17:16 / 19.08.2024
160

“Shimgich shaharlar”. Xitoy suv toshqinlariga qarshi qanday kurashyapti?

“Shimgich shaharlar”. Xitoy suv toshqinlariga qarshi qanday kurashyapti?
Xitoylik arxitektor Kongjian Yu va uning Turenscape firmasi o‘n yildan ortiq vaqt davomida “shimgich shaharlar”ni loyihalashtirib keladi — bunday shaharlar yomg‘ir suvini shimib olib, ushlab turishga mo‘ljallangan.

Dunyo bo‘ylab kuzatilayotgan kuchli dovullar sabab shaharlar suv toshqinlarini jilovlashda qiyinchilikka uchrayapti. Aksariyat arxitektorlar iqlim inqirozi injiqliklaridan himoyalanish uchun betonga asoslangan hay-tek muhandislik yechimlaridan foydalanayotgan bir paytda, xitoylik landshaft arxitektori va shahar rejachisi Yu bu vazifani tabiat zimmasiga yuklamoqda.

Yuning shakli va ko‘lami jihatidan xilma-xil bo‘lgan shimgich loyihalari yangi bog‘lar barpo etish, suvli-botqoq yerlarni qayta tiklash, yomg‘irli bog‘lar, suv o‘tkazadigan yo‘laklar va boshqalarni o‘z ichiga oladi.

Toshqinda qolgan hududlardan suvni chiqarib yuboradigan beton yoki quvurlarning kamchiligi shundaki, ular qimmat, qattiq va doimiy qarovni talab qiladi, dedi Yu. Bundan ham yomoni ular shaharlarni suv toshqiniga “chidamsiz” qilib qo‘yishi mumkin, ta’kidladi u. Mutaxassis suv toshqini oqibatlarini yumshatishda an’anaviy usullarga tayanib qolgan shaharlarni tomirlari qotib qolgan odamga qiyosladi. Qon oqimi kamayishi yurak xurujlarini keltirib chiqargani kabi, shahar drenaj tizimlaridagi tiqilishlar xavfli zanjirli ta’sirga ega bo‘lishi mumkin.

Toshqinlarga qarshi devor yoki to‘g‘onlarni tobora balandroq va mustahkamroq qursak, shaharni suv bosishidan himoya qilamiz, degan noto‘g‘ri tasavvur mavjud”, — dedi Yu CNN telekanali bilan videomuloqotda. “Suvni boshqara olish haqidagi fikrlar xato”.

Xitoyning Jiangxi provinsiyasidagi Nanchang Baliq dumi bog‘i. Turenscape bu yerdagi ko‘mirdan ifloslangan 126 akr sobiq baliq fermasini “suzuvchi o‘rmonga” aylantirdi. Daraxtli orolchalar sel suvlarini tartibga solishga yordam beradi va yovvoyi hayvonlarning yashashiga muhit yaratadi.
Foto: Turenscape/The Cultural Landscape Foundation

Yuning taklifi quyidagicha: tuprog‘i g‘ovak hududlarni yaratish kerak. Unda mahalliy o‘simliklar kam parvarish bilan yoki parvarishsiz ham gullashi mumkin. Agar yomg‘ir yog‘sa, yer va o‘simliklar suvni shimib oladi va yaqin atrofdagi hududlarni suv bosishiga yo‘l qo‘ymaydi. Yu beton o‘rniga o‘simliklar har qanday ortiqcha suv oqimini sekinlashtirishini ta’kidlamoqda.

Turenscape butun dunyo bo‘ylab 250 dan ortiq shaharda 10 000 dan ortiq shunday loyihalarni rejalashtirib, ishlab chiqdi. Ulardan 1 000 tadan ko‘prog‘i yakunlandi. Bunday shaharlarning aksariyati Xitoyda joylashgan bo‘lib, mamlakat 2015 yilda ushbu g‘oyani milliy shaharsozlik siyosatiga kiritgan. O‘shandan beri 70 dan ortiq shahar “shimgich shahar” tashabbusini amalga oshirib keladi (ularning hammasi ham Turenscape'ga tegishli emas, chunki ba’zi mahalliy hokimiyat boshqa kompaniyalardan foydalangan).

Suv toshqinlari — Xitoyda o‘sib borayotgan muammo. Iyun oyi oxirida Xitoy rahbari Si Jinping bunday tabiiy ofatlarni nazorat qilish “tobora qiyinlashayotganini” aytdi. Jahon bankining 2021 yilgi hisobotiga ko‘ra, Xitoyning 654 ta yirik shahridan 641 tasi muntazam ravishda suv toshqinlariga duchor bo‘lmoqda. Bu qisman shaharlarning tez rivojlanishi bilan izohlanadi, ulardagi beton yaroqsiz holga kelmoqda.

Xitoyning Hebei provinsiyasi, Qinhuandao shahridagi Qizil lenta bog‘ida sayr qilayotgan odamlar.
Turenscape/The Cultural Landscape Foundation

Xitoyning suv toshqinlariga ta’sirchanligi bu yil yozda yaqqol namoyon bo‘ldi. Iyun oyida mamlakatning janubiy hududlari kuchli yomg‘irlardan keyin kutilmagan toshqinlar va halokatli ko‘chkilardan aziyat chekdi, o‘n minglab odamlar evakuatsiya qilindi. Iyulda xuddi shunday vayronagarchiliklar Xitoy ichkarisida sodir bo‘ldi, bir qancha provinsiyalar favqulodda holat e’lon qildi — o‘nlab odamlar ko‘priklar qulashi, shaharlarni suv bosishi ortidan halok bo‘ldi, qurbonlar orasida qutqaruvchilar ham bor.

Biroq so‘nggi suv toshqini inqirozi shimgich shaharlar imkoniyati kamligini anglatadimi yoki ularni kengaytirish zarurligini tasdiqlaydimi, degan savol bahsli bo‘lib qolmoqda.

Shaharlar suvni talab darajasida shima olmaydi

Yu hukumat va qurilish kompaniyalari tomonidan afzal ko‘riladigan eski infratuzilmadan voz kechib, shaharlarni kichikroq muqobillarga o‘tkazishni xohlaydi. Ular arzonroqqa tushishi ham mumkin: masalan, Uhanda shimgich shaharni qurish dasturiga 4 milliard yuan (550 million dollar) dan ko‘proq sarflandi. Britaniyaning Lids universiteti tahliliy sharhiga ko‘ra, bu beton uslubidan arzonroq.

Muvaffaqiyatli shimgich shahar qurish uchun uning joylashuvi, topografiyasi, yog‘ingarchilik rejimlari hamda u yerda gullaydigan o‘simlik turlari, shuningdek, jamoaning ehtiyojlari kabi omillarni hisobga olish kerak. Bu universal emas, individual yondashuv degani.

Masalan, Turenscape kompaniyasi tropik orolda joylashgan Hainan provinsiyasidagi eski beton dengiz devori, tashlandiq baliq fermasi va yaqin atrofdagi tashlandiq maydonni “nafas oluvchi dengiz devori”ga aylantirdi.

Xitoyning Hainan orol provinsiyasidagi Sanya mangrov bog‘ining qush parvozi balandligidan ko‘rinishi.
Turenscape/The Cultural Landscape Foundation

Dengiz devori plantatsiyalarga moslab qayta qurildi, baliqchilik fermasining hovuzlari va to‘g‘onlariga mangrov daraxtlari ekildi. Ichkaridagi yashil g‘ovak bo‘shliq suv oqimini sekinlashtirishga va bo‘ronni yutishga yordam beradi. Turenscape ma’lumotlariga ko‘ra, u so‘nggi ikki yil ichida bir nechta tropik bo‘ronlarga bardosh bergan.

Yu va uning firmasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, agar shahar hududining 20-30 foizi suvni shunday usulda shimishga moslashtirilsa, shahar amalda suv toshqinlaridan himoyalangan bo‘ladi. (Ammo agar atrofdagi hududlar ham suv ostida qolsa, ular baribir hamma ortiqcha suvni yutishga qiynaladi.) Shuningdek, firmaning ta’kidlashicha, bir gektar (2,47 akr) g‘ovak yer 800 tonna ifloslangan suvni tozalab, suzish uchun xavfsiz holatga keltirishi mumkin.

Shunga qaramay, ba’zi ekspertlarga ko‘ra, bir kunlik yog‘ingarchilik miqdori 200 millimetrdan oshganda, shimgich shahar infratuzilmasi bosimga duch keladi. Masalan, Guangdon provinsiyasidagi Meizhou shimgich shahar deb e’lon qilingan, ammo yozda kuchli yomg‘irlardan keyin eng katta toshqinlardan birini boshdan kechirdi: shaharga bir kunda 369,3 millimetr yog‘ingarchilik yog‘di. (Bu loyihani Turenscape yaratmagan).

Sanyandagi Don’an suv-botqoqlik parkini ham Turescape kompaniyasi loyihalashtirgan.
Turenscape/The Cultural Landscape Foundation

Iyul oyida Xitoyning Nottinhem Ningbo universiteti geografiya fanlari professori Fait Chan CNN telekanaliga bergan intervyusida shimgich shaharlar dasturi odatda o‘rtacha yoki hatto katta miqdordagi yog‘ingarchilik ta’sirini “yumshatishi yoki kamaytirishi” mumkinligini, ammo ular “ekstremal yomg‘irlar uchun mo‘ljallanmaganini” aytdi. Kuchli yomg‘irlarni yengish uchun bu infratuzilma to‘g‘on va ko‘tarmalar kabi “qat’iy muhandislik” inshootlari bilan to‘ldirilishi kerak, deb davom etdi u.

Yu agar shimgich shaharlarni loyihalashtirish va qurish to‘g‘ri amalga oshirilmasa yoki yog‘ingarchilik miqdori juda ko‘p bo‘lsa, bunday shaharlar baribir suvga to‘lib qolishi mumkinligini tan oldi. Ammo u suv toshqinlari asosan “talab darajasida shima olmaydigan” joylarda sodir bo‘lishini ta’kidlab, qo‘shimcha qildi: “Shaharni yanada barqaror qilish uchun (ularga) ko‘proq shimgich (loyihalar) kerak”.

Shimgich infratuzilma toshqinlarning oldini olishdan boshqa naf ham keltiradi

Toshqin oqibatlarini yumshatishdan tashqari, shimgich shaharlar boshqa ekologik afzalliklarni ham taklif qila oladi. Channing aytishicha, shimgich parklar shahar haroratini pasaytirishga va suv tanqisligi muammosini hal qilishga, shuningdek, aholi uchun yoqimli muhit yaratishga yordam berishi mumkin.

Hukumat atrof-muhitni tiklab, shahar ekologiyasini yaxshilamoqchi” — dedi u. “Lekin faqat bu emas, ular... yomg‘ir suvini yig‘ib, undan foydalanishni ham istaydi, chunki shaharda suv juda kam”.

Uhanda 350 dan ortiq shimish loyihalari yo‘lga qo‘yilgan — ularga shahar bog‘lari va yashil hududlar kiradi. Bunday hududlar yomg‘ir suvini yutib, sun’iy ko‘llarga yo‘naltiradi. Shimish infratuzilmasi yaratilganidan buyon mahalliy havo sifati va biologik xilma-xillik yaxshilangani aniqlandi. Yanszi daryosi sohilidagi shahar bog‘ida ham harorat pasaygani qayd etildi, bu yerda 45 ming daraxt va boshqa o‘simliklar yiliga 724 tonna uglerod yutishi taxmin qilinadi.

Bangkokdagi Benjakitti o‘rmon bog‘i eski tamaki fabrikasi o‘rnida qurilgan. U yerdagi qattiq tuproq yuzasiga ishlov berilib, nam va g‘ovak holatga keltirilgan, bu esa quruq mavsumda kamroq suv talab qiladi.
Turenscape/The Cultural Landscape Foundation


Turenscape noyob daraxtlarni o‘z ichiga olgan 360 turdagi 5600 ta mahalliy ko‘chat ekdi. Kompaniya o‘simliklarning gullashiga qulay muhitni yaratish bilan cheklangan va ularning ildiz otishini ta’minlash vazifasini tabiatga qo‘yib bergan.
Turenscape/The Cultural Landscape Foundation

Yuqoridagi suratlar Yuning ishiga Xitoydan tashqarida ham talab ortayotganiga sababdir. Turenscape Bangkokda sobiq tamaki fabrikasining beton maydonini mini-orollardan iborat sun’iy suv-botqoq hududiga aylantirdi. 2022 yilda qurib bitkazilgan Benjakitti o‘rmon parki (Tailand harbiylari va mahalliy Arsomsilp Community and Environmental Architect kompaniyasi bilan hamkorlikda loyihalashtirilgan) yomg‘ir mavsumida atrof-muhitdan 23 million gallonga yaqin yomg‘ir suvini yutishi mumkin.

2023 yilda The Cultural Landscape Foundation (Madaniy landshaft fondi) Yuning faoliyatini e’tirof etib, unga 100 000 dollar miqdoridagi Oberlender mukofotini topshirdi.

Yu (va Turenscape) tabiiy jarayonlarni tushunish va ulardan foydalanish, shuningdek, suvni tozalash, suv toshqinlarini yumshatish, shaharlardagi haroratni pasaytirish yoki mo‘rt tuproqlarni barqarorlashtirish kabi landshaft g‘oyalari bilan ishlagan ilk amaliyotchilardan biri bo‘ldi”, — deb ta’kidladi Elizabet Mossop, mukofot hakamlar hay’ati raisi va Sidney texnologiya universiteti dizayn, arxitektura va qurilish maktabi dekani.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Yuning loyihalari boshqa zamondoshlarining ishidan o‘z ko‘lami va amalga oshirgan o‘zgarishlari bilan ajralib turadi.

Nanchandagi Baliq dumi bog‘idan o‘tgan yo‘lakcha odamlar bilan to‘la.
Turenscape/The Cultural Landscape Foundation

Iqlim o‘zgarishi tahdidlari va ta’siri, undagi noaniqliklar hozir mutlaqo o‘zimizga bog‘liq”, — dedi Mossop. “Aslida nimani qanday qilishni bilamiz, faqat siyosiy, ijtimoiy va madaniy jarayonlar bizni tormozlamoqda”.

Mossop ham shimgich shaharlarning yetarlicha keng ko‘lamda emasligi ularning kamchiligi bo‘lishini aytdi.

Agar bu g‘oyalarni kengroq joriy etish imkoni bo‘lganda, ular ko‘plab zamonaviy tahdidlarni bartaraf etishga katta hissa qo‘shgan bo‘lardi”.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “Shimgich shaharlar”. Xitoy suv toshqinlariga qarshi qanday kurashyapti?