12:18 / 07.07.2023
464

Prigojin va Surovikinning Suriyada boshlangan yaqinligi tarixi

Prigojin va Surovikinning Suriyada boshlangan yaqinligi tarixi

Foto: REUTERS/EPA-EFE/REX/SHUTTERSTOCK

Yevgeniy Prigojinning harbiy isyonidan keyin «General Surovikin qani?» degan savol rossiyaliklar orasida tobora ko‘p berilmoqda. Surovikin Rossiyaning Ukrainadagi birlashgan qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari hisoblanadi. General isyon vaqtida vagnerchilarga murojaat qilib, ulardan to‘xtashni so‘ragandi. Shundan buyon undan darak yo‘q.

Financial Times Surovikin qo‘lga olingani, Bloomberg uni isyon bilan bog‘liq ish bo‘yicha bir necha kun so‘roq qilishgani, generalning qizi esa otasi ish joyida ekanini yozdi. Prigojin va Surovikin urush boshidan buyon yaxshi munosabatda bo‘lib kelardi. BBC Surovikin va Prigojinning uzoq yillik munosabatlarini tahlil qildi.

Hammasi Suriyada boshlangandi

O‘zini mustaqil deb e’lon qilgan «LXR » safida ikki yil jang qilgan luhansklik Andrey (ismi xavfsizlik nuqtayi nazaridan o‘zgartirilgan) 2016 yil bahorida bir necha quroldosh do‘stlari bilan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga qo‘shilib, Suriyaga ketishga qaror qiladi. Bu vaqtda ikkinchi Minsk kelishuvi imzolangan va Ukraina sharqida harbiy harakatlar to‘xtab qolgandi. Shu bois, u yerdagi pul uchun urushib yurganlar yangi tirikchilik manbasi qidirib qoladi. Frontda ularga talab yo‘q, tinch hayotga qaytishni esa ularning o‘zi xohlamasdi.

Bu vaqtda Suriya prezidenti Bashar Asad 5 yil davomida qurolli muxolifat bilan kechgan janglarda mamlakatning katta hududi ustidan nazoratni boy berib bo‘lgandi. Rossiya 2015 yil sentabr oyida Suriyaga yordamga yetib boradi. Bu vaqtda mamlakat Ukrainaga qarshi urush sabab xalqaro sanksiyalarga uchray boshlagandi. Putin Suriya mojarosida ishtirok etish orqali Rossiyani xalqaro maydondagi muzokaralarga qaytarishlariga umid qiladi. Rossiya hukumati Suriyadagi harbiy maqsadlar faqat aviatsiya kuchlari orqali amalga oshirilishi, Suriya yerlarida rus harbiylari o‘lmasligiga so‘z beradi. Shu tariqa, Suriya hududida Putin o‘sha voqealardan 7 yil o‘tib davlat tomonidan moliyalashtirilishini tan olgan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasining nolegal yollanma jangchilari paydo bo‘ldi.

Andreyning Suriyaga xizmat safari atigi uch hafta davom etadi. Luhansklik yigit Suriyaga borganining 21-kunida topshiriqni bajarib qaytayotgan samolyot ular joylashgan binoga FAB-500 bombasini (sovet davrida ishlab chiqarilgan 500 kilolik aviabomba) tashlaydi. Andrey samolyot Rossiya harbiy kosmik kuchlariga tegishli bo‘lgani, portlash oqibatida 6 nafar quroldoshi halok bo‘lganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, portlash vaqtida hojatxonaga chiqqani sabab omon qolgan.

O‘sha vaqtda bunday portlashlar Suriya uchun odatiy hol edi. Moskvaga yurish vaqtida harbiy uchuvchilarni o‘ldirishda ayblangan Prigojinning odamlari Suriyadagi bunga o‘xshash voqealar haqida isyondan keyin ehtiyotkorlik bilan o‘z Telegram-kanallarida ayta boshladi.

O‘sha voqeadan keyin Luhanskka qaytgan Andrey ortiq Rossiya armiyasi bilan ham, «Vagner» bilan ham hech qanday aloqa qimlaslikka qaror qiladi. Ammo faqat Rossiya Ukrainaga bostirib kirguniga qadar. Urush boshlangach esa Andrey endi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan «LXR» safida jang qila boshlaydi.

Vladimir Putin va Sergey Surovikin Suriyadagi Xmeymim bazasida
Foto: MIKHAIL KLIMENTeV/TASS

«Haddan tashqari hissiyotga berilish»

Yollanma jangchilarning pozitsiyasiga bomba tashlangan vaqtda Rossiyaning Suriyadagi guruhini general-polkovnik Aleksandr Dvornikov boshqarardi. Uning qo‘mondonligida Rossiya harbiylari yollanma jangchilar bilan birga Palmira shahrini IShID jangarilaridan ozod qilishadi. Keyin Dvornikovning o‘rnini Aleksandr Juravlyov egallaydi va ruslar Suriyaning eng yirik shahri Halabga hujum boshlaydi. Bundan foydalangan IShID esa 2016 yil dekabrida Palmirani qaytarib oladi.

Bu voqeadan keyin Juravlyov o‘rniga Andrey Kartapalov qo‘yilib, uning qo‘l ostida Palmira yana egallanadi. 2023 yilga kelib o‘sha Kartapalov endi deputat sifatida yollanma jangchilar haqida faol gapira boshladi. Shuningdek, u chaqiruv yoshi chegarasini 30 yoshgacha ko‘tarish imkonini beruvchi qonun loyihasi tashabbuskori hisoblanadi.

Kartapalov o‘zi juda yaxshi taniydigan Prigojinning Moskvaga yurish ko‘rinishidagi harbiy isyonini shunday izohlaydi: «O‘rtoq Prigojin uchun pul juda muhim omil hisoblanadi. Balki eng muhim omil deyish ham mumkin. Unga ortiq pul bermay qo‘yishdi va bu – birinchi sabab. Ikkinchi sabab – ahmoqona ambitsiyalar, uchinchisi esa – haddan tashqari hissiyotga berilish», dedi Kartapalov 29 iyun kuni.

Prigojinga qarashli RIA FAN media agentligida uzoq vaqt ishlagan va 2023 yil yanvar oyida onkologik kasallikdan vafot etgan Kirill Romanovskiy Palmiraning ikkinchi marta ruslar tomonidan egallangani haqida kichik xotira yozib qoldirgan. Uni Prigojin va mudofaa vazirligi o‘rtasidagi mojaro avjiga chiqqan vaqtda e’lon qila boshlashdi.

«Palmira yaqiniga Sedoy («Vagner» komandirlaridan biri Andrey Troshev) bilan birga borganimizda Aleksandr Dvornikovni o‘z mulozimlari va qo‘riqchilari hamrohligida uchratdik. U qo‘mondonlik punkti joylashgan uch qavatli beton bino tomida mast holatda o‘tirgandi», deb eslaydi marhum Romanovskiy.

Jurnalistning eslashicha, Prigojin rossiyalik generallar bilan o‘shanda ham kelisha olmagan va sabablar ham xuddi hozirgi kabi bo‘lgan: u general Dvornikovdan hujum guruhini himoya qilishi uchun ikkita vertolyot va gaubitsa uchun yuzlab snaryadlar so‘ragan. Qizig‘i, o‘shanda «Vagner»ga so‘ralgan snaryadlar berilgan.

Romanovskiyning eslashicha, yollanma jangchilar Palmirani ikkinchi marta egallaganda mudofaa vaziri Shoygu «Vagner» komandirlarini taqdirlashdan bosh tortgan: «Shoygu qandaydir bezorilarning tarixga kirishga haqqi yo‘q, Palmirani olganlarning ham deb baqirdi. Ularga nafaqat Rossiya Qahramoni ordeni, balki boshqa har qanday davlat ordeni berish mamlakat uchun sharmandalikdir, dedi».

Palmira egallanganidan keyin bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov, Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Dmitriy Bulgakov va Aleksandr Dvornikovga Rossiya Qahramoni ordeni beriladi. Bu nomlar Ukrainadagi urush vaqtida ham tilga olindi. 2023 yil qishda Gerasimov Prigojinning asosiy tanqid nishoniga aylandi, isyondan maqsad uni qo‘lga olish ekanini aytdi. Ta’minot uchun javobgar bo‘lgan Bulgakov 2022 yil sentabr oyida iste’foga chiqarilgandi. Dvornikov Ukrainadagi «maxsus harbiy amaliyot» qo‘mondonligidan 2022 yil kuzida chetlashtirildi.

2017 yil mart – dekabr oylarida, 2019 yil esa yanvar – aprel oylarida Surovikin Rossiyaning Suriyadagi qo‘shinlarini boshqaradi. Suriyada yollanma jangchi sifatida jang qilgan BBC suhbatdoshlarining aytishicha, aynan o‘sha vaqtlarda Rossiya armiyasi va vagnerchilar bir birini tushunib harakat qila boshlagan. «Dose» markazining yozishicha, o‘sha 2017 yilda Surovikin hatto «Vagner»ning faxriy a’zosiga aylanib, unga M-3744 shaxsiy raqami ham berilgan.

Yevgeniy Prigojin o‘z jangarilari tomonidan egallangan Rostov-Donda
ZUMA/TASS

«Sinalgan ittifoq»

2017 yil Surovikin ilk marta Suriyadagi Rossiya qo‘shinlarini boshqargan vaqtda Hums viloyatidagi As-Sahna shahri uchun jang ketayotgandi. Aynan shu hududda avgust – oktyabr oylarida rossiyalik yollanma jangchilar katta yo‘qotishlarga uchray boshlaydi.

Surovikinni almashtirishganda «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin yangi qo‘mondon bilan yaxshi chiqishib keta olmaydi. 2017 yil bu vaqtda unvonini general-polkovnikkacha ko‘tarib olgan Aleksandr Juravlyov qo‘mondonlikka qaytadi. Ko‘p o‘tmay esa «Vagner» tarixidagi eng qora kunlardan biri boshlanadi.

2018 yil fevral oyi boshida Dayr-az-Zur viloyati Hoshim shahridagi neftni qayta ishlash zavodiga AQSh aviatsiyasi zarbasi yo‘llagan vaqtda rossiyalik yollanma jangchilar zavodni egallash tomon yo‘lga chiqqandi (Suriyada harbiy vazifada bo‘lgan Prigojin o‘z shaxsiy biznes rejalarini ham amalga oshirgan – BBC). Amerika tomoni kelishilganidek zarba berishdan avval u yerda rossiyalik harbiylar bor yoki yo‘qligi haqida Rossiya tomoniga so‘rov yuboradi. Ruslar u yerda harbiylari yo‘qligini ma’lum qilganidan keyingina amerikaliklar zarba beradi.

Umuman olganda, 2017 yilni Rossiya armiyasi va yollanma jangchilar uchun muvaffaqiyatli deb atash mumkin, ammo bu vaqtda Rossiyaning Suriyadagi yo‘qotishlari soni oshib borayotgandi. Rossiya mudofaa vazirligi faqat 10 nafar harbiy halok bo‘lganini tasdiqlagan bo‘lsa-da, jurnalistlarning o‘zi kamida 40 nafar rossiyalik harbiy Suriyada halok bo‘lganini aniqlaydi.

2017 yil Suriyadagi harbiy kompaniya uchun general Sergey Surovikin shaxsan Putin tomonidan Rossiya Qahramoni ordeni bilan taqdirlanadi. «Rossiya armiyasining 2017 yil Suriyadagi barcha g‘alabalari uchun Surovikin Prigojin oldida qarzdor edi. Bu ittifoq aynan o‘shanda tuzilgan bo‘lib, o‘zaro muloqot guruhlari ham tuzilgan», deb eslaydi 2017-18 yillarda «Vagner» safida Suriyada jang qilgan va hozirda Fransiyada yashayotgan sobiq yollanma jangchi Marat Gabidullin.

General Surovikin 2019 yil Vladimir Putin bilan uchrashuvda
MIKHAIL METZEL/TASS

«General Armageddon»

Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan yarim yil avval, 2021 yil avgust oyida Surovikinga armiya generali unvoni beriladi. Uning Ukrainaga bosqindagi ishtiroki haqida urush boshida aytilmagan, faqat 2022 yil iyun oyiga kelibgina RF mudofaa vazirligi brifingida turli guruhlarning komandirlari nomi tilga olinadi. O‘shanda «Markaz» guruhini general-polkovnik Aleksandr Lapin, «Janub» guruhini esa armiya generali Sergey Surovikin boshqarayotgani ma’lum bo‘ladi.

2022 yil 8 oktyabr kuni Surovikinni Ukrainadagi rus qo‘shinlari qo‘mondoni etib tayinlashadi. Aynan uning qo‘l ostida ruslar Ukraina energetika tizimlariga yoppasiga zarba bera boshlaydi. Rossiya Ukrainaning energetika infratuzilmalariga zarba berish orqali rasmiy Kiyev muzokaralarda biroz yon berishiga umid qilgandi, ammo bunday bo‘lib chiqmaydi.

O‘sha vaqtda kremlparast «Komsomolskaya pravda» nashri Ukraina fuqarolik obektlariga ayovsiz zarba berishda bosh-qosh bo‘layotgan Surovikinga shunday ta’rif beradi: «Suriyadan keyin uni hamkasblari «general Armageddon» deb atashadi. Uni nostandart va keskin harakat qilgani uchun shunday chaqirishgan».

Surovikin Ukrainadagi qo‘shinlar qo‘mondoni sifatida ish boshlaganida rossiyalik urush targ‘ibotchisi bo‘lgan blogerlar «general Armageddon»ni tilidan bol tomib maqtaydi. Ammo uning qo‘l ostida ruslar Ukraina energetika tizimlariga zarba berishdan boshqa hech narsani eplay olishmaydi. Surovikin lavozimga kelganida Xerson va Dniproning butun o‘ng sohili Ukrainaga topshirilib, chekinish haqida «oson bo‘lmagan qarorni» e’lon qilgandi.

Surovikin Ukrainagagi rus qo‘shinlarini boshqargan vaqtda «Vagner» shunchaki yashirin rus armiyasi emas, to‘laqonli xususiy harbiy kompaniya ekani baralla aytilgan, Prigojin esa guruh rahbari ekanini aytib maqtana boshlagandi. Urush boshlangan vaqtda «Vagner» bosqinda qatashmagandi, ammo 2022 yil mart oyi oxiriga kelib Molkino poligonida yoppasiga ko‘ngillilarni «Vagner» orqali urushga yollash boshlanib ketadi. May va iyun oylarida Prigojin qo‘shini Luhansk oblasti hududida hujumlar amalga oshiradi. Ular Popasnaya, Severodonetsk va Lisichansk shaharlariga hujumlarida ishtirok etishadi. Avgustga kelib esa Baxmutga hujum boshlab, 9 oydan keyin shaharni egallaydi.

Keyinchalik 23 iyundagi harbiy isyon bilan tugagan Prigojin va mudofaa vazirligi o‘rtasidagi kelishmovchilik 2022 yil dekabr oyida, hali Surovikin qo‘mondon bo‘lgan vaqtda boshlangandi. Prigojin 2016 yil Suriyada bo‘lgani kabi mudofaa vazirligini snaryad yetkazib bermaslikda ayblab, uning yollanma jangchilari aynan shu sabab Baxmutni egallay olmayotganini aytadi. Ammo bu safar uning e’tirozlari Suriyadagidan farqli o‘laroq videomurojaat ko‘rinishida bo‘ladi.

Vladimir Putin esa bunday mojarolar vaqtida doimgidek byurokratik pozitsiyasida qoladi. Yangi yilning ilk kunlarida yig‘ilish o‘tkazgan Putin Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimovni Ukrainadagi qo‘shinlar qo‘mondoni etib tayinlaydi, Surovikin esa uning o‘rinbosari darajasiga tushiriladi. May oyiga kelib Prigojin «Vagner» uchun kerakli snaryadlar berilishi va’da qilingani, bu borada mudofaa vazirligi va guruh o‘rtasida aynan Sergey Surovikin vositachi bo‘lishini aytadi.

Prigojin Moskva tomon yurish ko‘rinishidagi isyonni boshlaganida harbiylar orasida birinchilardan bo‘lib aynan Sergey Surovikin vagnerchilarga murojaat qilib, ulardan doimiy dislokatsiya punktiga qaytishni so‘raydi va hammasi oliy bosh qo‘mondon boshchiligida tinch yo‘l bilan hal qilinishi kerakligini aytadi. Qizig‘i, «Vagner» Moskvaga yurishi vaqtida urib tushirgan samolyot aynan Surovikin rahbarlik qiladigan havo-kosmik kuchlariga tegishli bo‘lgan. Surovikinning o‘sha murojaati qandaydir shtabda yozib olingan, genaral kadrda PP-2000 pulemyot-to‘pponchani ushlab gapirgan.

Bu Surovikinning oxirgi marta ommaga ko‘rinishi bo‘ldi. Shundan beri ikki haftadan ortiq o‘tdi va Surovikindan hamon darak yo‘q. «Hali ham hech emas, xalq saylagan prezidentga bo‘ysunish kerak va shart», degandi o‘shanda general Surovikin.

BBC surishtiruv vaqtida Surovikin hamon Gerasimovning o‘rinbosari ekani yoki yo‘qligi, hamon havo kosmik kuchlarni boshqarayotgani yoki yo‘qligi haqida Rossiya mudofaa vazirligiga so‘rov yuborgan. Ammo hozirgacha javob kelmagan.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Prigojin va Surovikinning Suriyada boshlangan yaqinligi tarixi
ePN