Foto: Getty Images
Ukraina qurolli kuchlari kelgusi yil harbiy harakatlarni qanday olib bormoqchi va qanday resurslarga umid qilmoqda? Qanchalik g‘alati ko‘rinmasin, bu savolga aniq javob yo‘q.
Hukumatga yaqin ayrim siyosatchilar bunday reja yo‘qligini aytishmoqda, ammo BBC Ukraina xizmatining Bosh shtabdagi manbasi bunday hujjat mavjudligi, ammo frontdagi vaziyatdan kelib chiqqan holda unga doimiy ravishda o‘zgartirish kiritilayotganini qayd etishgan.
Noyabr oyi oxirida «Sluga naroda» partiyasining Oliy Radadagi fraksiyasi rahbari, milliy xavfsizlik va mudofaa bo‘yicha qo‘mita a’zosi David Araxamiya go‘yoki Bosh shtabda keyingi yil uchun «urush rejasi» yo‘qligini aytgandi.
«Darvoqe, biz qo‘mitada uni anchadan buyon kutyapmiz… Bunday reja hech kimda yo‘q», — degan u teleboshlovchi Natalya Moseychukka bergan intervyusida.
«Reja» yo‘qligi haqidagi tezisni Araxamiyaning qo‘mitadoshi va fraksiyadoshi Maryana Bezuglaya ilib oldi. Deputat so‘nggi oylarda faollik bilan bosh qo‘mondon Valeriy Zalujniyni tanqid qilmoqda va uni almashtirishga chaqirmoqda.
Uning talqiniga ko‘ra, bu hujjat «o‘ylangan ishlar rejasi» deyiladi va uni go‘yoki Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy ishlab chiqishi hamda taqdim etishi lozim.
«Ha, Ukraina QK bosh qo‘mondoni 2024 yilga o‘ylangan ishlar rejasini taqdim eta olmadi. Na katta, na kichik, na assimetrik va na simmetrik [hech qanday reja yo‘q], — deya yozdi deputat ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida, — Harbiylar shunchaki oyiga kamida 20 ming kishini yig‘ish kerakligini aytshimoqda. Bu muammo yozda ham, shtab yig‘ilishida ham va parlamentda 2024 yil uchun budjetni rejalashtirishda ham kuchayib bordi».
Bezuglaya harbiy rahbariyatni o‘z lavozimlarini tark etishga chaqirgan.

Prezident ofisidagilar deputatlarda harbiy rahbariyat almashtirilishi tashabbusi bilan chiqish vakolati yo‘qligini bildirishgan. Bunday vakolat faqat oliy bosh qo‘mondon Volodimir Zelenskiyda mavjud.
«Deputatlar u yoki bu harbiyning iste’fosi tashabbusi bilan chiqa olmaydi… Albatta, Bezuglaya xonim Milliy mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasida tegishli lavozimni egallagan va tegishli bayonotlar bilan chiqadi. Ammo yana bir bor qayd etaman — bu prezident ofisining yoki shaxsan prezidentning rasmiy bayonoti hisoblanmaydi va shuning uchun rasmiy bayonotni kutish kerak», — degan prezident ofisi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak «Radio NV» efirida.
U shuningdek, harbiy va siyosiy rahbariyat o‘rtasidagi mojarolar faqat Rossiyaga foyda keltirishini ta’kidlagan.
Reja bo‘lishi kerakmi o‘zi?
Radaning Milliy xavfsizlik va mudofaa qo‘mitasining boshqa a’zolari esa u qadar qat’iy emas.
Qo‘mita kotibi Roman Kostenko Bosh shtabda keyingi yil uchun harakatlar rejasi borligi, ammo ular maxfiyligi hamda faqat Oliy bosh qo‘mondonlik shtabida ochiqlanishi mumkinligini aytadi.
«Golos» fraksiyasi vakili Solomiya Bobrovskaya qonunchilikda «urush rejasi» nomli hujjat yo‘qligi, shuning uchun uni taqdim etishni talab qilib bo‘lmasligini ta’kidlagan.
Milliy xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitaning yana bir a’zosi Sergey Raxmanin mudofaa amaliyotlari olib borish bo‘yicha barcha zarur strategik hujjatlar ularni tahrir yilish vakolatiga ega bo‘lgan Oliy bosh qo‘mondonlik shtabida muhokama etilishini bildirgan.
«Shtab qarorgohida vakolat, shuningdek kampaniyani qanday rejalashtirish, strategik operatsiyalarni rejalashtirish, qo‘shinlarni guruhlash vazifalari, resurslarni tasarruf etish kabi funksiyalar mavjud», — degan deputat BBC Ukraina xizmatiga.

Qonunchilikka ko‘ra, deya qayd etadi u, shtabning ish instrumenti va strategik rejalashtirishning «asosiy organi» Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi sanaladi. Tabiiyki, bosh shtab aynan Oliy bosh qo‘mondon shtabi talabi bilan Mudofaa kuchlaridan foydalanishning strategik rejasiga o‘zgartirishlar kiritishi mumkin.
Raxmanin harbiy qo‘mondonlikning strategik rejalari hech qachon Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi qo‘mitasi uchun ochiq bo‘lmaganini aytadi: «Uning (qo‘mita, — Tahr.) bunga hech qanday aloqasi yo‘q. Bu uning vakolatida emas va hatto bizda bunday istak bo‘lgan taqdirda ham hech kim bizga majbur emas va bizga bu rejani taqdim etmasligi kerak».
BBC Ukraina xizmati aniqlik kiritish uchun parlament xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Oleksandr Zavitnevich bilan bog‘langan, ammo undan javob kelmagan.
Sobiq bosh qo‘mondon — Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Viktor Mujyenko ham BBC uchun intervyusida qonunchilikka ko‘ra, faqat «mudofaa rejasi» bo‘lishi, «urush rejasi» bo‘lmasligini tasdiqlagan.
«Ukraina mudofaa rejasi bor. Bu deyarli barcha vazirliklarga — tashqi ishlar vazirligiga ham, ichki ishlar vazirligiga ham, iqtisodiyot, moliya va boshqa davlat idoralariga ham tegishli keng qamrovli hujjatdir. Va bularning barchasi Mudofaa vazirligi tomonidan Ukrainaning mudofaa rejasi deb ataladigan, Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi yig‘ilishida ko‘rib chiqilib, prezident tomonidan tasdiqlanadigan yagona hujjatda tuziladi», degandi u.

Ammo ma’lum nuqtayi nazardan Ukraina qurolli kuchlari uchun harakat rejasi deb hisoblanishi mumkin bo‘lgan yana bir hujjat bor. Gap «Qurolli kuchlardan foydalanishning strategik rejasi» haqida bormoqda.
Uni bosh shtab ishlab chiqadi, bosh qo‘mondon imzolaydi, mudofaa vaziri bilan kelishiladi va prezidentga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
Shunga ko‘ra, yuqorida keltirilganlardan boshqa amaldorlar bu hujjatdan boxabar bo‘la olmaydi.
«Shunda Oliy Radaga yoki milliy xavfsizlik va mudofaa masalalari bo‘yicha qo‘mitaga qanday hujjat taqdim etilishi kerak? Hozir ular aytayotgan gaplar shunchaki noprofessionalizm ham emas, bu — vaziyatni va strategik rejalashtirish masalasini umuman tushunmaslikdir. Shu tufayli bunday hujumlarning barchasi — qandaydir axboriy amaliyot elementi», — deb hisoblagandi Mujyenko.
Qonun nima deydi?
Qonunchilikka ko‘ra, bosh shtab «strategik reja loyihasi»ni, shuningdek qurolli tajovuzni qaytarishda Ukraina qurolli kuchlaridan foydalanishning «strategik rejasi»ni ham ishlab chiqishi kerak.
Prezident Zelenskiy 2020 yil martidagi farmoni bilan Bosh shtab to‘g‘risidagi nizomga shunday o‘zgartirish kiritgan edi.
Ukraina qurolli kuchlari oliy bosh qo‘mondoni tomonidan tasdiqlanadigan «Milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi» qonunda «birlashgan kuchlarni qo‘llash rejasi» tushunchasi ham mavju. Ammo, u endi dolzarb emas, chunki keng ko‘lamli urush boshlangach, Birlashgan kuchlar (bu Donbassda lokal urush olib borgan guruh edi) amaliyotlari to‘xtatilgan.
Eng muhim hujjat — «Ukraina mudofaasi rejasi» hisoblanadi, u prezident tomonidan Rossiyaning 2022 yil 24 fevral kungi keng ko‘lamli bosqini boshlanganida amalga kiritilgan.

Mudofaa vazirligining Harbiy siyosat va strategik rejalashtirish departamenti rahbari Oleg Melixov 2023 yil iyunida «ArmiyaInform»ga bergan intervyusida ushbu reja aynan vazirlik mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilganini qayd etgandi.
Departament rahbari Zelenskiy urush davrida to‘plangan tajribani inobatga olgan holda «mudofaa rejasini aniqlashtirish» bo‘yicha ko‘rsatma berganini ham ta’kidlagandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «aniqlashtirish» ustida ham vazirlik mutaxassislari ishlamoqda.
Bosh shtabning sobiq polkovnigi, hozirda esa Mudofaa strategiyalari markazi eksperti Viktor Kevlyuk yana bir muhim hujjat — Strategik mudofaa amaliyotlari konsepsiyasiga ishora qiladi.
U bosh shtab boshlig‘i tomonidan Ukraina mudofaa rejasi asosida, Hududiy mudofaaning umumiy rejasini inobatga olgan holda ishlab chiqiladi. Amm, ekspertning so‘zlariga ko‘ra, bu hujjat allaqachon ishlab chiqilgan va urush boshidan buyon amal qiladi.
«Erta tongda (24 fevral kuni, — Tahr.) bizning aviatsiya allaqachon havoda edi, havo hujumidan mudofaa kuchlarimiz dushman hujumlaridan mohirlik qochib qoldi va parallel ravishda imkon doirasidagi barcha nishonlarni urib tushirdi, ya’ni Bosh shtab Strategik mudofaa amaliyotlari rejasini nafaqat ishlab chiqargan, balki qo‘shinlar oldiga ham vazifa qilib qo‘ygandi», — deya qayd etgan Kevlyuk «Leviy bereg» nashri uchun maqolasida.
Demak, reja bormi?
BBC ma’lumotiga ko‘ra, bosh qo‘mondon kuzdayoq Ukraina qurolli kuchlari va mudofaa kuchlarining boshqa tarkibiy qismlaridan foydalanish bo‘yicha strategik rejaga tuzatish haqidagi takliflarini Oliy bosh qo‘mondon shtabiga taqdim etgan. Ular vaqti-vaqti bilan frontdagi vaziyatdan kelib chiqqan holda ishlab chiqiladi va o‘zgartiriladi. Shunday qilib, «2024 yil uchun urush rejasi yo‘qligi» haqidagi gaplar — siyosatchilarning uydirmasi, deydi bosh shtabdagilar.
Shu bilan birga, ushbu takliflarni ishlab chiqishda muammolar paydo bo‘lgan, chunki Ukraina kelgusi yilda qancha qurol va snaryad olishini aniq bilmasdan, to‘g‘ri hisob-kitoblarni amalga oshirishi imkonsiz.
«NATO davlatlarida harbiy amaliyotlar resurslardan kelib chiqqan holda rejalashtiriladi. Bizda esa maqsadlardan kelib chiqib rejalashtirishga urinishadi», — deydi nashr suhbatdoshi.
Ekspertlarning baholashicha, sentabrdan buyon g‘arb Ukrainaga harbiy yordam hajmini sezilarli darajada kamaytirdi. Ukraina qurolli kuchlariga avvalgidan ancha kam qurol va texnika kelmoqda va keyingi yilda bu yordam yanada kamayishi xavfi bor.
Bosh shtabdagi manba voqealarning bunday rivojini hisobga olgan holda, harbiy harakatlar bo‘yicha aniq hisob-kitoblarni amalga oshirish qiyinligi — va buni «harbiy rahbariyat to‘g‘ri tushunishi, Ukraina siyosiy rahbariyati ham tushunishi kerakligi»ni aytadi.

Ya’ni, harbiylarda barcha rejalar mavjud, ammo ularning amalga oshirilishi ko‘plab omillarga bog‘liq: xorijdan keladigan yordamdan tortib safarbarlikkacha. Oxirgisida ham katta muammolar bor — safarbarlik rejalari bajarilmayapti, qo‘shinlarda tayyor jangchilar yetishmovchiligi kuzatilmoqda.
Biroq, mudofaa qo‘mitasi a’zosi Sergey Raxmanin bu tezisga qo‘shilmaydi. Uning fikricha, Ukraina qurolli kuchlarining strategik rejalarini shakllantirish va tuzatishlar kiritish g‘arbning kelgusi yil uchun harbiy yordami hajmi aniq bo‘lmagan holatda ham amalga oshirilishi lozim: «Rejalashtirish doim bo‘lishi kerak, rejalashtirish muntazam olib borilishi kerak… Agar siz rejalashtirmasangiz, siz nafaqat urushda g‘alaba qozona olmaysiz, balki urushni olib bora olmaysiz ham».
6 dekabr kuni mudofaa vaziri Rustem Umerov Amerikaning Fox News telekanaliga bergan intervyusida Ukraina 2024 yil uchun urush rejasiga egaligi haqida aytdi.
«Bizda reja bor. Biz hududlarimizning 50 foizini okkupatsiyadan ozod etdik, biz Rossiyani o‘z yerimizda yengamiz, biz hududlarimizni qaytaramiz, ularni ozod etamiz. Va hozir bizda 2024 yil uchun reja bor», — degandi u.
19 dekabr kuni yil yakunlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida Rossiya frontda birorta g‘alabaga erisha olmaganini aytgan prezident Zelenskiy BBC muxbirining «Ukraina urushni yutqaza boshladimi?» degan savoliga keskin ohangda «Yo‘q» deb javob berdi. U 2022 yilda ham mamlakat juda qiyin vaziyatga tushib qolgani, ammo blokadani yengib o‘tgan harbiylar katta yerlarni qaytib olganini eslatdi.
«Ha, g‘alabaning bahosi juda katta, bizda muammolar borligini tan olaman. Masalan, tankka qarshi artilleriya snaryadlari yetishmayapti. Urush, g‘alaba, turg‘unlik – bular ko‘p narsalarga bog‘liq, ammo eng ko‘p bizga, o‘zimizga bog‘liq. Bardoshli bo‘lsak, bu urushni tezroq yakunlaymiz», dedi prezident. Zelenskiy urush haqida taxminlarni aytayotganlar aslida u qachon tugashini bilmasligi, bu haqda umuman hech kim bilmasligini aytdi. Shuningdek, ruslar Ukrainani juda tez yengishni maqsad qilgani, ammo bunga erisha olmaganini eslatdi.
Oldinroq Zelenskiy kelgusi yil uchun rejaning bir jihatini ochiqlagandi — havoda ustunlikka erishish: «Biz yerda va dengizda kuchlimiz, ammo biz havodagi jangda ham g‘olib kelishni, rossiyaliklarning havodagi ustunligini yo‘qqa chiqarishni istaymiz. Osmonni kim nazorat qilsa, o‘sha urushning davomiyligini ham nazorat qiladi. Va biz 2024 yilda o‘z pozitsiyamizni mustahkamlaymiz».
U boshqa tafsilotlarni ochiqlamagan.
Boshqa tomondan, Ukraina hali bu rejalarni hamkorlar bilan ham muhokama qilishi va kelishishi kerak bo‘ladi.
Shu kunlarda g‘arb matbuoti Ukraina va AQSh kelgusi yil uchun yangi urush strategiyasini tayyorlayotgani haqida yozgandi. Yurish juda sekin kechayotgani tufayli Vashington ukrain harbiylari bilan ko‘proq o‘zaro maslahatlashuvlar o‘tkazishga qaror qilgan va Kiyevga general Antonio Agutoni yuborgan.
BBC ma’lumotiga ko‘ra, u Kiyevda ukrain qo‘mondonligi bilan 2024 yilga mo‘ljallangan strategiyaga tuzatishlar kiritish bo‘yicha maslahatlashuvlarni boshlagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!