10:00 / 18.04.2024
126

Bayden Ukraina va Isroilga yordam to‘g‘risidagi qonunlarni qo‘llab-quvvatladi

Bayden Ukraina va Isroilga yordam to‘g‘risidagi qonunlarni qo‘llab-quvvatladi
Foto: AP / Susan Walsh
AQSH prezidenti Jo Bayden 17 aprel, chorshanba kuni AQSH Kongressi palatasi spikeri Mayk Jonson tomonidan taklif etilgan Ukraina, Isroil va Tayvanga alohida yangi yordam qonunlarini qo‘llab-quvvatladi. Kiyevga yangi yordam paketi, xususan, qariyb 61 milliard dollar ajratish, Ukrainaga uzoq masofali ATACMS raketalarini topshirish, shuningdek, kredit tizimiga o‘tishni nazarda tutadi.

«Isroil va Ukrainani qo‘llab-quvvatlash, G‘azo sektoridagi falastinliklarga juda zarur insonparvarlik yordami ko‘rsatish, Hind-Tinch okeani mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan qonun hujjatlari paketini qat’iy qo‘llab-quvvatlayman», deyiladi Bayden bayonotida.

AQSH prezidenti Isroil Eron tomonidan misli ko‘rilmagan hujumlarga duch kelayotganini, Ukraina esa Rossiya tomonidan tinimsiz bombardimon qilinayotganini, so‘nggi bir oy ichida ularning intensivligi keskin oshganini eslatdi.

Baydenning fikricha, Vakillar palatasi qonun loyihalarini shu hafta qabul qilishi kerak, Senat esa «tezda undan o‘rnak olishi lozim». «Dunyoga xabar berish uchun men zudlik bilan ushbu qonunni imzolayman: biz do‘stlarimiz bilan birgamiz va Eron yoki Rossiyaning muvaffaqiyat qozonishiga yo‘l qo‘ymaymiz», — dedi AQSH prezidenti.

Vakillar palatasi Ukraina, Isroil va Tayvanga yordam to‘g‘risidagi alohida qonun loyihalarini e’lon qildi

Kiyevga yangi yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi hujjat 60,8 milliard dollar ajratishni taklif qiladi, shundan 13,8 milliardi qurol va texnika sotib olishga, yana 13,4 milliardi Ukrainaga berilgan qurollarni almashtirish va ta’mirlashga yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, ushbu mablag‘ning 23,2 milliard dollari Amerika qurollari zaxiralarini to‘ldirish uchun beriladi.

Isroilga yordam berish uchun 26 milliard dollar, Tayvanga esa 8 milliard dollar ajratish taklif qilinmoqda.

20 aprel, shanba kuni ko‘pchilikni respublikachilar tashkil qiluvchi Vakillar palatasida Ukraina, Isroil va Tayvanga yangi yordam ko‘rsatish bo‘yicha ovoz berish rejalashtirilgan. Har bir qonun loyihasi alohida ovozga qo‘yiladi.

AQSH Vakillar palatasi Ukrainaga yordam ko‘rsatishni bir necha bor to‘sib qo‘ygan

2023 yil oxiridan beri AQSH Respublikachilar partiyasi vakillari mamlakat sobiq prezidenti Donald Trampning bosimi ostida Ukrainaga 60 milliard dollar miqdoridagi yangi yordam paketi Kongressda qabul qilinishiga to‘sqinlik qilmoqda. Jo Bayden boshchiligidagi AQSH ma’muriyati uning muhim ahamiyatini aytib, keyingi yordamni ma’qullashga chaqirmoqda. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Qo‘shma Shtatlar ko‘magisiz uning mamlakati urushda mag‘lub bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi. Pentagonga ko‘ra, Kiyev, agar AQSH yordami to‘xtatilsa, mavjud resurslar bilan qaysi shaharlarni saqlab qolishi kerakligini tanlashi lozim.

13 fevral kuni AQSH parlamentining demokratlar nazoratidagi yuqori palatasi – Senat Ukraina, Isroil va Tayvanga 95,3 milliard dollarlik yordam ajratish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Kiyev bundan 60,06 milliard dollar olishi kerak. Biroq bu hujjat Respublikachilar partiyasi ko‘pchilikni tashkil qiluvchi Vakillar palatasida bloklandi. Kongress quyi palatasi spikeri Mayk Jonsonning ta’kidlashicha, qonun loyihasi hozirgi ko‘rinishida o‘tmaydi, chunki unda respublikachilar ta’kidlayotgan AQSH janubiy chegarasini himoya qilishni kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirish nazarda tutilmagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Bayden Ukraina va Isroilga yordam to‘g‘risidagi qonunlarni qo‘llab-quvvatladi