83
Rossiyaning Asadga tayanishi oqibatlari: «Terrorchilarga qarshi kurashmoqchi boʻlgan Rossiya bizni oʻldirdi»
Yangi hukumat pragmatik yondashuvni tanlamoqda, xususan, Rossiya uchun muhim boʻlgan harbiy bazalar kelajagi borasida ham. Moskva tomonidan yarim asr mobaynida qoʻllab-quvvatlab kelingan Asadlar sulolasi agʻdarilganidan soʻng Rossiyani Suriyada qanday kelajak kutmoqda? BBC shu haqida tahliliy maqola e'lon qildi.
«Biz Rossiya qarshiligiga qaramasdan oʻz uyimizdamiz»
43 kishi hayotiga zomin boʻlgan hujumga qaramasdan, Duma shahridagi koʻp qavatli uy qoʻshni binolarga nisbatan yaxshiroq saqlanib qolgan. Garchi zinapoya maydonchalaridagi derazalar sochilib yotganiga qaramasdan, uy deyarli butun. Quyosh nurlarida yoritilgan goʻzal marmar rangdagi tosh pollar, zina maydonlaridagi gullar va kvartira eshiklari oldida bir tekisda terib qoʻyilgan shippak va krossovkalar diqqatni tortadi — bu erda hali ham odamlar yashaydi. 2018 yilning 7 aprelida bu uyda kimyoviy hujum sodir boʻlgan edi.
Tofiq Diabning farzandlari Dumaga qilingan kimyoviy hujum qurboni boʻlgan
Bir paytlar farovon boʻlgan qishloq xoʻjaligi hududi Duma –«Damashqning gʻalla ombori» sifatida mashhur edi. 2011 yilda u qoʻzgʻolonchilarning muhim tayanch nuqtalaridan biriga aylandi. Hukumat qoʻshinlarining bir necha bor omadsiz hujumlari ortidan Duma va Sharqiy Gʻuta viloyatining boshqa shaharlari ishgʻol qilindi. Rejim tomonida Eron va uning proksi kuchlari jang qilgan boʻlsa, 2015 yildan boshlab Rossiya ham urushga qoʻshildi. Urush nafaqat maktablar va turar joy massivlariga, balki qishloq xoʻjaligi erlariga ham katta ziyon etkazdi.
Sharqiy Gʻuta ishgʻol etilishi Suriyadagi fuqarolik urushi tarixidagi eng shafqatsiz sahifalardan biri boʻlgandi. Dumaning 40 foizdan ortiq qismi vayron qilindi, oʻn minglab odamlar ocharchilikka roʻbaru keldi.
«Rossiya bu erga terrorchilarni yoʻq qilish uchun kelganini aytadi, aslida esa bizni oʻldirdi», — deydi avtomexanik Tofiq Diab. Uning farzandlari 2018 yil 7 apreldagi kimyoviy hujumda halok boʻlgan.
Ushbu voqea turli tomonlar manipulyatsiyasiga aylandi. Muxolifat manbalarga koʻra, hujum mahalliy kasalxonaga qilingan va zarin kabi asabni falaj qiluvchi modda qoʻllangan. Rossiya esa hujum boʻlganini butunlay inkor etish kampaniyasini olib bordi.
Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti (OPCW) vertolyot Suriya harbiy-havo kuchlarining Dumayr aviabazasidan uchib, ikki ballon xlor gazini turar joy binolari ustiga tashlaganini aniqlagan. Bu hodisa 43 kishi hayotiga zomin boʻlib, oʻnlab odamlarni jarohatlantiradi.
OPCW bu vertolyotni general Suhayl al-Hasan boshqaruvidagi 25-y maxsus boʻlinma bilan bogʻlagan. Rossiya matbuoti generalni «afsonaviy» deb atagan, u Rossiya bosh shtabi rahbaridan mukofot olgan va Rossiyaga yaqin shaxs sifatida tanilgan.
«Rossiya — terrorchi, Eron — terrorchi, Bashar Asad rejimi — terrorchi. Biz esa oʻz yurtimizning xalqimiz», — deydi Tofiq Diab. Uning soʻzlariga koʻra, maxsus xizmatlar tahdidi ostida u yillar davomida oʻz farzandlari oʻlimiga ham ochiqcha motam tutolmagan.
Yillar davomidagi qamal va qochqinlikda umr kechirgan Ahmad Toho qurollarini topshirib, tinch hayotga qaytishga tayyor.
Duma koʻchalarida keng tabassumli oq sochli Ahmad Tohoni osonlik bilan payqash mumkin. U hashamatli, lekin loy bilan kamuflyaj qilingan zirhlangan «Mersedes»da harakatlanadi. Toho urushning dastlabki yillarida Dumada qoʻzgʻolonchilar qoʻmondonlaridan biri boʻlgan va sakkiz yillik muhojiratdan soʻng oʻz ona shahriga qaytgan.
«[Rejim va Rossiya] bizga artilleriya va aviatsiyadan qattiq zarbalar berdi. Rossiyaning jinoyatlarini tasvirlab berish mumkin emas. Bu aql bovar qilmas darajadagi jinoyatlar edi. Yarashish mumkinmi yoki yoʻqmi, bilmayman. Ammo biz bugun Rossiyaga, rejimga va uni qoʻllab-quvvatlagan barchaga qaramasdan uyimizga qaytdik», — deydi Toho.
Bir paytlar tadbirkor boʻlgan Toho 2011 yilda qoʻliga qurol oldi va muxolifatning mahalliy inqilobiy kengashida rahbarlik lavozimlarini egalladi. 2018 yilda qoʻzgʻolonchilar hukumat bilan shaharni taslim qilish boʻyicha kelishuvga erishdi. Asirlarni ozod qilish evaziga ular avtobuslarda rejim nazoratida boʻlmagan Idlibga koʻchib oʻtish imkoniyatini oldi.
Hukumat va qoʻzgʻolonchilar oʻrtasidagi kelishuvlar kafolatchisi sifatida Moskva oʻrtaga chiqqan va ruslarning harbiy politsiyasi Asad rejimiga qaytarilgan shaharlarda patrullik qilgan. Harbiy politsiya Damashq chekkasidagi Jubar shaharchasini taslim qilishda ham kafil boʻlgan. Bu shaharning 93 foizi vayron qilingan holda hukumat qoʻshinlari tomonidan egallangan edi.
Damashq yaqinida yashovchi Ahmad Xalifa esa rossiyaliklarga nisbatan da'volari yoʻqligini aytadi: «Rossiya armiyasi bizga hech qanday yomonlik qilgani yoʻq. Biz faqat ular koʻchalarda oʻz mashinalarida harakatlanayotganini koʻrardik. Erda ulardan hech qanday yomonlik koʻrmadik».
Damashq markazidan Jubargacha mashinada yarim soatda etib olish mumkin, biroq shaharning katta qismi vayron boʻlgan.
Jubar vayron boʻlishida Ahmad Xalifa aynan hukumat qoʻshinlarini ayblaydi va tinch aholini oʻz uylariga qaytishga yoʻl qoʻyishmaganiga guvoh boʻlganini ta'kidlaydi.
«Ular uylarni vayron qilib, qolgan barcha narsalarni asta-sekin talon-toroj qilishardi: mebellar, devor qoplamalari, eshiklar, oyna ramkalari — nima olsa boʻlsa, barchasini olib ketishardi. Ular — oʻzlarini bizning himoyachimiz deb atagan armiya askarlari edi. Buni oʻz koʻzlarim bilan koʻrganman», — deb eslaydi Xalifa.
Hukumat armiyasi tomonidan qoʻlga kiritilgan boshqa qoʻzgʻolonchi shaharlarda, jumladan, Halabda ham turar joy massivlari talon-toroj qilinishi haqida koʻplab hujjatlar mavjud. Koʻplab manbalar bu ishlarga «Shabiha» (arvohlar) deb atalgan hukumatga sodiq norasmiy maxsus guruhlar aloqadorligini koʻrsatgan.
Yuzlab suriyaliklar Asad rejimining maxfiy qamoqxonalarida bedarak yoʻqolgan yaqinlari topilishidan umidvor
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2015 yilda Suriya mojarosida ishtirok etish haqida e'lon qilganida, Suriya armiyasini «faqat va faqat terrorchilik guruhlariga qarshi qonuniy kurashida» qoʻllab-quvvatlashini va'da qilgan edi.
Biroq, BMT, Amnesty International va boshqa xalqaro tashkilotlar, New York Times nashrining surishtiruvlarida Rossiyaning havo-kosmik kuchlari tinch aholi istiqomat qiladigan kvartallar va shifoxonalarga tartibsiz aviazarbalar berish orqali harbiy jinoyatlar sodir etganlikda ayblangan. Moskva esa oʻz harakatlari tinch aholi orasida qurbonlarga olib kelganini rad etib keladi.
Oʻsha davrda IShIDga qarshi AQSh boshchiligidagi koalitsiya ham kurash olib bordi. Ushbu koalitsiya kurd otryadlarining qurolli operatsiyalarini qoʻllab-quvvatladi. Ularning harakatlari natijasida ham tinch aholi oʻlimi qayd etilgan. Shuningdek, inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar qoʻzgʻolonchilar va muxolifat kuchlarini ham tinch aholi qurbon boʻlishida ayblaydi.
Milliardlab dollarlar va yarim asrlik munosabatlar
Tarixan Suriya sovet ittifoqining eng yirik qurol xaridorlaridan biri boʻlgan. 35 yil davomida Suriya 26 milliard dollarlik 5 mingga yaqin tank, 1,2 mingdan ortiq samolyot, 70 ta harbiy kemalar va boshqa qurol-yarogʻ va texnikalarni xarid qilgan, deb xabar beradi TASS. SSSR parchalangan paytda Damashq bu mablagʻning yarmidan koʻprogʻini toʻlay olmagan va 2005 yilda Vladimir Putin qarzning katta qismidan kechib yuborgan.
Sovet ittifoqi Damashqqa nafaqat qurol-yarogʻ va harbiy maslahatchilarni yuborgan, balki ta'lim dasturlarini moliyalashtirgan va gidroelektrstantsiya hamda toʻgʻonlar kabi yirik fuqarolik loyihalarini amalga oshirgan. Suriyada rossiyalik va sovet oliygohlari bitiruvchilari assotsiatsiyasi 30 mingdan ortiq kishini oʻz ichiga oladi. Suriya hukumati a'zolari va yuqori lavozimli harbiylar oʻz tarjimayi hollarida SSSR va Rossiya oliygohlarini koʻrsatishgan.
«Suriyaliklar orasida Rossiya bilan shaxsiy aloqalari boʻlganlar koʻp emas edi, ammo ular asosan harbiy, ilmiy va siyosiy elita a'zolari boʻlib, yaxshi aloqalarga ega edi», — deb yozadi Shvetsiya Mudofaa tadqiqot agentligi tahlilchisi Aron Lund Rossiya-Suriya munosabatlari tarixi haqidagi hisobotida.
Sovet ittifoqi Suriyani Isroil bilan urushlarda qoʻllab-quvvatlashi bilan birga, ushbu yordamlar Kremlni ishonchli hamkor va ittifoqchi sifatida koʻrsatgan.
Mustaqil baholashlarga koʻra, Moskva fuqarolik urushidagi 9 yillik ishtiroki uchun milliardlab dollar sarflagan, biroq sovet davri merosi koʻpchilik uchun yoʻqqa chiqqan.
«Agar siz suriyaliklardan soʻrasangiz, biz Rossiyaning mintaqamizdan toʻliq chiqib ketishini istaymiz. Chunki u — dushman», — deydi Dumadagi isyonchilar etakchilaridan biri boʻlgan Ahmad Toho.
«Ha, Rossiya biz uchun dushman, — deya soʻzlashda davom etadi u. — Ular suriyaliklarni, bolalar va ayollarni oʻldirdi. Zamonamizning bosh jinoyatchisi [Asad]ga ushbu qatllarda yordam berdi. U BMT Xavfsizlik Kengashining ushbu jinoyatlarni qoralovchi barcha rezolyutsiyalariga veto qoʻyib keldi».
Viloyatlarda va Damashqda Suriya armiyasining tashlab ketilgan tanklari uchraydi
Asadning yana bir asosiy ittifoqchisi Eron oʻz qoʻshinlarini rasman evakuatsiya qildi va rejim agʻdarilgandan keyingi ilk kunlarda talon-toroj qilingan elchixonasini yopdi. Biroq, Rossiyaning Damashqdagi elchixonasi hanuz yopilmagan, shuningdek, harbiy kontingenti ham Suriya hududida qolmoqda, garchi u ikki baza — Tartus porti va Hmeymim aerodromigacha qisqargan boʻlsa ham.
Ahmad ash-Shar'a boshchiligidagi yangi hukumat Moskva bilan muzokaralarga kirishdi va Rossiyaning barcha harbiylarini zudlik bilan olib chiqib ketishni talab qilmayapti.
«Suriya va Rossiyani strategik aloqalar bogʻlab kelgan. Biz buni tezda bartaraf eta olmaymiz va kelajakda hamkorlikdagi strategik manfaatlarimizni rivojlantirishni xohlaymiz», — deya ta'kidlagan mamlakatning de-fakto rahbari ash-Shar'a BBC bilan suhbatda.
Suriyada hokimiyatga kelgan «Hay'at Tahrir ash-Shom» (HTSh) qoʻzgʻolonchi guruhi hanuz Rossiyada (shuningdek Gʻarbda ham) terrorchi tashkilot sifatida tan olingan. Fuqarolik urushi davomida Rossiya qoʻshinlari HTSh pozitsiyalarini ham bombardimon qilgan edi.
«Biz bu yoʻnalishni qoʻllab-quvvatlaymiz, — degan Shar'aga javoban Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov. — Bizda suriyalik doʻstlarimiz bilan koʻp umumiy nuqtalar bor».
Rossiyaning Suriyadagi har ikki bazasi — Tartus porti va Hmeymim aerodromi ruslarning Afrikadagi harbiy logistikasida muhim ahamiyatga ega. Bu bazalar Rossiyaning Mali, Markaziy Afrika Respublikasi va Liviyadagi harbiy faoliyati uchun strategik nuqta hisoblanadi.
Damashq markazidagi «Russkiy dom» madaniy markazi hamon yopiq holda qolmoqda. Kreml minorasi uslubida qurilgan toʻrt qavatli bino atrofi Rossiya trikolori ranglarida boʻyalgan metall devor bilan oʻralgan. U bino «Rossotrudnichestvo»ga tegishli.
Damashqdagi oʻtish davri hukumatining Rossiya bilan munosabatlarni uzmaslik uchun etarli sabablar bor, deydi Suriya armiyasining nafaqadagi generali va harbiy ekspert Turkiy al-Hasan. Uning ta'kidlashicha, Suriya Respublikasining qurolli kuchlari tashkil topganidan buyon SSSR va Sharqiy blok mamlakatlaridan kelgan qurol-yarogʻlarga bogʻlangan.
«Suriya armiyasining qurol-yarogʻlari Rossiyada ishlab chiqarilgan, — deydi al-Hasan. — Shu sababli yangi armiya tuzish uchun yoki toʻliq qayta qurollanish lozim, yoki mavjud etkazib berishlar davom ettirilishi kerak. Bu esa ikki davlat qurolli kuchlari oʻrtasidagi aloqalarni saqlab qolishni taqazo qiladi».
Yangi bayroq — Frantsiyadan mustaqillik uchun kurashgan birinchi Suriya respublikasi ramzlariga qaytishdir.
Turkiy al-Hasanning fikricha, mazkur qarorni oddiy suriyaliklarning gʻazabi emas, balki pragmatik manfaatlar belgilaydi: «Rossiya yangi rejimga nimalarni taklif qila oladi? Yangi rejim Rossiya bilan siyosiy va harbiy hamkorlik borasida nima qilishga tayyor?»
Ammo Rossiya Suriyadagi harbiy bazalarini saqlab qolgan taqdirda ham, mamlakatdagi oʻn yilliklar davomidagi ta'siri, ehtimol, oʻz poyoniga etdi. Soʻnggi yillarda Moskva Suriyadagi rolini asosan hukumat armiyasini havodan qoʻllab-quvvatlash bilan cheklab qoʻydi. Suriya rossiyalik harbiylar uchun karera yasash joyiga aylandi, ular koʻpincha boshqalarning muvaffaqiyatlarini oʻzlariga taqdim etishga harakat qilib kelishdi.
Rossiyalik tadbirkorlar esa foydali qazilma boyliklar va boshqa tabiiy resurslarni oʻzlashtirishdan tashqari Suriyaga sarmoya kiritishni istashmadi. Ta'lim almashinuvlari hech qachon ommaviy tus olmadi, garchi sobiq prezidentning oʻgʻli Hofiz Asad Moskva davlat universitetida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan boʻlsa-da.
Moskva katta madaniy dasturlar yoki «yumshoq kuch» siyosati dasturlarini amalga oshirmadi. Hatto humanitar yordam hajmi juda kam boʻlib, 2023 yilda Rossiya Suriyaga bor-yoʻgʻi 11,5 mln dollar ajratgan. Bu koʻrsatkich Finlandiya va Yaponiyanikidan ham past edi. AQSh va Germaniya asosiy donorlar boʻlib, oʻnlab barobar koʻproq mablagʻ ajratgan.
Financial Times nashri yozishicha, Moskva Gʻarb bilan Suriyaning kelajagi haqidagi muzokaralarda moliyaviy yukning asosiy qismi Evropa gardaniga tushishi kerakligini ta'kidlagan. Gazeta ma'lumotlariga koʻra, Rossiya tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Mixail Bogdanov Evroittifoq elchilariga Rossiya mamlakatni tiklash jarayoniga hech qanday mablagʻ kiritmasligini bildirgan.
Biroq, 2020 yilda Rossiya Suriyaning elektr tarmoqlari va sanoatini tiklash uchun 1 mlrd dollardan ortiq mablagʻ ajratishini e'lon qildi.
Hokimiyat almashinuvi fuqarolik urushi nihoyalanganini anglatmaydi, biroq suriyaliklar tinchlik kelganiga ishonishni istashmoqda.
Rossiyaning 2015 yilda Suriya mojarosida ishtirok etishi uchun rasmiy sabablardan biri Bashar Asadni qoʻllab-quvvatlashdan tashqari, Rossiya fuqarolari va manfaatlarini himoya qilishni koʻzlab, terrorizmga qarshi kurashish edi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov interventsiya chogʻida «Damashq terrorchilar qoʻliga oʻtishdan ikki-uch haftalik masofada edi», deya ta'kidlagandi.
Uning bu soʻzlari oʻsha paytda koʻpchilik tomonidan mubolagʻa sifatida qabul qilingan, ammo joriy yilgi voqealar Asad rejimi koʻringanidan ancha zaifroq ekanini isbotlab qoʻydi. Rossiyaning toʻqqiz yillik harbiy operatsiyasi uni qutqara olmadi. Bundan tashqari, uzoq davom etgan fuqarolik urushi rossiyalik yuzlab harbiylar va minglab suriyalik tinch aholi hayotiga zomin boʻlib, ulkan qochqinlar oqimini yaratdi.
2014 yilda AQSh prezidenti Barak Obama Rossiyani «mintaqaviy barqudrat davlat» deb atagan edi. Bir yil oʻtib, Rossiyaning Suriyadagi operatsiyasi boshlandi. Bu hol Obamani oʻzining avvalgi bayonotini tahrirlashga majbur qildi — 2016 yilda u Rossiyani «harbiy barqudrat davlat» sifatida tan oladi.
Endi esa, Asad rejimi agʻdarilishi bilan Moskva Yaqin Sharqdagi asosiy va eng qimmatli hamkorlaridan birini yoʻqotdi. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
"Lans" bosh direktori: "Abduqodir Husanov klubdan ketadi"
Taniqli insayder “Manchester Siti" Abduqodir Husanov borasida faol muloqot olib borayotganini aytmoqda
Oʻzbekistonda dollar narxi 13 000 soʻmga chiqdi!
Endi yuridik shaxslar "svet"ga mobil aloqa orqali toʻlov qilishi mumkin
Norvegiyalik grossmeyster Magnus Karlsen uylandi
Ekspert: Moldova Rossiya qarshisida tiz choʻkmadi
Qozogʻistonda ikki yil ichida 27 nafar «jinoiy avtoritet» qoʻlga olindi
Germaniya suriyalik qochqinlar uchun himoya maqomini bekor qiladi