08:40 / 06.06.2023
628

Xotinning o‘rni qayerda yoxud 28 may taassurotlari...

Xotinning o‘rni qayerda yoxud 28 may taassurotlari...
Kichkinaligimdan boshqa o‘rtoqlarim, sinfdoshlarim shahrimizdan bir qadam chiqmagani holda men onamga qo‘shilib ko‘p yo‘l yurardim. Bozorma-bozor, qo‘shni viloyatlarga, Qirg‘izistonga degandek. Maktabni bitirgach, yo‘llarim Toshkentga ulandi. Shu bilan boshlandi – Toshkent–Marg‘ilon, Toshkent–Buxoro, Toshkent–Samarqand, Qashqadaryo... Bulargayam qanoat qilmay qoldim, shekilli, endi Istanbulda o‘tiribman. Xullas, yegan og‘izga osh beraman, yig‘lagan ko‘zga yosh beraman, deyilganiday, yuraman deganga yo‘l berilaverarkan.
 
Lekin hozir mavzu sayoq-sanqiligim haqida emas. Gap boshqa yoqda. Kecha ko‘chadan kelib, shomdan keyin ozgina ko‘zim ketib qopti. Ulovlar signalidan cho‘chib uyg‘ondim. “To‘y bo‘lyaptimi?” deb oynadan qarasam, baqir-chaqir avjida. Internetga mo‘ralasam, necha kunlardan beri nafaqat turklar, balki butun dunyo ko‘zini to‘rt, qulog‘ini ding qilib, har kim har xil maqsadda kutayotgan prezidentlik saylovi nihoyalabdi. Erdog‘an g‘alaba qozonibdi. Shovqin-suron, baqir-chaqir, mushakbozlik... Chiqay, desam, qulog‘ingni qomatga keltiradigan to‘polon, chiqmay, desam, tabiatimdagi har narsaga qiziqish... Oxiri bo‘lmadi, qizimni yetaklab tashqariga yo‘l oldim. Odamning boshiga nima kelsa, qiziqishdan, deydi turklar. Bekorga emas ekan, ancha kayfiyatimni buzdi bu millat.
 
Tashqari tumonat odam. It egasini, mushuk bekasini tanimaydi. Katta-yu kichik mashinalar ust-ustiga signal chalgan, odamlar ayvonlariga Raisning suratini ilgan, Erdog‘anning tarafdorlari kulgan, boshqasining zafarini kutganlar oynalardan qarab, qovoq solgan, xullas, kimga to‘y, kimga aza kelgan...
 
Bir mashinaga ovozkuchaytirgich o‘rnatishibdi, vatanparvarlik haqida qo‘shiqlarning keti uzilmaydi. Chetda turib kuzatyapman desangiz. Qarab turib, ichimda savol uyg‘ondi: yigitlar, erkaklar-ku, mayli, ayollarga nima bor? Ustiga-ustak ro‘mol o‘ravolib, boshiga yozuvli lenta bog‘lagancha ulov oynasidan bayroq silkitishlarini-chi! Bularning erkaklari “o‘tir uyda!” demaydimi? Xotin degan siyosatga aralashib nima qiladi? Prezident kim bo‘lsa bo‘laversin, o‘tirmaysanmi ovqatingni pishirib, serialingni ko‘rib, qo‘ni-qo‘shni bilan g‘iybatlashib? Senga nima farqi bor? Baribir aqling hech baloga yetmaganidan keyin. Turishidan idish-pidishlariniyam yuvmay ko‘chaga yugurishgan-ov... Bu yerdagi erkaklar “Ayollarning sochi uzun, aqli kalta”, degan “purma’no” gapdan xabarsiz bo‘lsa kerak. Agar bilganidaydi, ikki gapning birida qaytaraverib, bu “sochli eshon”larning popugini pasaytirib qo‘ygan bo‘lishardi.
 
Xotinlarning faolligi yetmagandek, yosh bolalarniyam qo‘liga bayroq tutqazib qo‘yishibdi, “qani-qani”, deb qo‘yishadi ora-orada. Erkinlik berilsa shu-da, bayroq senga o‘yinchoqmi bolagayam ushlataversang? Mayli, Ostonangga os, ayvoningga os, har yoqda sudrab yuraverma-da endi! Bu mamlakatda milisa-pilisa yo‘qmi, deb to‘rt tomonga qarayman “bayroq bilan hazillashma”, deb bularning adabini berishini kutib. Hartugul bor ekan, lekin ularam hafsalamni pir qildi. Axlat idishni chetrog‘ga surdirib, yo‘lni to‘sib qo‘yganlarga nimalardir deb, to‘planib qolgan mashinalarning o‘tishiga imkon qilib berdi-yu, ketdi.
 
Erkaklardan, milisadanam umid qolmadi. Lekin ko‘rinmas va eng katta kuch bo‘lgan qaynonalarning ko‘zi qayerda? Nega bunchalik bo‘sh qo‘yvorishgan kelinu nabiralarini? “Kech bo‘lganda nima qilasan?” deb uyda olib o‘tirishsa bo‘lmaydimi? Gapingga kirmasa, o‘g‘ling kelganida chaqib berib, tomoshasini ko‘r. Bolalarniyam tez-tez “Onang kimu sen nima bo‘larding?” deb boshiga taqillat, jikillayvermay, jimgina bosh egib turadigan bo‘lishadi. Hechqursa, televizorni yoqib, “Iqror”ni qo‘yib ber desam, bularda “Iqror”am yo‘q. Shunday deb kuyunganimcha atrofga qarasam, qaynonalaram bayroq ko‘tarib, baqir-chaqirga jo‘rovoz bo‘lishyapti. Ha-ay, dedim, tugalay tamom bo‘psizlar-ku! (Aslida-ku, bular kelin bilan birga turishmas ekan, uylantirib, alohida chiqarib qo‘yisharkan. Ahmoqlikning kattasini qilisharkan, sizga aytsam, axir, bu degani o‘g‘ilni shundoqqina kelinga topshirib qo‘yish-ku! Bolani boqib-boqib qolaveradimi odam? Kelinning suvini siqib, xizmat qildirishi kerakmasmi?)
 
Xullas, vatanparvarliklari qanchalik havasimni keltirmasin, bizning erkaklaru qaynonalardan xotinlar va kelinlarning popugini pasaytirish borasida bi-ir masterklass zarur ekan bularga, degan xulosa bilan uyga qaytdim. Ishqilib, oxirlari baxayr bo‘lsin-da.
 
Zumrad Foziljon qizi
Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xotinning o‘rni qayerda yoxud 28 may taassurotlari...
ePN