date
views 338

«Luna-25» nima uchun quladi va Rossiyaning oy dasturini nima kutmoqda?

«Luna-25» nima uchun quladi va Rossiyaning oy dasturini nima kutmoqda?

Foto: AFP
«Luna-25» missiyasi muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurilma haqiqiy qo‘nishni boshlashdan oldingi manyovrlarni amalga oshirish vaqtida qulagan.

Avariyaga dvigatelning noto‘g‘ri ishlashi sabab bo‘lgan. «U keragidan ko‘proq — 84 soniya emas, 127 soniya ishladi», degan «Roskosmos» rahbari Yuriy Borisov. Stansiya bu vaqtda o‘z orbitasini to‘g‘rilangani sababli, xato halokatga olib kelgan — u juda qattiq «tormoz olgan» va shunchaki oyga qulagan.

2023 yil 11 avgust kuni «Vostok» kosmodromidan uchirilgan stansiya 16 avgust kuni 100 kilometr barqaror balandlik bilan aylanma Oy orbitasiga chiqdi. U 19 avgust kunigacha o‘sha yerda edi.

Shundan so‘ng, u muayyan bir vaqtda dvigatellarni oldinga burishi, sekinlashish va parvoz balandligini kamaytirish uchun ularni qisqa vaqtga yoqishi kerak edi. Orbita elliptik bo‘lishi lozim edi, uning eng past nuqtasi oy yuzasidan atigi 18 kilometr balandlikda bo‘lardi.

Stansiya bu orbitada yana bir kun bo‘lib, bosqichma-bosqich to‘g‘rilanishi, oxir-oqibat dvigatelni oldinga qaratib, Oy yuzasiga vertikal tushishi kerak edi. Qo‘nish oldidan, so‘nggi bosqichda stansiya dvigatel yordamida tezlikni deyarli nolga tushirishi va Oyga qo‘nishi lozim edi.

Dvigatelning bir yarim barobar ko‘proq ishlashi natijasida qurilma tezligi shunchalik pasayib ketdiki, u oy yuzasiga qulab tushgan.

Imkoniyatlar kam

Ekspeditsiyaning oxirgi qismi — qo‘nish, mutaxassislar tomonidan eng qiyin qism deb hisoblangan. Biroq, stansiya bu bosqichga bormasdan qulab tushgan.

Voqea sodir bo‘lishidan bir necha kun oldin Kosmik siyosat instituti rahbari Ivan Moiseyev BBC nashri bilan suhbatda, agar qurilma Oyga qo‘nsa, «demak, bu juda omad kelgani bo‘ladi» deb aytgan.

«Relef noma’lum va avtomatlashtirishni sozlash juda qiyin. Avariyalar odatda jarayonning o‘zini rejalashtirish va dasturlash bilan bog‘liq bo‘ladi. Ilgari sodir bo‘lgan avariyalar relef noma’lumligi bilan bog‘liq edi va aytaylik, stansiyaning bir tomoni bilan toshga qo‘nish, agar u yetarlicha katta bo‘lsa, umumiy muvaffaqiyatsizlikka olib kelgan», degan u.

Bungacha «Roskosmos» rahbari Yuriy Borisov «Luna-25» ekspeditsiyasining muvaffaqiyatga erishish ehtimoli 70 foizni tashkil etishini ma’lum qilgandi. 2023 yil iyul oyida ushbu missiya uchun apparatni ishlab chiqqan Lavochkin nodavlat tashkiloti uni 80 foiz deb baholadi. Ayni paytda rossiyalik astronom Vladimir Surdin RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida muvaffaqiyatga erishish imkoniyatini 50 foiz deb aytgandi.

Rossiya so‘nggi yillarda Oy missiyasi muvaffaqiyatsiz yakunlangan yagona davlat emas. To‘g‘ri, boshqa stansiyalarning avariyalari boshqa bosqichda — qo‘nish paytida sodir bo‘lgan. Rossiya stansiyasi esa qo‘nishga tayyorgarlik bosqichida qulab tushdi.

2023 yil aprel oyi oxirida xususiy kompaniya tomonidan tashkil etilgan birinchi Oy missiyasi avariya bilan yakunlangandi. iSpace kompaniyasi tomonidan ishga tushirilgan Hakuto-R qo‘nish moduli bilan aloqa u Oyga qo‘nishidan bir necha daqiqa oldin uzilib qoldi.

2019 yilda Hindistonning «Chandrayaan-2» stansiyasining qo‘nish moduli ham Oy yuzasiga tushishidan bir necha soniya oldin ma’lumotlar uzatishni to‘xtatdi. U Oyning Janubiy qutb mintaqasiga, ya’ni taxminan Rossiyaning «Luna-25» apparati bilan bir xil joyga qo‘nishi kerak edi.

«Chandrayan-2»ni olib ko‘tarilgan raketaning uchirilishi. Foto: AFP

Shu yili Isroilning «Beresheet» Oy qurilmasi ham Yerning tabiiy yo‘ldoshiga qo‘nayotganda halokatga uchradi.

So‘nggi yillarda muvaffaqiyatli missiyalar ham bo‘ldi. Masalan, 2020 yilda Xitoyning «Chane-5» stansiyasi qaytuvchi moduli bilan Oyning ko‘rinadigan tomonidagi Bo‘ronlar okeaniga qo‘ndi. U regolit (tuproq) namunalarini yig‘ib, ularni Yerga olib keldi.

23 avgust kuni Hindiston Moskva, Vashington va Pekinning Oy triumviratini sindirdi: «Chandrayan-3» missiyasi eltgan «Vikram» qo‘nuvchi apparatini Yerning tabiiy yo‘ldoshiga muvaffaqiyatli qo‘ndirib, buni uddalagan to‘rtinchi davlatga aylandi.

Uzoq loyiha

«Luna-25» halokatining tabiati ancha-muncha aniq — bu orbitaning o‘zgarishi bilan bog‘liq xato, dvigatel noto‘g‘ri ishlashi sababi esa hali e’lon qilinmadi.

Ayni paytda, Rossiya missiyasining muvaffaqiyatsizligi haqidagi sharhlar va muhokamalarda ta’kidlanishicha, «Roskosmos» ekspeditsiya uchun mas’ul bo‘lgan bosh tashkilot sifatida, shuningdek, uni tayyorlashda ishtirok etgan boshqa muassasalar va kompaniyalar amaldagi apparatning nusxasini yaratmagan.

Bunday qurilma, birinchidan, stansiyaning kosmosda ishlashini tekshirishga yordam beradi, ikkinchidan, muvaffaqiyatsizlik yuz bersa, dasturni tuzatish orqali muvaffaqiyatga erishish ehtimoli yuqori bo‘lgan yana bir stansiyani ishga tushirish mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, ko‘pchilik bu loyiha «Roskosmos»ning «uzoq muddatli qurilishlari»dan biri bo‘lganini ta’kidlaydi, bu esa unga katta qiziqish yo‘qligini ko‘rsatadi.

Dastlab «Luna-Glob» deb atalgan ushbu stansiya loyihasi ustida ishlash 2005 yildan boshlangan. Missiya tashkil etilganidanoq texnik va moliyaviy muammolarni boshdan kechirgan.

Avvaliga ushbu qurilma «Roskosmos»ning «Fobus-Grunt» platformasida yaratilgan. Bu platforma Marsning Fobos sun’iy yo‘ldoshiga qo‘nish, u yerdan tuproq namunalarini olish va Yerga qaytishni o‘z ichiga olgan «Roskosmos»ning ambitsiyali loyihasi edi.

Biroq, «Mars» ekspeditsiyasi muvaffaqiyatsiz yakunlandi. 2011 yilda, startdan so‘ng, apparatning dvigatel tizimi ishga tushmadi va u Tinch okeaniga quladi.

Ushbu avariyadan keyin «Luna-Glob» dasturi qayta ko‘rib chiqildi. Qurilmaning o‘zi ham qayta ta’mirlandi va «Luna-25» deb o‘zgartirildi.

Biroq, loyihaning baxtsiz sarguzashti shu bilan to‘xtab qolmadi. Uni doimo «o‘ngga surib qo‘yishdi» — ya’ni u yanada uzoqroq muddatga qoldirildi. «Luna-25»ni dastlab 2014 yilda ishga tushirish rejalashtirilgan edi, amalda esa bu to‘qqiz yildan keyin amalga oshirildi.

«Mashq qilish uchun qancha vaqt va pul sarflandi? Yerdagi barcha jarayonlarni stendda sinovdan o‘tkazish uchunchi? Bu yerda shunday narsa bor — qancha ko‘p tayyorgarlik ko‘rsangiz, shuncha ko‘p pul sarflaysiz. Bunda qandaydir optimalni tanlash kerak», deydi Ivan Moiseyev.

Inqiroz va «Roskosmos» islohotlari

«Luna-Glob» nomidan voz kechilgandan keyin paydo bo‘lgan «Luna-25» nomi SSSR Oy dasturi uzluksizligini ko‘rsatish uchun tanlangan: Oyga oxirgi sovet ekspeditsiyasi «Luna-24» deb atalgan va o‘shanda, 1976 yil avgust oyida u muvaffaqiyatli yakunlangan.

«Luna-24» yumshoq qo‘nishni amalga oshirishga, tuproqdan namuna olishga va uni qaytuvchi modulda Yerga yetkazishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq, oradan 47 yil o‘tdi va texnologiyalar o‘zgardi. Shunday ekan, yangi missiyani endi noldan boshlash kerak bo‘ladi.

«Fobos-grunt» kosmosga chiqishi bilan buzilib qolgandi. Foto: AFP

Qolaversa, 2000-yillar «Roskosmos» uchun eng yaxshi vaqtlar emas edi, korporatsiya moddiy baza eskirishi, xodimlar va mablag‘ yetishmasligi muammolariga duch kelgan. Bu esa bir necha yirik avariyalarga olib keldi.

Avariyalardan biri, masalan, «Proton-M» raketasi bilan 2013 yil 2 iyulda burchak tezligi datchigining shtatdan tashqari ishlashi tufayli yuz berdi. Keyinchalik, texnologik jihatdan noto‘g‘ri o‘rnatish qiyin bo‘lgan datchiklardan birini instruksiyaga muvofiq o‘rnata olishmaganidan so‘ng uni kuch bilan mahkamlashgani ma’lum bo‘ldi.

Shu va boshqa avariyalardan so‘ng, Rossiya rahbariyati kosmik sohada tarkibiy islohotni amalga oshirdi — «Roskosmos» federal agentligi va «Birlashgan raketa-kosmik korporatsiya»si bitta davlat korporatsiyasiga birlashtirildi. Biroq, davlat korporatsiyasiga aylangan sobiq kosmik agentlikning ko‘plab muammolari saqlanib qoldi. Koinot sanoatining tizimli islohoti haligacha davom etmoqda.

Parallel ravishda Rossiya yangi «Vostok» kosmodromini ishga tushirdi va bir nechta «Angara» raketalarini uchirdi. Biroq, ambitsiyali va qimmat Oy dasturi «Roskosmos» uchun haqiqiy yuk bo‘ldi.

Undan voz kechish qiyin edi, chunki bunday darajadagi vazifa butun kosmonavtikaning rivojlanishiga turtki beradi. Dasturdan propaganda maqsadlarida ham foydalanish mumkin.

O‘ta og‘ir raketa

«Luna» qurilmalari ushbu dasturning faqatgina birinchi bosqichidir. Dasturning bu bosqichida «Luna-25»dan keyin «Luna-26», «Luna-27» va «Luna-28» kosmik kemalarini uchirish nazarda tutilgan.

Ikkinchi bosqich o‘ta og‘ir raketa, yangi kema va Oyga inson ishtirokidagi parvozlar yaratishni o‘z ichiga oladi. Uchinchi qismda esa Oyda baza qurish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 2021 yilda Rossiya va Xitoy Oyda stansiya qurmoqchi ekani ma’lum bo‘ldi. Uning rejasi 2021 yil iyun oyida taqdim etilgan. O‘shanda, taqdimotga ko‘ra, Oy stansiyasi yashash uchun mo‘ljallanmagandi.

Ushbu stansiya alohida loyiha sifatida mavjud edi va birinchi bosqichda ishtirokchilardan hech qanday sarmoya talab qilmadi, chunki u mustaqil ravishda ishlab chiqilgan milliy Oy dasturlarini o‘z ichiga olgandi. Ushbu loyihaning taqdiri hozircha to‘liq belgilanmagan.

«Roskosmos» rahbari birinchi o‘rinbosari Aleksandr Ivanovning so‘zlariga ko‘ra, 2016 yilda o‘ta og‘ir raketani ishlab chiqish va qurish dasturi, taxminan 1,5 trillion rubl turgan — federal koinot sanoatiga esa butun o‘n yillikni moliyalashtirish uchun 1,4 trillion rubl ajratilgan.

«Roskosmos» rahbariyatida ushbu loyihaga turlicha munosabatda bo‘lishdi. Masalan, Rogozindan oldingi kosmik agentlik rahbari Igor Komarov 2016 yilda ishga tushirish narxi juda yuqori bo‘lgani uchun o‘ta og‘ir raketani yaratishdan ma’no ko‘rmasligini aytdi. Komarov bu jarayon bir milliard dollar atrofida bo‘lishini taxmin qilgan.

Uning o‘rnini egallagan Dmitriy Rogozin, aksincha, bunday raketa va inson tashuvchi koinot-transport kemasini ishlab chiqishni yoqladi va uning o‘zi 2019 yilda BBC nashriga, bunday qurilmaning narxi 700-750 milliard rubldan oshmasligini aytdi.

Ehtimol, bu 2017 yil may oyida o‘ta og‘ir raketani ishlab chiqishni tezlashtirish vazifasini qo‘ygan Vladimir Putining topshirig‘i bilan qilingan.

2020 yilda Putin «Vostok» kosmodromida belgilangan muddatlarda og‘ir va o‘ta og‘ir toifadagi raketa tizimlari uchun infratuzilma yaratilishiga va’da berdi. Ularning parvoz sinovlarining boshlanishi mos ravishda 2023 va 2028 yillarga mo‘ljallangan.

«Vostok» kosmodromidagi «Angara» uchun maydonlar hali ham tayyor emas.

2021 yil fevral oyida «Yenisey» o‘ta og‘ir raketa loyihasi «texnik sabablarga ko‘ra» to‘xtatildi.

Tajriba narxi

«Luna-Glob» va keyinchalik «Luna-25»ning ishlab chiqilishi barcha Oy dasturlariga na qiziqish va na ularni amalga oshirish uchun imkoniyatlar mavjud bo‘lgan davrga to‘g‘ri keldi.

«1966 yilda Oyga birinchi qo‘ngan qurilmani («Luna-9») 20 yil davomida yasash... Xuddi shu raketa, xuddi shu o‘lchamlar, faqat qo‘nish sxemasi biroz boshqacha, lekin prinsipial jihatdan bir xil. Bunday sekin ish — bu ishning yomon tashkil etilishidir», degan Ivan Moiseyev.

Boshqa bir rossiyalik mutaxassis Ilya Kramnik o‘z telegramdagi kanalida avtomatik stansiyaning Oyga parvozi kabi murakkab missiyani omadsizliklarsiz amalga oshirib bo‘lmasligi va faqat amaliyotda to‘planishi mumkin bo‘lgan tajribagina muvaffaqiyatni ta’minlashi mumkinligini yozdi.

«Sovet tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ko‘proq va tez-tez raketa uchirish kerak. 1958 yildan 1976 yilgacha Oyga 45 ta sovet avtomatik sayyoralararo stansiyasi (ASS) uchirilgan, 31 ta parvoz turli sabablarga ko‘ra muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Muvaffaqiyatsizlik foizi hatto keyingi bosqichlarda ham yuqoriligicha qolgan. Agar sovet Oy avtomatik sayyoralararo stansiyasining uchinchi avlodi E-8'ni oladigan bo‘lsak, 1969 yildan 1975 yilgacha 16 ta stansiya ishga tushirilgan. Ulardan oltitasi muvaffaqiyatli, bittasi qisman muvaffaqiyatli bo‘lgan, to‘qqizta urinish esa qurilmalar yo‘qotilishi bilan tugagan», deb yozadi Kramnik.

Bu fikrni hammasi bo‘lmasa ham, ko‘pchilik mutaxassislar qo‘llab-quvvatlaydi. Tajribani faqat amaliyot orqali olish mumkin, ammo kosmik ekspeditsiyalarning narxi hisobga olinsa, bu juda qimmat ish.

«Har qanday holatda ham Oy dasturini to‘xtatmaslik kerak — bu eng noto‘g‘ri qaror bo‘ladi», dedi 21 avgust kuni «Roskosmos» rahbari Yuriy Borisov. Biroq, «Luna-25» «Roskosmos»ning Oy missiyalarida muhim bo‘g‘in edi — u qurilmaning Yer tabiiy yo‘ldoshiga qo‘nish imkoniyatini tekshirdi. Keyingi stansiyalar — «Luna-26», «Luna-27» va «Luna-28» birinchi rus missiyasi tajribasini hisobga olishi kerak edi.

Endi, Rossiya Ukraina bilan urush boshlaganda, unda xarajatlarning yangi yo‘nalishi paydo bo‘ldi.

Rossiya Oy dasturining kelajagi bormi?

Rossiyaning Federal kosmik dasturining o‘n yillik budjeti bilan bog‘liq muammolar Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan ancha oldin boshlangan.

Ammo endi, Ukrainada katta urush olib borishda davom etayotgan Rossiya unga katta mablag‘ sarflashga majbur.

Joriy kosmik dasturlarni amalga oshirish allaqachon ajratilgan mablag‘larni qisqartirish bilan birga davom etmoqda, ammo bu urush xarajatlari bilan bevosita bog‘liq emas. Shunga qaramay, 2022 yilda Federal kosmik dasturni (FKD) moliyalashtirish uchun 110 856,8 million rubl ajratildi va yil oxirida uning kassa ijrosi 75 196,08 million rublni tashkil etdi.

Urushdan oldin boshlangan koinot xarajatlarini qisqartirishdan tashqari, Rossiya urush boshlanganidan keyin yuzaga kelgan qiyinchiliklarni hisobga olgan holda FKDga o‘zgartirishlar kiritdi. Asosiy muammolardan biri — unga harbiy sun’iy yo‘ldoshlar yetishmay boshladi.

2022 yil iyul oyida federal kosmik dastur ushbu muammoni hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqildi. «Roskosmos»ning sobiq rahbari Dmitriy Rogozin lavozimini tark etishdan oldin FKDni moslashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi darajali ustunlik sun’iy yo‘ldosh guruhlariga berilgan.

Rogozin ham, uning vorisi Borisov ham harbiy sun’iy yo‘ldoshlar haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri gapirmaydi.

«Hozirda orbitada mavjud bo‘lgan sun’iy yo‘ldoshlar soni bilan biz mamlakatni kosmik xizmatlar — aloqa, navigatsiya, Yerni masofadan zondlash bilan to‘liq miqyosda ta’minlay olmaymiz», degan «Roskosmos»ning amaldagi rahbari 2023 yil 10 fevralda RIA Novosti agentligiga.

Biroq, Yerni masofaviy zondlash sun’iy yo‘ldoshlari ham fuqarolik tashkilotlari, ham harbiylar tomonidan ishlatilishi mumkin, chunki Yer yuzasi ma’lumotlari, masalan, harbiy obyektlar haqidagi ma’lumotlarni ham o‘z ichiga olishi mumkin. Harbiylar tomonidan aloqa va navigatsiyaga ham talab juda katta.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Luna-25» nima uchun quladi va Rossiyaning oy dasturini nima kutmoqda?