15:14 / 24.12.2023
350

Rossiya nimani afzal biladi: ishonchga kirish yoki kuch ishlatish?

Rossiya nimani afzal biladi: ishonchga kirish yoki kuch ishlatish?

“Muammo yo‘q edi. Endi bo‘ladi” — Putin Finlandiyaning NATOga a’zoligi haqida oradan qariyb 8 oy o‘tib munosabat bildirdi. Xo‘sh, NATO va Rossiyaning to‘qnashuv ehtimoli qanchalik reallikka yaqin? “Geosiyosat” shu va boshqa savollar bilan siyosiy tahlilchilar Farhod Tolipov, Sayfiddin Jo‘rayev va Kamoliddin Rabbimovga yuzlanadi.

— Finlandiyaning NATOga kirishiga asos bormidi?

Sayfiddin Jo‘rayev: — Finlandiyaning NATOga qo‘shilishi kutilmagan hodisa emas. Neytral davlat bo‘lsa ham, Finlandiya katta rol o‘ynovchi davlat bo‘lmagan, faqat oldindan Rossiyaning ta’sir qilish doirasida joylashgan. Oxirgi voqelar, ya’ni Rossiyaning Ukrainaga urushi, dunyoda Rossiyaga nisbatan salbiy munosabat kuchayishi kabi omillar ortidan Finlandiya siyosiy elitasi NATOga kirishga qaror qilishiga olib keldi.

Farhod Tolipov: — Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga kirishini 2 xil yondashuvda ko‘rib chiqish mumkin. Birinchisi “fitna nazariyasi”, ya’ni Rossiyani harbiy qurshab olish, harbiy zaiflashtirish, Putinning o‘zi ham shuni ta’kidladi. Ikkinchi yondashuv esa formativ yondashuv, bunda faqat Finlandiyaning ichki omillari yotadi, finlar ham o‘zini yevropalik deb bilishi, so‘rovnomalar natijasi, qolaversa, YeI a’zosi bu davlat. Faqatgina NATOga qo‘shilishi qolgandi, muqarrar edi bu voqelik.

Neytrallik pozitsiyasi 21-asrda o‘z ahamiyatini yo‘qotmoqda. Finlandiya uchun ham bu pozitsiya muhim hisoblanmagan bo‘lishi mumkin. Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga kirishi aynan Rossiyaning Ukrainaga harbiy harakatlari fonida bo‘ldi. Finlandiyaga umuman taxdid bo‘lmagandir, lekin umumiy Yevropaga tahdid bo‘lgani uchun ham shu qarorga kelishgan bo‘lishi mumkin.

Kamoliddin Rabbimov: — Finlandiya sobiq ittifoq mavjud bo‘lgan, sovuq urush bo‘lgan paytlar ham NATOga kirmagandi. Hozir kirayotganiga sabab shuki, sobiq ittifoqda Stalindan so‘ng kollegial boshqaruv bor edi, bitta odamga bog‘liq emasdi, SSSRning rejalarini oldindan bilish mumkin edi. Ammo hozirgi vaziyatda Putin Ukraina va Yevropani aldadi, bostirib kirmayman, dedi, lekin bostirib kirdi. Bugungi Rossiya siyosiy elitasida tashqi dunyoni aldash maxsus operatsiya sifatida ko‘riladi.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirguncha 30-40 foiz finlandiyaliklar NATOga kirishni yoqlagan bo‘lsa, urush boshlangach 70 foizdan oshdi. Rossiya siyosatchilari aytayotgan gap haqiqat bo‘lavermaydi, ular istagancha aldashi mumkin. Kecha Putin hech qachon NATO bilan urushmaymiz, dedi, lekin bundan Germaniya cho‘chib ketdi, chunki Putin nimaiki deyotgan bo‘lsa, u maxsus operatsiya bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelingan.

Sayfiddin Jo‘rayev: — Siyosatda va’dalar, qandaydir chaqiriqlarga ishonib bo‘lmaydi. Har 30-40 yilda dunyoda geosiyosiy tartib o‘zgaradi. Hozir aynan o‘zgarish jarayonlari ketyapti.

Ijtimoiy so‘rovnomalar, jamoatchilik fikriga unchalik ham ishonmayman men, chunki ijtimoiy kayfiyat juda tez o‘zgaradi. Hamma narsa milliy manfaatlardan kelib chiqadi. Finlandiya va Rossiya o‘rtasidagi aloqalar ikki davlat uchun, iqtisodiyot uchun doim foydali bo‘lgan. Lekin endi Finlandiya uchun YeI va NATO foydaliroq bo‘lishi mumkin, Ukrainadagi holat shunchaki bahona bo‘lishi ham mumkin.

— Putin qariyb 8 oydan so‘ng munosabat bildiryapti. Rossiya Ukrainada pozitsiyalarini mustahkamlagani, asosiy e’tibor u yerdan olingani uchun shunday qilyaptimi?

Sayfiddin Jo‘rayev: — Putinning kechagi bayonoti Rossiya uchun ham, Yevropa uchun ham muhim. Bunday qarorga bir kunda kelinmaydi, o‘rganishlar natijasida bo‘ladi. Birinchidan, Rossiya vaziyatni o‘rganib, xavfga nisbatan tayyorgarlik ko‘rib bo‘ldi; ikkinchidan, Rossiyaning obro‘si yana ko‘tarildi, uni tanqid qilishlar kamaydi, bu ham Putinga dalda beryapti; uchinchidan esa AQShning ichidagi jarayonlar, Yaqin Sharqdagi vaziyat Rossiyaning kuchayishiga olib keldi, buni inkor qilib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, Rossiya o‘tgan vaqt ichida iqtisodiyotni harbiy kompleksni kuchaytirishga yo‘naltirdi.

Rossiya Ukrainani butunlay yo‘q qilmoqchi emas, o‘z maqsadlariga mos kelmaydigan jihatlarni yo‘q qilmoqchi. Endi sulh tuzadigan bo‘lsa, Rossiya foydasiga bo‘lishini biladi. Umuman, Rossiya uchun qulay vaziyat paydo bo‘lyapti va u shundan foydalanib bayonot berdi.

— Germaniya yaqin 5-8 yil ichida Rossiyaning NATOga hujum qilishidan xavotirda degan xabarlar paydo bo‘ldi. Geosiyosiy jarayonlar to‘qnashuv nuqtasiga shunchalik yaqinmi?

Kamoliddin Rabbimov: — Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga kirishi Boltiq dengizini to‘liq NATOning ichki dengiziga aylantirdi. Boltiqbo‘yidan bemalol foydalanish uchun Rossiya 300 yildan beri kurashadi, tarixda birinchi marta bu dengiz Rossiya uchun butkul yopildi. Albatta, Putin buni qabul qilolmaydi.

Ukrainaga G‘arbdan yordam kechikyapti, AQShda keyingi yil saylov — shu kabi muammolar bor. Eng asosiy muammo shuki, Rossiya possovet hududida davlatlarning milliy tanlovi bo‘lmasligi kerak, degan signal bo‘lyapti. O‘tgan yili dekabrda Putin AQSh, G‘arb davlatlari, NATO va possovet davlatlariga ultimatum qo‘ydi, ya’ni possovet davlatlari G‘arb bilan o‘zlari istagan shaklda hamkorlik qilishi mumkin emas, degan shart qo‘ydi. Putin tafakkuriga ko‘ra, biz geosiyosiy mustaqillik haqida orzu qilishimiz mumkin emas. Milliy manfaat hamma davlatda bor. Rossiya munosabatlarda ishonch qozonish, resurs taklif etishni emas, kuch ishlatishni tanlaydi. Bu esa 21-asr diplomatiyasiga to‘g‘ri keladigan ish emas.

Germaniya nega qo‘rqyapti? Chunki Putin shu kunga qadar aytgan gaplarini amalga oshirishga harakat qildi. Rossiya Ukraina urushi sabab ma’lum bir qiyinchiliklarga kirdi, Putin va uning davlatchiligi bu vaziyatga moslashdi, endi keyingi qadamlarni tashlamoqchi. Germaniya Litvaga ikkinchi jaxon urushidan keyin birinchi marta harbiy bazasini joylashtiryapti. Chunki Putindan qo‘rqish fenomenal darajada yuqori.

Sayfiddin Jo‘rayev: — Boltiqbo‘yi davlatlari ham to‘liq NATO doirasidagi hudud bo‘lishi mumkin, lekin halicha unday emas, u yerda dengizdagi neytral hududlar ham bor. NATOda ham, Rossiyada ham yadro qurollari bor, agar urush boshlansa, ikki tomon ham yo‘q bo‘lib ketishi mumkin, shuning uchun urush bo‘lmaydi deb o‘ylayman. Yadro quroli orqali taxdid qilish kabilar bo‘lib turadi, davlatlar xarakteriga mos narsa bu.

— G‘arb davlatlaridagi Rossiya aktivlari muzlatilgan. O‘sha aktivlarni Ukraina foydasiga o‘tkazish mumkin, degan gaplar ham bor. Agar shunday bo‘lsa, Rossiya javobi qanday bo‘ladi?

Sayfiddin Jo‘rayev: — Bu pullarni shunchaki o‘tkazib bo‘lmaydi. Agar o‘tkazgan taqdirda aktiv saqlanayotgan o‘sha davlatning bank tizimiga ishonchsizlik paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, Rossiya hududida ham xuddi shunday boshqa davlatlarning aktivlari, obektlari bor, Rossiya ham ularni o‘tkazib olishi mumkin. Shuning uchun bu gaplarni shunchaki bosim, qo‘rqitish deyish mumkin. Aktivlarni olib qo‘yish uchun ko‘pgina xalqaro huquqlarni buzishga to‘g‘ri keladi.

— Putin G‘arbning NATO faoliyatini Osiyo tomonga kengaytirish urinishlarini ko‘ryapmiz, dedi. Rostdan ham NATO Osiyo tomon kengayish elamentlari bormi?

Farhod Tolipov: — Menimcha, bunday elementlar ko‘ringani yo‘q. NATOning 2022 yilda qabul qilingan strategik konsepsiyasida bu savollarga javob bor. NATO faoliyatidagi asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi bu konsepsiya, dunyodagi o‘zgarishlar davrida yangilanib kelgan bu hujjat. 2022 yilda qayta qabul qilingan konsepsiyada Rossiya tahdid soluvchi davlat sifatida belgilangan. Ukrainadagi urush esa tajovuzkorlik va g‘ayriinsoniy harakatlar bilan amalga oshirilayotgani ham aytilgan.

Bu konsepsiyada Osiyo davlatlari haqida ham gap boradi. Unda ko‘proq NATOga sherik, ittifoqchi bo‘lgan davlatlar haqida gap boradi. A’zo yoki kelajakdagi a’zo sifatida emas. Masalan, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi davlatlar.

Osiyo davlatlarining NATOga qo‘shilishi tashkilotni tarkiban va funksional jihatdan murakkablashtirgan bo‘lardi. O‘zi hozir ham oson bo‘layotgani yo‘q tashkilotga. Osiyoda bunday ishga qo‘l urish juda ham mushkul ish.

Yangilangan konsepsiyada “360 gradusdagi nazorat” tushunchasi ham kiritilgan. Bu bilan NATO global ravishda vaziyatni nazorat qilishga urinadi, demoqda. NATOning tinchlikparvar harakatlari miqyosi dunyo miqyosida ham bo‘lishi mumkin.

Sayfiddin Jo‘rayev: — AQSh, Angliya, Avstraliya birgalikda yangi tashkilot tuzishga harakatlar bor. Bu orqali Osiyo, Okeaniya hududida harbiy, siyosiy xavfsizlik masalalarida ustunlikka erishishmoqchi, Hindistonni ham shu harakatga tortishyapti. Ammo oxirgi Yaqin Sharqdagi vaziyat sababli bu harakatlar to‘xtab qoldi. Bunda asosiy fokus Xitoyga qaratilgan, deyishadi. Menimcha, bu harakat kuchayib boraveradi. Agar G‘arb loyihalari amalga oshsa, NATO bo‘lmasa ham, NATOning a’zolari tashkil qilgan yangi institutsional holatga kelishi mumkin.

Kamoliddin Rabbimov: — Putinning bayonotlarida siyosiy vazifa, maqsadlar bo‘lishi mumkin. Jumladan, Xitoyni o‘ziga asosiy ittifoqchi sifatida kuchaytirish vazifasi. Chunki bugungi kunda global janub geosiyosiy konsepsiyasi borgan sari kuchayib bormoqda. Bu global janub yetakchilari sifatida Rossiya, Xitoy, Turkiya, Eron kabi davlatlar ko‘riladi. Xitoy yoki global janubdagi ba’zi davlatlarni qo‘rqitish uchun shunday aytilayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin NATOni global platformaga aylantirish g‘oyasi ba’zi bir siyosatchilarda har doim bo‘lgan. Yaponiya, Janubiy Koreya, Yangi Zelendiya, Avstraliya kabi davlatlar kirishi kerak, faqatgina shimoliy yarimshardagi hamkorlik yetarli emas, degan fikrlar bor.

AQShdagi izolyatsionistlar NATOga shubha bilan qaraydi. Agar shunday qarashdagi insonlar hokimiyat tepasiga kelsa, NATOdan voz kechish ilgari surilishi mumkin, Tramp ham hokimiyatga qaytsam, NATOdan chiqib ketarmiz, degan gapni aytdi. Umuman, NATOni global platformaga aylantirish haqida fikrlar bor, ammo Putinning gaplari o‘z isbotini topgani yo‘q.

Farhod Tolipov: — 5-8 yil ichida NATO bilan Rossiya urushi bo‘lishi haqidagi xabarlar strategik kommunikatsiya tahlili orqali bo‘lyapti. Ukraina qanday bo‘lsa ham, yordam berishi kerak. Ayniqsa, Germaniya bunga ko‘proq tirishyapti. Germaniyaning urush haqidagi messeji NATO va AQShga nisbatan ham bo‘lishi mumkin, ya’ni biz tayyor turishimiz kerak, ayniqsa Ukrainani saqlab qolishimiz kerak, degan ma’noda.

— Bayonotda Odessa tarixan ruslarning shahri, degan da’vo ham bor. Keyinchalik MDHdagi boshqa hududlarga ham shunday da’vo bo‘lmaydimi?

Sayfiddin Jo‘rayev: — Rossiya uchun Odessaning mavqeyi, strategik ahamiyati muhim. Shu nuqtai nazardan Ukrainani Qora dengizga chiqarmaslik maqsadi, kelajakda qandaydir operatsiyalar rejalashtirayotgan bo‘lishi mumkin. Moldovaga yo‘lak ochmoqchidir. Umuman, Rossiya uchun muhim joy bo‘lgani sababli shunaqa bayonot beryapti.

Umuman olganda, Putin aytadimi, boshqasimi, eski holatga qaytib bo‘lmaydi. Mana 30 yildan oshiq vaqt o‘tyapti, sobiq ittifoq davlatlarining dunyo darajasidagi sub’yektivligi yuqori, rivojlanish ham yaxshi. Bu kabi bayonotlar katta davlatlar uchun tabiiy deb o‘ylayman.

Farhod Tolipov: — Odessa tarixan ruslarning shahri deyish — juda ham provokatsion bayonot. Hali Odessa-ku mayli, butun Ukraina Rossiyaniki, sun’iy davlat, degan da’volar ham bo‘ldi urush boshlanishida. Bunaqa mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan bayonotlar bir qancha bo‘ldi. Putin hatto ruslar va ukrainlar bitta xalq, bu yerda fuqarolik urushi bo‘lyapti, degan gaplarni ham aytgandi. Rossiyaning o‘zida ham tarixan unga tegishli bo‘lmagan juda ko‘p hududlar bor. Shuning uchun tarixga qaytish qaltis narsa.

Kamoliddin Rabbimov: — 2020 yilda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining onlayn yig‘ilishida To‘qayev Putinga bir qancha e’tirozlarini bildirgan edi. Bu voqea aprel oyida bo‘lgan bo‘lsa, oradan 2 hafta o‘tib, may oyi boshlarida Putin o‘z intervyusida sovet ittifoqiga kichik bo‘lib kirib, katta hudud bilan chiqqan davlatlar bor deb Qozog‘istonga ishora qildi. Putin garchi qaysi davlat ekanini ochiqlamagan bo‘lsa ham, Kremlga yaqin ekspertlar, deputatlar Qozog‘iston nazarda tutilayotganini aytdi, Putin esa bunga e’tiroz bildirmadi. Rossiya siyosiy elitasida Qozog‘istonga nisbatan ma’lum bir hududiy da’volar bor. Buni Rossiya millatchilari, ommaviy axborot vositalari, propagandachilari hech qachon yashirmagan. Rossiya o‘zining manfaatiga to‘g‘ri kelganda shantajni juda oddiy hol sifatida ko‘radi. Rossiyani xalqaro maydonda mas’uliyatli, boshqalar hududiga da’vo qilmaydigan davlat deyolmaymiz.

Hozirgi vaziyatda Ukrainaga G‘arbdan yordam o‘z vaqtida yetib kelmayotgani Putinga kuch bag‘ishlayapti, shuning uchun ham u faollashib qoldi.

— AQShdagi saylovlar frontdagi vaziyatga qanchalik ta’sir qiladi?

Sayfiddin Jo‘rayev: — Agar Tramp saylansa ham, Rossiya bilan aloqalar yaxshilanmaydi. Tramp prezidentlik davrida Rossiyaga nisbatan qattiq turgan. Bayden qolsa, tabiiyki hozirgi siyosat davom etadi.

Ukrainaga ajratilgan yordam paketi beriladi baribir. Lekin faol urush harakatlari bo‘lmaydi, passivroq harakatlar bo‘ladi, kim prezident bo‘lishidan qat’i nazar. Respublikachilar va Demokratlar o‘rtasida bunday geosiyosiy strategik holatlar bo‘yicha kelishuv bo‘ladi, chunki bu yerda umumiy AQSh manfaati bor. Faqat yondashuv, mexanizm jihatdan ikki partiya uslubi farq qiladi.

Hozir AQShdagi saylovda Rossiya-Ukraina urushi omili ham muhim rol o‘ynayapti. Partiyalar shu mavzudan foydalanyapti. Lekin AQSh xalqi tashqi siyosat masalasida ko‘proq rahbarlarga ishonadi, ichki siyosatda bo‘lishsa ham. Shu nuqtai nazardan olib qarasak, qaysi partiya kelsa ham, vaziyat unchalik o‘zgarmaydi, Rossiyaga nisbatan munosabat keskinlashib boraveradi.

Kamoliddin Rabbimov: — Tramp Kolorado shtatidagi saylovda ishtirok etolmasligi to‘g‘risidagi sud hukmi uning imkoniyatlarini tushirib yubordi. Agar AQSh Oliy sud Kolorado shtati sudi hukmini o‘zgarishsiz qoldirsa, Tramp umuman prezidentlikka nomzod bo‘lolmaydi. Tramp va uning tarafdorlari murakkab ahvolda. Umuman, ikki partiya o‘rtasida kurash keskinlashib, Amerika jamiyati ikkiga bo‘lingan. Hozirgiday qutblashuv AQSh tarixida deyarli kuzatilmagan bo‘lsa kerak, menimcha. Respublikachilar ham, Demokratlar ham Rossiya g‘alaba qilishini istamaydi. Lekin ularning Ukraina g‘alabasi va Putinning mag‘lubiyatini talqin qilishi farq qiladi. Yangi yildan keyin Ukrainaga yordam beriladi, degan fikrga qo‘shilaman. Saylovda esa Demokratlar yutib, hokimiyatda qolish ehtimoli yuqori deb o‘ylayman.

Sayfiddin Jo‘rayev: — Menimcha, Oliy sud Kolorado shtati sudi qarorini bekor qiladi. Chunki 2020 yil yanvarda Tramp tarafdorlari Kongressga bostirib kirgan, degan ayblov bilan hukm chiqarilyapti, bu o‘rinda to‘g‘ridan to‘g‘ri Tramp deyilmayapti, shuning uchun ham qaytariladi deb o‘ylayman. Qaytaga Bayden hukumatini sudga beryapti Tramp. Umuman, jamoatchilik fikri hal qiladi bu yog‘iga.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo