KCNA / KNS / AFP / Scanpix / LETA
Shimoliy Koreya armiyasida o‘tgan yillarni yodga olarkan, Han Ul avvalo doimiy va kishini holdan toydiruvchi ochlik hissini eslaydi. Harbiy xizmatning dastlabki oyida u 10 kilogrammga ozib ketgandi: askarlar asosan jo‘xori va chirigan karam bilan ovqatlanishgan.
Uch oylik tayyorgarlikdan so‘ng, Han Ulning aytishicha, u xizmat qilgan batalyonning deyarli barcha askarlari shu darajada holsizlanganki, ularni vazn olish uchun maxsus reabilitatsiya markaziga yuborishga to‘g‘ri kelgan.
Keyinchalik, Janubiy Koreya chegarasini qo‘riqlashga yuborilganlarida, jo‘xori o‘rniga guruch bera boshlashgan. Ammo guruchning katta qismi askarlarga yetib kelgunga qadar ta’minot bo‘linmalari tomonidan talon-toroj qilingan va qolgan-qutgan qismi qum bilan aralashtirilgan.
Shunga qaramay, Han Ulning aytishicha, uning bo‘linmasi boshqalarga qaraganda yaxshiroq ovqatlantirilgan, chunki shimoliy koreyalik qo‘mondonlar chegarada dezertirlikning oldini olish uchun shunday taktikani qo‘llagan. Ammo bu taktika ham Han Ulni to‘xtatib qololmagan.
2012 yilda u o‘ta xavfli ish — Shimoliy va Janubiy Koreyani ajratib turadigan demilitarizatsiyalangan hudud orqali qochishga qaror qiladi.
Uning xizmat tajribasi haqidagi kechmishlari, shuningdek, shimoldan qochib o‘tgan boshqa askarlarning hikoyalari Rossiyaning Ukraina bilan urushi frontiga yuborilgan minglab shimoliy koreyalik askarlar qanday holatda ekanini tushunish imkonini beradi.
2012 yilda qochgan vaqtida Han Ul demilitarizatsiyalangan hududni qo‘riqlaydigan chegara qo‘shinlarida xizmat qilgan.
Taxminlarga ko‘ra, Pyongyang (Pxenyan) Rossiyaga 11 mingga yaqin askar yuborgan, ular Rossiya qo‘shinlariga avgust oyida Ukraina tomonidan hujumda egallangan Kursk oblasti hududlarini qaytarib olishda yordam berish uchun jalb qilingan.
Seul, Vashington va Kiyev bu hafta Kursk oblastidagi janglarda «salmoqli miqdorda» shimoliy koreyalik askarlar qatnashganini ma’lum qildi. Janubiy Koreya rahbariyati ma’lumotiga ko‘ra, ularning «yuzdan ortig‘i» halok bo‘lgan yoki yaralangan (bu raqamlar boshqa manbalar tomonidan tasdiqlanmagan).
Shu bilan birga, BBC'ga intervyu bergan qochqinlar va boshqa harbiy mutaxassislar bu bo‘linmalarga past baho berish xavfli ekanini ta’kidlashdi.
Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaga yuborilgan shimoliy koreyalik askarlarning ko‘pchiligi elita hujum bo‘linmalari tarkibiga kiradi. Ular «katta jangovar ruh»ga ega, shu bilan birga, «zamonaviy urush realliklarini yaxshi tushunishmaydi».
Shturmchi bo‘linmalarga faqat eng baland bo‘yli va sportga moyil erkaklar tanlab olinadi, — deydi Li Hyon Son. U 2000-yillar boshlarida Shimoliy Koreya maxsus bo‘linmalarida mashg‘ulot o‘tkazgan, 2014 yilda esa o‘zi dezertirlik qilgan.
Li Hyon Son shturmchilarni jangovar san’at asoslari, pichoq otish va stol buyumlari hamda oshxona jihozlaridan qurol tayyorlash bo‘yicha o‘qitgan.
Shturmchi bo‘linmalarning mashg‘ulotlari oddiy shimoliy koreyalik bo‘linmalarga nisbatan ancha intensiv bo‘lganiga qaramay, hatto ularda ham askarlar ko‘pincha yetarlicha qorin to‘ydira olmagani tufayli to‘liq quvvatdan mahrum bo‘lish holatlari kuzatilgan.
Internetda tarqalgan, Rossiyada tasvirga olingani aytilayotgan videoda juda yosh va zaif askarlar ko‘rinib turibdi, deydi Han Ul. Ularning tashqi ko‘rinishi Pyongyangning propaganda videolarida tasvirlangan shimoliy koreyalik askarlarning norg‘ul obrazi bilan keskin kontrast tashkil qiladi (propaganda videolarda askarlar qo‘llari bilan muz bo‘laklarini parchalashi va metall zanjirlarni uzib tashlashi ko‘rsatiladi).
Han Ul o‘z xizmat vaqti davomida bor-yo‘g‘i uch marta o‘q uzgani, u ham bo‘lsa birgina o‘q otish mashg‘uloti chog‘ida sodir bo‘lganini aytadi. Uning jangovar tajribasi faqat bir epizod bilan chegaralangan: demilitarizatsiyalangan zonaga ochlikdan sillasi qurigan holda odimlab kelgan dehqonni uchratgan. Dehqon yerdan qandaydir yegulik topishga harakat qilgan. Han Ul har qanday buzg‘unchiga o‘t ochish buyrug‘ini inkor qilib, ogohlantirish bilan cheklandi va uning ketishiga imkon beradi.
2000-yillar boshlarida Li Hyon Son Shimoliy Koreya maxsus bo‘linmalari instruktori bo‘lgan.
Shimoliy Koreyaning o‘ta yopiqligi va mamlakatdan tashqariga chiqadigan ma’lumotlarning umumiy tanqisligini hisobga olsak, Han Ul dezertirlik qilganidan beri o‘tgan o‘n yil mobaynida mamlakat armiyasi nechog‘lik o‘zgarganini aniq aytish qiyin. Kim Chyon In (Kim Chen In) mamlakatning shundoq ham cheklangan resurslarining katta qismini muntazam armiyani modernizatsiya qilishga emas, balki raketa dasturi va yadro quroli yaratishga yo‘naltirganga o‘xshaydi.
2019 yilda dezertirlik qilgan yana bir shimoliy koreyalik qochqin Ryu Son Hyonning aytishicha, armiyadagi dastlabki uch yil hatto maxsus bo‘linmalarga tushganlar uchun ham juda og‘ir kechadi. Hozirda 28 yoshdagi Ryu, yetti yil davomida Shimoliy Koreya havo kuchlarida haydovchi sifatida xizmat qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yillar davomida xizmat sharoitlari faqat yomonlashgan, hatto ovqatlanish ratsionlaridan ham guruch sekin-asta yo‘qolib borgan: «Askarlarga bir necha kunlik oziq-ovqat zaxirasi bilan tog‘larga yuborishadi va buni «omon qolish kursining bir qismi» deb tushuntirishadi».
O‘quv mashg‘ulotlari Koreya yarim orolining tog‘li hududlarida o‘tkazilishini hisobga olib, suhbatdoshlar Kursk yaqinidagi tekisliklarda joylashgan okoplardagi shimoliy koreyalik askarlar jangovar harakatlarga qanchalik moslasha olishini savol ostiga qo‘yadi.
Ryuning fikricha, shturmchi bo‘linmalar asosan frontdagi ochiq janglar uchun emas, dushman hududi ichkarisiga kirib, u yerda sarosima keltirib chiqarish uchun tayyorlangan: «Ularning vazifasi dushman zaxiralariga kirib, tartibsizliklar tashkil qilishdan iborat».
Shu bilan birga, Ryuning qo‘shimcha qilishicha, Kim Chyon Inning maxsus bo‘linmalarni Rossiyaga yuborishdan boshqa iloji yo‘q edi. Chunki muntazam bo‘linmalarning askarlari harbiy xizmatning katta qismini asosan qurilish ishlari, oziq-ovqat yetishtirish yoki o‘tin yorish bilan o‘tkazadi.
Moskvada Shimoliy Koreya obro‘sini saqlab qolish uchun ham Kim Chyon In kamida asosiy jangovar tayyorgarlik ko‘nikmalariga ega bo‘lgan askarlarni yuborishiga to‘g‘ri keldi.
Ryuning aytishicha, omon qolish mashg‘ulotlari doirasida askarlar bir necha kunlik guruch zaxirasi bilan tog‘larga yuboriladi.
Bundan tashqari, til to‘siqlari qo‘shimcha muammolar keltirib chiqaradi. Yaqinda Ukraina harbiy razvedkasi ma’lum qilishicha, kommunikatsiya muammolari sabab shimoliy koreyalik askarlar yanglishib, rossiyaliklar batalyoniga qarata o‘t ochgan va sakkiz askarni o‘ldirgan.
Bu holat shimoliy koreyalik harbiylar Ukrainada faqat «to‘p yemi» ekani, Putinning Kursk oblasti okoplariga yangi odam topish bo‘yicha jon holatdagi urinishlarining belgisi o‘laroq qabul qilinishi mumkin.
Ammo shimoliy koreyalik sobiq harbiylar bu fikr noto‘g‘ri ekanini ta’kidlashadi. Askarlar rejimga to‘liq sodiqligi va ularning yuqori jangovar ruhiyati ko‘plab kamchiliklarini qoplashi mumkin.
«Shturmchi askarlarning ko‘pchiligi ishchilar yoki kolxozchilar oilalaridan chiqqan, partiyaga sadoqatli va buyruqlarni so‘zsiz bajaradigan shaxslar», — deydi Han Ul. Uning otasi va amakivachchasi ham maxsus bo‘linmada xizmat qilgan.
Lining aytishicha, har kuni tonggi siyosiy mashg‘ulotlar, aslida, mafkura asosida o‘tkaziladigan «ma’naviy sinov» bo‘lib, askarlarni Rossiyadagi xizmatga ruhiy jihatdan tayyorlashga yordam beradi. U vaqt o‘tishi bilan shimoliy koreyalik askarlar dala sharoitiga ko‘nikib, jangovar malakaga ega bo‘lishi va omon qolish yo‘llarini topishiga ishonadi.
Shimoliy Koreya davlat nashrlari tomonidan 2024 yil mart oyida e’lon qilingan fotosuratlarda maxsus kuchlar jangchilari mashg‘ulotlari tasvirlangan.
Garchi shimoliy koreyalik harbiylardan Rossiyaga yuborilishi haqida fikrlari so‘ralmagan bo‘lsa-da, Ryuning aytishicha, ularning ko‘pchiligi ixtiyoriy ravishda ham borgan bo‘lishi mumkin. Karyera qilishga intiladiganlar uchun bu — xizmatda ko‘tarilish uchun ajoyib imkoniyatdir.
Shimoliy Koreya armiyasidagi og‘ir shart-sharoitlarni inobatga olganda, ko‘pchilik birinchi marta xorijga chiqish imkoniyati paydo bo‘lganidan mamnun bo‘lishi mumkin.
«Menimcha, ularda rossiyalik askarlarga qaraganda jangovar ruh yuqoriroq», — deydi Ryu va o‘zi ham shu kabi missiyani qabul qilishdan bosh tortmasligini tan oladi.
Janubiy Koreya maxsus bo‘linmalari sobiq qo‘mondoni Chun In-bum ham qochqinlarning so‘zlarini qo‘llab-quvvatlaydi: «Shimoliy Koreya harbiylari oziq-ovqat va tayyorgarlik bo‘yicha yetishmovchiliklarga qaramay, jangovar qobiliyatga ega. Ular tezda yangi sharoitlarga moslashadi. Ulardan voz kechib bo‘lmaydi».
Garchi Rossiya har kuni mingdan ortiq yo‘qotishga uchrayotganiga (qurbonlar va yaradorlar) qaramasdan, ekspertlar va rasmiylar 11 ming nafar shimoliy koreyalik askar uzoq muddatli pozitsion urushda jiddiy o‘zgarish qila olmasligi, ularni urushga jo‘natish bilan ish tugamasligini aytishmoqda. Nazariy jihatdan KXDR Moskvaga 60 minggacha, rotatsiya bilan 100 minggacha askar yuborishi mumkin.
Chun In-bumning fikricha, bunday holatda tirik kuchlarning soni sifatga do‘nishi, alal oqibatda Pyongyangning yordami samarali bo‘lishi mumkin.
Shimoliy Koreyaning sobiq harbiylari fikricha, Kim Chyon In shaxsiy tarkib ichidagi katta yo‘qotishlarga qo‘yib berishi ham mumkin. Bu uning rejimi barqarorligiga hech qanday ta’sir o‘tkaza olmaydi.
«Asosan yuqori doiralarga hech qanday aloqasi yoki ta’siri yo‘q askarlar, ochig‘ini aytganda, osonlikcha qurbon qilinishi mumkin bo‘lganlar jo‘natilmoqda», — deydi Han Ul.
U o‘zining jangovar otryadida yuqori nufuzli oilalardan hech kim yo‘qligini bilganda shokka tushganini eslaydi. «Shunda biz faqat sarflash uchun mo‘ljallangan kuch ekanimizni anglab yetdim», — deydi u.
Qurbon bo‘lgan askarlarning oilalaridan jiddiy qarshilik kutish qiyin, chunki ularning farzandlari qahramon sifatida yodga olinadi.
«Ko‘plab oilalar armiyada farzandlarini yo‘qotgan», — deydi Han Ul. Masalan, uning uchinchi amakivachchasi urushda halok bo‘lgan, uning onasi esa o‘g‘lining qahramonlikka qo‘shgan hissasi uchun hukumatdan minnatdorchilik xati olgan.
Xo‘sh, dezertirlar bo‘ladimi?
Shimoliy Koreya askarlari va ularning oilalari rejimga mutlaqo sodiqligi hamda rasmiy mafkuraga yuqori ishonchi Ukraina va Janubiy Koreyaning umidlarini yo‘qqa chiqarishi mumkin. Ular shimoliy koreyaliklar haqiqiy jangga kirishganda darhol qochib ketadi, deb umid qilishgandi. Kiyev va Seul frontda psixologik ta’sir ko‘rsatuvchi operatsiyalar o‘tkazish orqali koreyaliklarni taslim bo‘lishga ko‘ndirishni ham muhokama qilgan.
Shu bilan birga, ularning mobil telefonlari yo‘qdek ko‘rinadi. Ukraina razvedkasi ma’lumotiga ko‘ra, shimoliy koreyalik bo‘linmalar bilan uchrashuvdan oldin hatto rossiyalik askarlarning ham telefonlari yig‘ib olinadi. Shuning uchun shimoliy koreyalik askarlarning ongi va ruhiyatiga ta’sir o‘tkazish uchun ovoz kuchaytirgichlar orqali tashviqot materiallari tarqatish yoki dronlar yordamida varaqalar tashlash rejalashtirilgan.
Ryu va Han Ul bir paytlar Janubiy Koreyaning Kim Chyon In rejimiga qarshi tashviqotidan ta’sirlanib, dezertirlik qilishga qaror qilgan. Biroq ular bu tashviqot frontdan uzoqda qanday ishlashini shubha ostiga oladi.
Ularning aytishicha, askarda qochishga bo‘lgan xohish paydo bo‘lishi va bu ishga jur’at qilish uchun ko‘p vaqt talab qilinadi.
Han Ulning taxminiga ko‘ra, ofitserlarga qochishga uringan har qanday shaxsni otish buyrug‘i berilgan. U o‘zi demilitarizatsiya qilingan hududdan qochganida jangovar sheriklari unga o‘ylanmasdan o‘t ochganini juda yaxshi eslaydi.
«Yigirmaga yaqin o‘q boshimdan bir metr balandlikda uchib o‘tuvdi», — deb eslaydi u.
Shimoliy Koreya askarlarini asirga olish ham qiyin vazifa bo‘lishi mumkin. KXDRda asirlikka tushish, ya’ni dushmanga taslim bo‘lish, o‘limdan ham qattiq xijolatli holat hisoblanadi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun askarlarga o‘zlarini o‘ldirishni o‘rgatishadi.
Ryu mashhur «So‘nggi o‘qni asra» nomli harbiy qo‘shiqni eslaydi: «Sizdan har doim yoningizda ikki o‘q saqlash talab qilinadi: biri dushman uchun, ikkinchisi — o‘zingiz uchun».
Shu bilan birga, maxsus bo‘linmalarning sobiq yo‘riqchisi Li yordam berishga qat’iy qaror qilgan. U frontga ixtiyoriy ravishda borib, shimoliy koreyalik askarlar bilan shaxsan suhbatlashish istagini bildirgan.
«Bu ularning ommaviy qochishiga olib kelmaydi, ammo urinib ko‘rish kerak. Jonli tanish ovozlar: men va boshqa shimoliy koreyaliklarning ovozlari — ularga kuchli ruhiy ta’sir o‘tkazishi mumkin», — deydi u.
Han Ul ularning Shimoliy Koreyaga eson-omon qaytib kelishlaridan ham umid qiladi. U Rossiyaga yordam berish uchun yuborilgan askarlar orasida o‘zining ko‘plab qarindoshlari bo‘lishi mumkinligini biladi.
«Men faqat ularning sog‘-omon uyga qaytishidan umid qilaman», — deydi u.
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Qushlar uchun aqlli qafas taqdim etildi: o‘zi ovqatlantirib, o‘zi tozalaydi
Putin uchinchi jahon urushi haqidagi savolga qanday javob berdi?
Vengriya bosh vaziri: Yevropa Ukrainadagi mojaroda yutqazdi
Erdo‘g‘on: “Suriyadagi kurd jangarilari yo qurollarini topshiradi, yo dafn qilinadi”
Davlat xizmatlari sohasidagi so‘nggi yangiliklar va yengilliklar ma’lum qilindi
Putin MDH davlatlari rahbarlari bilan uchrashadi
Grenlandiya Donald Trampga orol sotilmasligini eslatib qo‘ydi
Ekspert: Rossiyaga qarshi sanksiyalardan O‘zbekiston va Qirg‘iziston ko‘proq foyda ko‘rdi