132 ta qurilish kompaniyasi shartnomalarida xaridorlarni tuzoqqa tushiruvchi shartlar fosh bo‘ldi

132 ta qurilish kompaniyasi shartnomalarida xaridorlarni tuzoqqa tushiruvchi shartlar fosh bo‘ldi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • O‘zbekistonda 132 ta qurilish kompaniyasining shartnomalarida iste’molchilar huquqlarini cheklovchi va bir tomonlama tuzilgan jiddiy qonunbuzilishlar aniqlandi.
  • Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tahlillar natijasida aldangan fuqarolar foydasiga 14,5 milliard so‘mlik mablag‘ qayta hisob-kitob qilinib, egalariga qaytarilishi ta’minlandi.

O‘zbekistonda yangi qurilayotgan turar joylar bozorida xaridorlar huquqlarini ochiqdan-ochiq poymol qilish va bir tomonlama shartnomalar tuzish holatlari keng tarqalgani aniqlandi. Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan keng qamrovli tahlillar natijasida 132 ta qurilish kompaniyasining shartnomalarida iste’molchilar huquqlarini cheklaydigan jiddiy qonunbuzilishlar fosh etildi.

Murojaatlarni o‘rganish natijasida aldangan va nohaqlikka uchragan fuqarolar foydasiga naqd 14,5 milliard so‘mlik mablag‘ qayta hisob-kitob qilinib, egalariga qaytarilishi ta’minlandi.

1 700 dan ortiq shikoyat va hududlar kesimidagi ko‘rsatkichlar

2026 yilning dastlabki 9 oyi davomida Raqobat qo‘mitasiga obyektlarni o‘z vaqtida foydalanishga topshirmaslik va sifatsiz qurilish yuzasidan fuqarolardan 1 700 dan ziyod shikoyat kelib tushgan. Qoidabuzarliklar aniqlangan 132 ta shartnomaning hududlar bo‘yicha taqsimoti:

  • Toshkent shahri — 17 ta;

  • Namangan, Navoiy va Toshkent viloyatlari — har birida 15 tadan;

  • Buxoro va Surxondaryo viloyatlari — 13 tadan;

  • Farg‘ona va Xorazm viloyatlari — 10 tadan;

  • Andijon viloyati — 9 ta;

  • Sirdaryo viloyati — 8 ta;

  • Jizzax viloyati — 4 ta;

  • Qashqadaryo viloyati — 3 ta.

Shartnomalardagi yashirin «tuzoqlar»: Raqamlar va faktlar

Tahlil qilingan shartnomalarning aksariyati faqat quruvchi kompaniya foydasini ko‘zlab, xaridorni himoyasiz qoldiradigan shaklda rasmiylashtirilgan:

  • 77,3% holatda shartnoma bekor qilinganda xaridor to‘lagan pullarni qaytarish muddati umuman belgilanmagan yoki asossiz uzaytirilgan;

  • 63,6% shartnomada xonadon qabul qilingach, unga hech qanday kafolat muddati berilmagan;

  • 59,1% shartnomalar faqat kompaniya manfaatlariga moslashtirilgan bir tomonlama hujjat ekani aniqlangan;

  • 54,5% hujjatda qurilishdagi nuqsonlarni quruvchi hisobidan bartaraf etish majburiyati ko‘rsatilmagan;

  • 50,8% shartnomada bino topshirilishi kechikkan taqdirda quruvchi to‘lashi kerak bo‘lgan jarima (penya/neustoyka) nazarda tutilmagan;

  • 33,3% holatda uyni topshirishning aniq kuni va muddati yashirilgan;

  • 30,3% shartnomalar davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga zid ravishda, faqat rus tilida tuzilgan.

Noqonuniy jarimalar va pulni ushlab qolish hiylasi

Tekshiruvlar davomida ayrim qurilish firmalari tomonidan qo‘llanilgan o‘ta adolatsiz bandlar ham yuzaga chiqdi:

  • Mablag‘ning 4–15 foizini ushlab qolish: Agar xaridor o‘z ixtiyori bilan shartnomani bekor qilmoqchi bo‘lsa, asossiz ravishda katta miqdordagi ushlanmalar ko‘rsatilgan;

  • «Uy qayta sotilsagina puling qaytadi» qaromog‘i: Ko‘plab kompaniyalar shartnoma bekor qilinsa ham, pulni faqat o‘sha xonadon yangi xaridorga sotilganidan keyingina qaytarishini yozib qo‘ygan;

  • Bir tomonlama narx oshirish: Qurilish jarayonida xonadon narxini mijoz roziligisiz, bir tomonlama oshirib borish amaliyoti qo‘llangan.

Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan xonadon sotib olishda shartnomaning har bir bandini puxta o‘rganib chiqishga hamda shubhali va bir tomonlama shartlarga rozi bo‘lmaslikka chaqiradi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar