Yaponiya parlamenti mudofaa uchun rekord darajadagi budjetni qabul qildi: 6,8 trillion iyena yoki taxminan 51,8 milliard dollar. Besh yildan so‘ng mamlakat mudofaa budjeti AQSH va Xitoydan keyin dunyoda uchinchi o‘ringa chiqadi.
O‘n yil oldin Yaponiyaning milliy xavfsizlik strategiyasida Rossiya mintaqada barqarorlikni ta’minlash uchun o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish zarur bo‘lgan sherik sifatida belgilangan edi. Endi bu hujjatning yangi tahririda u "bezovta qiluvchi" omil sifatida qaraladi.
Biroq, hamma narsani Ukrainadagi urush bilan bog‘lash adolatdan bo‘lmaydi. Lekin Tokio Moskvaning bu harakatlarini birinchi kunlardan boshlab “xalqaro tartibni buzish”, deb hisoblab, Yaponiyada davom etayotgan qayta qurollanish jarayonini tezlashtirib yubordi.
Uzoq vaqt davomida Osiyo-Tinch okeani mintaqasida xavfsizlik kun tartibini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydigan AQSH-Yaponiya ittifoqida Tokio qalqon, AQSH esa nayza rolini o‘ynaydi, deb hisoblashardi. Ammo mamlakatning iqtisodiy qudrati muqarrar ravishda uning harbiy-siyosiy salohiyatini yuksaltirishni taqozo qiladi. Shuning uchun hozirda hukmron yapon elitasi Yaponiyani nafaqat iqtisodiyoti, balki harbiy qudrati bilan ham buyuk davlatlar safiga qaytishi kerak, deb hisoblaydi.
Sindzo Abening 2012 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan prezidentligining ikkinchi muddati bu jarayonning keskin tezlashishiga olib keldi. Garchi u Yaponiya Konstitutsiyasini harbiylashtirish va xalqaro maydonda Yaponiyaning o‘zini-o‘zi mudofaa kuchlarining imkoniyatlarini kengaytirish yo‘nalishida qayta ko‘rib chiqa olmagan bo‘lsa-da, bu yo‘lda juda ko‘p ishlar qilindi. Amaldagi milliy mudofaa strategiyasi Yaponiyaning harbiy budjetini hozirgi YAIMning 1,24 foizidan NATO standartlarigacha, ya’ni 2 foizga oshirishni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, unda keltirilishicha, Tokio o‘z chegaralariga tahdid tug‘ilgan taqdirda dushman hududiga qarshi hujumlar uyushtirish huquqini o‘zida saqlab qoladi. 2021 yilda esa harbiy sohada Abe kursining sodiq izdoshi, amaldagi bosh vazir Fumio Kisida Yaponiya kelajakda raqiblarining harbiy bazalariga qarshi zarba berish strategiyasiga murojaat qilishi mumkinligini aytgan edi. Yaponiya siyosiy ritorikasi Ikkinchi Jahon urushidagi mag‘lubiyatdan keyin unga qo‘yilgan maqomni butunlay rad etib, ko‘rgazmali tinchliksevarlikdan 180 darajaga burildi.
"Yaponiya dengiz o‘zini-o‘zi mudofaa kuchlari" deb atalgan Yaponiya floti bugungi kunda dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egallab, yaqin kelajakda Rossiya dengiz flotini uchinchi o‘rindan siqib chiqarish imkoniyatiga ega. Bundan tashqari, agar Tinch okeanidagi kuchlarni hisoblasak, Tokio ko‘p yillar davomida dengizda Rossiyadan sezilarli ustunlikka ega.
Bugun Tokioda “Rossiyada rejim o‘zini qanday tutayotganiga qarang. Xitoydagi rejim ham shunday yo‘l tutmasligiga va Sharqiy Xitoy dengizidagi munozarali Senkaku arxipelagiga hujum qilmasligiga kafolat yo‘q. Shuning uchun, imkon qadar tezroq qalqonimizni nayzaga o‘zgartirish kerak”, degan fikr oralab yuribdi.
Nayza esa g‘aroyib narsa. Nayza kimda bor bo‘lsa, doimo uni sinab ko‘rish vasvasasiga tushadi. Bu mamlakat harbiy-sanoat majmuasining egalari bo‘lgan kuchlar - Yaponiyaning haqiqiy xo‘jayinlari -Yaponiya hukmron elitasida faol ravishda jonlanayotgan samuraylar ruhiyatiga juda mos keladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar