokchilari Ukraina tomoni qat’iy so‘rayotgan hujum qurollarini yetkazib berishni kengaytirish imkoniyatlarini xal qiladimi yoki yo‘qmi, hozircha ma’lum emas.
Ushbu sammitda NATO Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va Rossiyaning bombardimonlari natijasida mamlakatdagi energiya inqirozi bo‘yicha yordamni e’lon qiladi.
Yens Stoltenberg yaqinlashib kelayotgan qishdagi qiyinchilik haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar kerak bo‘lsa NATO davlatlari qishda ko‘proq qochqinlarni qabul qilishga tayyor.
“Rossiyaning Ukrainadagi muhim obyektlarga ataylab uyushtirgan hujumi natijasida Yevropaning boshqa mamlakatlariga ko‘proq qochqinlar kelishiga tayyor bo‘lishimiz kerak. Shu bilan birga, infratuzilmaga yangi hujumlarni kutish mumkin”, dedi NATO bosh kotibi.
Kanada tashqi ishlar vaziri Melani Jolining aytishicha, Shimoliy Atlantika ittifoqi mojaroning tezroq tinch yo‘l bilan hal etilishiga umid yo‘qligiga qaramay, kelgusi qishda ham Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi.
"Oxir-oqibat, diplomatik yechim topiladi. Har bir mojaroda shunday bo‘lgan. Lekin biz hali bunga yerishganimiz yo‘q", - deydi u.
U Kanada Ukrainaga 500 million Kanada dollari (370 million AQSH dollari) miqdorida qo‘shimcha harbiy yordam ko‘rsatishga va’da berganini ta’kidladi.
Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukraina fuqarolik infratuzilmasiga hujumlari G‘arb ittifoqchilari tomonidan Ukrainani qo‘llab-quvvatlanishini kuchaytirgan.
“Biz ukrainaliklarning oldindagi qishning qiyinchiligidan chiqib ketishini ta’minlashimiz kerak”, dedi. Shuningdek, NATO energetika vazirlari yaqinlashib kelayotgan energetika inqirozini hal qilish yo‘llarini izlayotganini qo‘shimcha qildi.
Buxarestdagi sammit 14 yil oldin, 2008 yilda Ruminiya poytaxtida bo‘lib o‘tgan va kelajakda Ukraina va Gruziyaning NATOga kirishi mumkinligi to‘g‘risida qaror qabul qilingani bilan ahamiyatlidir. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar