Tinch okeanida suv harorati 150 kundan beri rekord darajada saqlanmoqda

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Tinch okeanining markaziy ekvatorial qismida suv harorati ketma-ket 150 kundan buyon rekord darajada yuqori saqlanib qolmoqda.
- Ushbu g‘ayrioddiy isish oqibatida Janubiy Amerikaning g‘arbiy hududlarida, xususan, Peru va Ekvadorda kuchli yog‘ingarchilik, suv toshqinlari hamda ko‘chkilar kuzatilmoqda.
- Hududdagi suv harorati 30,2 darajadan 31,6 darajagacha yetib, 2015 yildagi 29,8 darajalik rekord ko‘rsatkichni yangiladi.
Tinch okeanining El-Nino hodisasi o‘lchanadigan markaziy ekvatorial qismida suv harorati ketma-ket 150 kundan beri rekord darajada yuqori bo‘lmoqda. Okeandagi g‘ayrioddiy isish Janubiy Amerikaning g‘arbiy qismida kuchli yog‘ingarchilik, suv toshqinlari va ko‘chkilarga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda «The Washington Post» xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu hududda suvning o‘rtacha harorati 30,2 darajaga yetgan, ayrim joylarda esa 31,6 darajagacha ko‘tarilgan. Bungacha qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich 2015 yilda kuzatilgan bo‘lib, 29,8 darajani tashkil etgan.
El-Ninoning ta’siri, ayniqsa, Peru va Ekvadorda sezilmoqda. Perudagi meteorologik konsalting kompaniyasi rahbari Abraham Levi ushbu ikki davlat zamonaviy tarixdagi eng kuchli El-Nino hodisalaridan biriga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytgan.
Ekvadorning Guayakil shahrida oktyabr oyi davomida qariyb 50,8 santimetr yomg‘ir yoqqan. Holbuki, bu hududda mazkur oy uchun o‘rtacha yog‘ingarchilik miqdori atigi 0,5 santimetrni tashkil etadi. Bu odatdagi ko‘rsatkichdan qariyb 100 baravar ko‘p.
Shuningdek, o‘tgan hafta Ekvador poytaxti Kitoda kuchli yomg‘irlar suv toshqinlariga olib kelgan. Chili poytaxti Santyagoda esa jala yomg‘irlari vayronkor sel va ko‘chkilarni keltirib chiqargan.
Peru sohillari yaqinida okean suvining harorati me’yordan 9,4 darajagacha yuqori qayd etilmoqda. Mutaxassislar mamlakatda yomg‘irli mavsum boshlanishi bilan vaziyat yanada og‘irlashishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
El-Nino hodisasi AQSHdagi qishki ob-havoga ham ta’sir qilishi kutilmoqda. Prognozlarga ko‘ra, mamlakatning g‘arbiy va sharqiy sohillarida bo‘ronlar faollashishi, Kaliforniyada suv toshqinlari, Floridada esa odatdagidan ko‘proq yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, El-Nino — ekvatorial Tinch okeanining markaziy va sharqiy qismida suv yuzasi haroratining davriy ravishda ko‘tarilishi bilan bog‘liq iqlim hodisasi. U okean va atmosfera o‘rtasidagi jarayonlarga ta’sir qilib, dunyoning turli hududlarida yog‘ingarchilik, qurg‘oqchilik va harorat o‘zgarishlariga sabab bo‘lishi mumkin.






























Izohlar 0
…