
Kecha va bugun
«Qor odam» o‘zi bormi-yo‘qmi? U bilan bog‘liq gap-so‘zlar, taxminlar-u, dalillarga bog‘liq mavzu necha yillarki, tinmaydi. Ayniqsa, 1968 yilgi voqea e’tiborga molik. AQSH bo‘ylab ko‘chma ko‘rgazma gastrolga chiqqan, odamlarni qiziqtirgan eksponatlar orasida muz to‘ldirilgan sovutkich-quti ham bor edi. Bu katta idishda ulkan tukli tanani ilg‘ash mumkin bo‘lib, uni goh odamga o‘xshash mavjudot, goh neandertal, goh yeti deb atashardi. Mazkur eksponat pul evaziga namoyish etilardi.
Bu haqdagi gaplar og‘izdan-og‘izga o‘tdi, yon-atrofga tarqaldi. Ishonmaganlar kelib, qayta-qayta ko‘rishdi. G‘aroyib eksponat bilan olimlar, so‘ng FQBdagilar qiziqib qolishdi. Ehtimol, «qor-odam» murdasini maxsus tekshirishdan o‘tkazishardi ham, ammo u to‘satdan g‘oyib bo‘ldi. Vaholanki, jasad kichik doirada bo‘lsa-da, kuzatuvdan o‘tgan edi. Shu tarzda, bir necha o‘n yillar mobaynida eksponat taqdiri haqida hech nima ma’lum bo‘lmay qoldi. Kamdan-kam kishi ishonib, tilga oladigan afsona-cho‘pchaklar yurardi, xolos.
Nihoyat, Texas shtati Ostin shahridagi ajoyibotlar muzeyi xo‘jayini Stiv Basti muzlatilgan yetini topganini e’lon qildi. Bastining aytishicha, ushbu jasadni eksponat egasi – Minnesota shtatida yashab kelgan iste’fodagi harbiy uchuvchi Frenk Xansen yashirib qo‘ygan ekan. Xansen uzoq yillar mobaynida bu haqda bildirmay kelgan. U yaqinda vafot etgan. Shundan so‘ng Xansenlar oilasi «qor-odam»ning jasadini sotishga qaror qilgan.
Stiv Basti yetini o‘zining muzeyida namoyish etmoqchi edi. Ammo botina olmadi, hali-hanuz bu ishga kirishgani yo‘q.
Yuqorida tilga olganimizdek, Xansen 1969 yili muzlatilgan Yetini olimlarga ko‘rsatgan. Tanani belgiyalik zoologiya mutaxassisi Bernar Eyvelmans va amerikalik mutaxassis Ayven Sanderson sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirishdi.
Ana shundan so‘ng hayajonga tushgan Eyvelmans tarixda ilk bor neandertalga o‘xshash odamning aynimagan jasadi topilganini ta’kidladi. Olim uni «gomo pongoides» deb nomlashni taklif qildi. Eyvelmans «Belgiya tabiiy fanlar qirollik instituti axborotnomasi»da «qor odam» tadqiqotchisi, rus olimi Boris Porshnevni tilga oladi. Porshnev «yeti – bugungi kungacha yashab kelgan neandertal odam» degan taxminni ilgari surgan edi. Olim o‘shanda, 1969 yili «Muz bo‘lagidagi topilma» nomli maqola yozgan. Unda shunday deyiladi:
«Janob Xansen yarim yil mobaynida AQSH yarmarkalari bo‘ylab maxsus furgonda shisha qopqog‘i bo‘lgan maxsus chiroqlar va sovitish qurilmasiga ega metall tobutni olib yurgan. Unda «tarixdan ilgarigi odam»ning jasadi bor edi. Mazkur eksponatga na ilmiy muassasalar, na ma’muriy idoralar e’tibor qaratardi. Faqat yaqindagina amerikalik olim Ayven Sanderson va uning belgiyalik mehmoni Bernar Eyvelmans bu haqda eshitib qolishdi. Eksponat egasi bilan gaplashishdi. Xansen o‘zining g‘aroyib topilmasini ikki kun davomida ko‘rish va suratga olishlariga rozi bo‘ldi. Biroq jasadni o‘rganish, maxsus tadqiqot uchun berib yuborish hamda uni qayerdan olganini aniq aytishdan bosh tortdi.
Sanderson va Eyvelmans nimani ko‘rishgan? Eyvelmans o‘z xulosasini shoshilinch ravishda axborotnomada e’lon qildi. Mening qo‘limda mashinkada terilgan mufassal hisobot va unga ilova qilingan bir nechta fotosurat mavjud. Ularda bo‘y-basti 180 sm bo‘lgan, chalqancha yotgan, yuzi, kafti va oyog‘ining tagidan boshqa hamma joyi tuk bilan qoplangan erkak aks etgandi. Mavjudotning boshi orqaga, muzga tashlab qo‘yilgani bois, peshanasi ko‘rinmasdi...
«Muz davri odami» borasidagi taxmin shu zahotiyoq g‘oyib bo‘ldi: bu tukdor mavjudotning o‘ng ko‘ziga o‘q uzib o‘ldirilgan edi. Ikkinchi o‘q esa uning ko‘tarilgan qo‘liga tekkan. Boshi atroflari qon.
Mutaxassislar guruhi aytishicha, mazkur organizm muzda saqlanayotganiga bir necha yil bo‘lgan. Anatomik tahlil g‘aroyib mavjudotning tana qismlari qazib olingan neandertalga nisbatan oddiy zamonaviy odamlarnikiga yaqinligini ko‘rsatdi. Biroq ba’zi jihatlar neandertallarga yaqqol ravishda juda mos keladi. Orqaga tashlangan bosh kalta bo‘yindan dalolat bermoqda, demak, mavjudotning boshi yelkasiga yopishib turgan. U dumaloq iyakka, kalta va katta teshiklardan iborat qanqaygan burunga ega bo‘lib, og‘zining to‘g‘ri va uzun kesimi deyarli labsiz edi. Tanasi va qo‘l-oyoqlari o‘ziga xos ravishda ajralib turardi.
Ko‘krak qafasi odamnikiga nisbatan ancha qavariq va ulkan bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri pastga engan, ovalsimon tarzda qorin orqali belga ulanib ketgan. Qo‘llar odamnikiga nisbatan tizzadan tushib turadigan darajada uzun. Oyoqlar, aksincha, birmuncha kalta. Panjalar ulkan, enli va oddiy odamnikiga qaraganda kalta, bosh barmoq esa uzunroq. Oyoq sathi ancha tarvaqaylagan. Barmoqlar hozirgi odamlarnikidan farq qilib, oyoq sathi o‘qiga nisbatan qiyshiq bo‘lmay, qazib olingan neandertallarniki kabi tekis joylashgan... Sochning umumiy holati odamlarda uchraydigan yuqori darajadagi sertuklik kasalligiga umuman o‘xshamaydi...»
Tog‘dagi uchrashuv
«Qor-odam»ni muz-idishda namoyish etgan Xansen hali o‘zini nimalar kutayotganini bilmasdi. Avvaliga u churq etmadi. Faqat o‘limi oldidan yozgan esdaliklarida barchasiga iqror bo‘ldi.
Xansen Rojer Patterson va Bob Gimlin 1967 yil 20 oktabr kuni Kaliforniyaning yovvoyi tog‘larida «qor odam»ga duch kelib, mashhur filmni suratga olishlaridan yetti yil avval bu mavjudotni uchratgan edi (darvoqe, ikkovlonning miltig‘i bo‘lsa-da, o‘q uzishmagan).
Xansen bilan bog‘liq voqea 1960 yili Viskonsin shtati tog‘larida ro‘y bergan. U dastlab bug‘uni otgan. Biroq o‘q tegmay, jonivor qochib qolgan. Ovchi ortidan izlab ketgan va to‘satdan uchta yetiga duch kelgan. Ular allaqachon bug‘uni ushlab, qornini yorishgan va ichki a’zolarini yeyish bilan ovora edilar.
Esdalikda yozilishicha, Xansen qo‘rqqanidan nima qilishni bilmay, qotib qolgan. Yetilardan biri unga ko‘zi tushib, asovlarcha baqiradi va qo‘llarini silkitgancha hujumga tashlanadi. Xansen qo‘rqib ketgan bo‘lsa-da, hushyorlik qiladi: miltig‘idan o‘q uzib, mavjudotning boshi va qo‘liga tekkizadi.
Esdalikdan qaydlar
«Ulkan mavjudot o‘zining yuzidan otilayotgan qon tufayli kutilmagan hodisadan vahimaga tushgandi. Men miltig‘imdan ikkinchi bor o‘q uzganimni eslay olmayman. G‘arq tergan botgandim, idrok etganim yerda yotgan bug‘u edi. Men o‘q uzgan yeti yerga quladi. Qolgan ikki mavjudot qayerda ekanligi noma’lum, ularni boshqa ko‘rmadim. Go‘yo «havo»ga uchib ketgandek edilar.
Men qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrardim. Bir amallab hushimni yig‘dimu qochib ketdim. Botqoqlikka o‘zimni urib, qay tomonga ketayotganimni bilmay yugurverardim. Miyamda bu qo‘rqinchli maskanni tezroq tark etish fikri aylanardi. To‘qnashib ketib yiqildim, o‘rnimdan turdim va yana yiqildim. Ular shundoqqina orqamda deb o‘ylardim.
Muzlagan botqoqlik ustida yotarkanman, bu mavjudotlar meni ushlab olsa nima bo‘lishini ko‘z oldimga keltirdim. Qochishim kerak, biroq zarracha madorim qolmagandi. Menga hujum qilishlarini ancha vaqtgacha kutib yotdim. Ovchilar qoidasiga ko‘ra, miltiqdan uch marta o‘q o‘zishim, boshqa ovchilar shu tarzda javob berishlari kerak edi. Shunday qildim. Javob tariqasida uchta o‘q tovushi eshitildi. Ancha o‘zimga kelib, o‘rnimdan turdim. So‘ng o‘q ovozi kelgan tomonga yo‘naldim...»
Xansen o‘lgan yetini qoldirib, jo‘nab ketgan edi. U oradan bir necha kundan so‘ng bu joyga qaytdi. O‘shanda o‘rmon sovuq, qalin qor yoqqani bois, jasad yaxshi saqlangan edi. Xansen nima qilishni bilmas, uni yana qo‘rquv qamrab olgandi. Nihoyat mavjudotni shu yerda ko‘mishga qaror qildi. Biroq qo‘lidan kelmadi – muzlagan yerni kavlab bo‘lmasdi. Shundan so‘ng yeti Xansenning Minnesotadagi uyiga, so‘ng sovutkichga, keyin esa ko‘rgazma va yashirin joyga o‘tkazildi.

O‘q uzgan balogardon
Ha, qiziq. Avvaliga «qor-odam»ning jasadi ko‘rsatilgan, keyin esa izsiz yo‘qotilgan. Aslida Xansenni tushunsa bo‘ladi. U qo‘lga kiritgan «qor-odam»ning jasadi yuqorida nomlari qayd etilgan ikki nafar olim tomonidan o‘rganilgach, rosmana shov-shuv ko‘tarildi. Zoolog Eyvelmans «Bu qandaydir xitoycha tryuk yoki mohirona tarzda amalga oshirilgan soxta ish mahsuli emas», deya sharh bergan edi. Biroq gazetalar «qor-odam» bilan bog‘liq haqiqatga ishonch bildirishdan ko‘ra, boshqa masalaga e’tiborni qaratdi: «Agar bu majduot haqiqatan mavjud bo‘lsa, savol tug‘iladi: nima uchun o‘ldirilgan?»
AQSH va Angliya gazetalarida xuddi shunday deb yozilgandi. FQB va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari Xansenning shaxsiga vahimali tarzda qiziqib qolishdi. Gap-so‘z boshqacha tus oldi. Xansen xavotirga tushib, o‘zining advokatiga murojaat qildi. Advokat rostini aytdi: «Sizni qotillikda ayblashlari mumkin».
Xansenning jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo‘lishi haqidagi orzulari sarobga aylandi. Bir kuni ertalab esa advokat qat’iy tarzda ogohlantirdi: «Frenk, agar ehtiyot bo‘lmasangiz, tez orada qamoqxonaga tushishingiz mumkin».
«Ha, mening muammolarim gazetalardagi maqolalardan boshlandi, – deb yozgandi Xansen. – Butun dunyodagi gazetalar, radiostansiyalar, jurnallar va televizion stansiyalar mavjudotning o‘limi bilan jiddiy ravishda qiziqib qoldi. London, Tokio, Berlin, Rim va Amerikaning talay shaharlaridan har kuni qo‘ng‘iroq qilishardi. Smitsonovskiy instituti mavjudotning boshini o‘rganib chiqish uchun ruxsat so‘radi. Bu iltimos shu ondayoq rad etildi. O‘nlab olimlar esa mavjudotning tanlab olingan qismlarini o‘rganmoqchi ekanligini aytib, murojaat qilishdi. Biologlar soch va qon bilan qiziqdilar».
Gazetalar mavjudotni qanday qilib qo‘lga kiritganim haqida so‘rar, bu ish bilan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar shug‘ullanishi kerakligini aytib bong urardi. «...Agar odam shaklidagi mavjudot o‘ldirilgan bo‘lsa, savol tug‘iladi: unga kim o‘q uzgan, qanday jinoyat sodir etilgan?» – deyilgandi the Detroit News maqolasida.

Mening hayotim alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketishi tayin edi. Advokatimning gapiga kirdim. Mavjudotning haqiqiy tanasini furgonga joyladim-u, qutida soxtasini qoldirdim. Keyin o‘zim ham, yeti ham gumdon bo‘ldik...»
Bora-bora shov-shuvlar tindi. Ammo vaqti-vaqti bilan u yana g‘imirlab qoladi. Qay tarzda bo‘y ko‘rsatali, bunisi hozircha noma’lum.
Akbar Fathullayev
Manba: Xabar.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar