date

Vashingtonda Mirziyoyev va Tramp muhokamalari yakunlandi

Vashingtonda Mirziyoyev va Tramp muhokamalari yakunlandi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga amaliy tashrifi mazmun jihatdan boy va strategik ahamiyatga ega bo‘ldi. Vashingtondagi uchrashuvlar doirasida davlat rahbari Oq uyda AQSH prezidenti Donald Tramp bilan muzokaralar olib bordi. Suhbat davomida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichi belgilab olindi.

Shuningdek, tashrif doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilari ishtirokida “S5+1” formatidagi sammit bo‘lib o‘tdi. Bu sammit mintaqaviy muloqotni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiy va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratildi.

Tomonlar muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston–AQSH strategik sherikligini yanada rivojlantirish, investitsiya va innovatsiya yo‘nalishlaridagi qo‘shma dasturlarni kengaytirish, shuningdek “S5+1” platformasini mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy o‘sish drayveriga aylantirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Prezident Mirziyoyevning Vashingtondagi faol dasturi davomida bir qator muhim uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbari senator Stiv Deyns, kongressmenlar Kerol Miller, Bill Xayzenga va Sidni Kamlager-Dav bilan muloqot qildi. Suhbatlarda qonunchilik aloqalarini faollashtirish va yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, prezident AQSH savdo vaziri Xovard Latnik, Eksimbank raisi Jon Yovanovich, Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Ben Blek, hamda General Motors International kompaniyasining global rahbari Shilpan Amin bilan ham uchrashdi. Bu suhbatlarda energetika, transport, sanoat va IT sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilindi.

Tashrifning ishbilarmonlik qismida AQSHning yetakchi ishbilarmonlari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Bu tadbir O‘zbekistonning xalqaro hamkorlar uchun ochiq va ishonchli hamkor sifatidagi imijini yanada mustahkamladi.

Muzokaralar yakunida ikki va ko‘p tomonlama muhim hujjatlar imzolandi. Ular orasida investitsiyani himoya qilish, savdo munosabatlarini erkinlashtirish va moliyaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan kelishuvlar bor.

Shunday qilib, Shavkat Mirziyoyevning bu tashrifi O‘zbekiston va AQSH munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tardi. Tashrif yakunida davlat rahbari Vashingtondan Toshkentga jo‘nab ketdi va bu safar ikki mamlakat munosabatlarida yangi sahifa ochgani ta’kidlandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Vashingtonda Mirziyoyev va Tramp muhokamalari yakunlandi