![«Gitler yolchitib maktabda ham o‘qimagan» – tarixchi Ixtiyor Esonov](/uploads/posts/2023-04/field_image_adolf-hitler-2.jpg)
AzonTVda berilgan «Fikrat» ko‘rsatuvining Yevropa tarixiga bag‘ishlangan sonlaridan birida o‘tgan asrning yovuz siyosatchilaridan biri Adolf Gitlerning hokimiyatga kelish tarixi haqida suhbat uyushtirildi. Tarixchi Ixtiyor Esonov ekspert sifatida qatnashgan ushbu dasturda Gitler o‘zi yaratgan siyosiy mafkuraning nega aynan millatchilik ustiga qurgani muhokama qilindi.
- Gitlerni dono va daho deyish uncha to‘g‘ri emas, dedi tarixchi Ixtiyor Esonov. – Lekin uni axmoq ham deyish mutlaqo noto‘g‘ri. To‘g‘ri, Gitler yolchitib maktabda ham o‘qimagan. Tasviriy san’at akademiyasiga ham qabul qilishmagan. Shunga o‘xshash muvaffaqaqiyatsizliklar yig‘ilib, yig‘ilib Gitlerning qalbida nemis bo‘lmagan, lekin Avstriya va Germaniya ijtimoiy va moliyaviy muvaffaqiyatga erishgan millatlar, xususan, yahudiylarga nisbatan nafrat tuyg‘ularini kuchaytirib yuborgan. Uning yuragidan butun boshli xalqlarga va millatlarga nisbatan nafrat uyg‘ona boshlagan.
Lekin Gitler ko‘p kitob o‘qigan. Kutubxonalarga qatnab, ko‘plab ilmiy-falsafiy adabiyotlarni o‘qiydi. Unga, ayniqsa, millatchilik va shovinistik g‘oyasini ilgari surgan adabiyotlar ko‘proq ma’qul bo‘lgan. Fridrix Nitsshe va boshqa mualliflar uning sevimli adiblari bo‘lishgan. Gitler ko‘proq shunday adabiyotlardan rohat olardi. Hatto musiqa eshitganda ham ko‘proq Rixard Vagnerning musiqiy asarlarini tinglashni xush ko‘rardi. Germaniyaning qudratini aks ettiradigan, Germaniya buyukligini madh etadigan kompozitsiyalarni ko‘proq eshitardi.
U avvaliga sotsialistlarning g‘oyalariga ham qiziqqan. Ammo keyin bu mafkuraning puch ekanligini tushunib yetgan. O‘sha paytdagi nemis yoshlaridagi millatchilik kayfiyati ularni jipslashtirayotganini ko‘rgan. Nemis o‘smirlarining boshqa millatlarni pisand qilmasdan, maroq bilan do‘pposlashayotganini ko‘rib, Gitlerning miyasida yangi g‘oya paydo bo‘lgan - u xalqni milatchilik g‘oyasi atrofida jipslashtirish va shu kabi shiorlar ostida o‘z ortidan ergashtirishga qaror qilgan.
Lekin hamon Gitler pulsiz va biror yutuqsiz daydirab yurardi. Hamon biror tayin ishning boshini tutmagan, biror amalga erishmagan Gitlerga hech kim jiddiy munosabatda bo‘lmagani unga alam qilardi.
Lekin Birinchi jahon urushining boshlanishi Gitler uchun ayni muddao bo‘ldi. U dunyoni qayta taqsimlash uchun jangga kirgan imperiyalar qatorida Germaniya ham katta yerlar va resurslarni qo‘lga kiritishini chin dildan istadi. Buyuk va farovon Germaniya paydo bo‘lishiga o‘z hissasinini qo‘shgisi keldi. Astoydil va jasorat bilan jang qildi. Janglarda harbiy rahbariyat e’tirofiga ham sazovor bo‘ldi. Yefreytor unvonigacha ko‘tarildi. Bu xizmatlari uchun aslida uning unvonini ko‘tarishlari kerak edi. Lekin unga nohaqlik qilishgan. Shtabdagi “kalamushlar” bois hatto urushda ham unga nisbatan nohaqlik qilishgan. Uni durustroq taqdirlashmagan. Shu bois Gitler harbiy mulozimlarni ko‘p ham yoqtirmagan. Hatto davlat tepasiga kelganida ham ularga ishonqiramay qaragan, deydi tarixchi Ixtiyor Esonov.
Xulosa qilib aytish mumkinki, biror yovuz dahoning paydo bo‘lishi va oyoqqa qalqishida jamiyatdagi nohaqliklar, hukumat yuritayotgan adolatsiz siyosat ham sabab bo‘ladi. Adolatsizlik suvi bilan sug‘orilgan yerga tushgan ayrim urug‘lardan ulkan falokat daraxti o‘sib chiqishi mumkin. Gitler va uning siyosiy faoliyati tarixi ibrat o‘laroq bizga doim shuni eslatib turadi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring ![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar