19:25 / 10.10.2024
36

Livanni kim boshqaradi va «Hizbulloh» nimalarga qodir?

Livanni kim boshqaradi va «Hizbulloh» nimalarga qodir?
Foto: Getty Images
So‘nggi haftalarda Livan Isroil tomonidan muntazam raketa zarbalari ostida yashamoqda va bu hujumlar natijasida jami 1000 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. 1 oktyabrga o‘tar kechasi Isroil armiyasi Livan hududida quruqlik amaliyoti boshladi. Bularning barchasi — Isroil va o‘z armiyasiga ega bo‘lgan «Hizbulloh» siyosiy partiyasi o‘rtasidagi ziddiyat tufaylidir.

«Hizbulloh»ning yaxshi qurollangan otryadlari Livan milliy armiyasidan ko‘ra qudratliroq kuch hisoblanadi va aholi, ayniqsa shia musulmonlar orasida katta qo‘llovga ega.

Davlat tashkiloti emasligiga qaramay, bu «Hizbulloh»ga so‘nggi 40 yil davomida Livandagi hukmron kuch bo‘lishiga xalal bermagan.

Livanni kim boshqaradi?

Livanda siyosiy hokimiyat turli diniy oqimlar o‘rtasida taqsimlangan.

Livan Fransiyadan mustaqillikka erishgach, 1943 yilda qabul qilingan konvensiyaga ko‘ra, mamlakat prezidenti maronitlar sektasiga mansub xristian, bosh vazir – sunniy mazhabdagi musulmon, parlament spikeri esa – shia mazhabidagi musulmon bo‘lishi belgilangan.

O‘sha vaqtda bu Livandagi diniy jamoalarning ulushini juda aniq aks ettirardi: aholining yarmidan oshiq qismi xristianlar bo‘lgan, ya’ni ularning soni sunniy va shialarning jami sonidan ko‘proq edi.

Ammo o‘tgan vaqt ichida konvensiya juda eskirdi, chunki hozirda Livandagi xristianlar, sunniylar va shialar soni deyarli bir xil: har biri 30 foizdan ko‘proq.

Xuddi shu konvensiyaga ko‘ra, parlamentdagi o‘rinlarning yarmi xristianlarga, qolgan yarmi musulmonlarning ikki guruhiga ajratilgandi.

Amalda Livandagi hech bir partiya yoki diniy sekta to‘liq hokimiyatga egalik qilmaydi. Hukumat parlament koalitsiyalaridan shakllantiriladi va har qanday muhim qaror barchani qoniqtiradigan konsensusni topish orqali qabul qilinishi kerak — bu esa ko‘pincha mamlakatni siyosiy boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yadi.

«Hizbulloh»ning Livandagi maqomi qanday?

Livanning shialar yashovchi hududlarida «Hizbulloh» maktablar va tibbiyot muassasalarini nazorat qiladi hamda ijtimoiy xizmatlarni o‘z gardaniga olgan. Foto: Getty Images
«Hizbulloh» avvaliga 1982 yilda Livandagi fuqarolik urushi chog‘ida Livanning janubiy qismini okkupatsiya qilgan Isroil qo‘shinlariga qarshi kurashish uchun shialar qo‘shini sifatida paydo bo‘lgandi.

Guruhni shialarning eng yirik mamlakati Eron faollik bilan qurollantirgan va moliyalashtirgan. «Hizbulloh»ning arab tilidan tarjimasi «Allohning partiyasi» ma’nosini beradi.

«Hizbulloh» o‘z mavjudligi haqida rasman 1985 yilda e’lon qilib, Livanda Erondagi kabi islom davlati tuzishni o‘z maqsadi sifatida belgilagandi. Guruh shuningdek Livan janubi va Falastin hududlarida Isroil okkupatsiyasiga barham berishga qasam ichgandi.

2009 yilda tashkilot yangi manifest e’lon qiladi, bu vaqtga kelib unda islom davlati qurish haqidagi gap yo‘q edi. Ammo Isroilga nisbatan pozitsiya o‘zgarishsiz qolgan.

1990 yilda Livandagi fuqarolik urushi yakunlanganida qurollangan guruhlar o‘z otryadlarini tarqatib yuboradi, faqat «Hizbulloh» bu ishni qilmaydi. Guruh mamlakat janubida Isroil okkupatsiyasiga qarshi kurashni davom ettirishini ma’lum qiladi.

2000 yilda Isroil o‘z qo‘shinlarini Livandan uzil-kesil olib chiqadi, «Hizbulloh» a’zolari esa buni o‘z g‘alabasi sifatida talqin qiladi.

«Hizbulloh» Livanning shia aholisi tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanadi. Foto: Getty Images
1992 yildan «Hizbulloh» Livan parlamenti uchun saylovlarda o‘z nomzodlarini ko‘rsata boshlaydi.

Hozirga kelib guruh parlamentda bir necha mandatga ega. Livan hukumatidagi vazirlar orasida ham «Hizbulloh» vakillari bor.

Livanning shialar ko‘pchilikni tashkil etadigan hududlarida guruh maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash tizimi va ijtimoiy yordam uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan.

Livandagi boshqa partiyalar ham o‘z saylovchilariga shunday xizmatlar ko‘rsatadi, ammo aynan «Hizbulloh» eng yirik tarmoqqa egaligi aytiladi.

«Hizbulloh» qanday qilib shunday nufuzli siyosiy kuchga aylandi?

«Hizbulloh» qo‘shini dunyodagi davlatniki bo‘lmagan eng yirik armiya sanaladi. Foto: Getty Images
«Hizbulloh» o‘z lashkari tufayli Livandagi shunday siyosiy kuch bo‘lib oldi. Guruh o‘z saflaridagi jangchilar soni 100 mingga yetishini aytadi, ammo mustaqil kuzatuvchilarga ko‘ra bu miqdor bir necha barobar kichikroq: taxminan 20 mingdan 50 minggacha.

Bundan tashqari, Amerika strategik va xalqaro tadqiqotlar tahliliy markazi baholariga ko‘ra, «Hizbulloh» yaxshi qurollangan hamda kamida 120 ming raketa va snaryadlarni o‘z ichiga oluvchi ulkan arsenalga ega (boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, bu miqdor 200 mingga yaqin).

U dunyoda davlatniki bo‘lmagan eng kuchli armiya deb hisoblanadi — va u masalan, Livan armiyasidan kattaroq kuchdir.

Bundan tashqari, «Hizbulloh» mamlakatdagi rasmiy hukumatning zaifligidan faol foydalanadi. Xususan, ikki yildan oshiq vaqtdan buyon mamlakat prezidenti o‘rindig‘i bo‘sh qolmoqda, chunki siyosiy partiyalar uni kim egallashi borasida kelishuvga erisha olmayapti.

Livandagi markaziy hokimiyat «Hizbulloh»ga o‘z rejalarini amalga oshirishga xalal berish uchun yetarlicha kuchli emas.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Livanni kim boshqaradi va «Hizbulloh» nimalarga qodir?