17:02 / 08.01.2025
113

Tramp Qoʻshma Shtatlarning Kanada qoʻshib olingan xaritasini koʻrsatdi (foto)

Tramp Qoʻshma Shtatlarning Kanada qoʻshib olingan xaritasini koʻrsatdi (foto)
Illyustrativ foto: GROK
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Kanadani oʻz ichiga olgan Qoʻshma Shtatlar xaritasini koʻrsatdi. Siyosatchi xaritani oʻzining Truth Social ijtimoiy tarmogʻiga joyladi.

Tramp 5 noyabr kuni boʻlib oʻtgan saylovlarda gʻalaba qozongach, Kanadaga tahdid qilishni boshladi. Siyosatchi dastlab Meksika va Kanada tovarlariga 25 foizlik, Xitoynikiga esa 10 foizlik boj joriy etishini aytgandi. Bu noqonuniy migrantlar oqimi va giyohvand moddalar kontrabandasi bilan bogʻliq.

Tramp tegishli bayonotni Kanada bosh vaziri Jastin Tyudo bilan suhbatda ham bildirgandi. U agar tegishli chora koʻrilmasa, Kanada AQShning 51-shtati, Tryudo esa uning gubernatori boʻlishini ta'kidlagan. Shuningdek, Kanada Qoʻshma Shtatlarga qoʻshib olingan taqdirda, mamlakatdagi soliqlar 60 foizdan koʻproqqa pasayishini bildirgan.

Agar Kanada bizning 51-shtatimizga aylansa, ularning soliqlari 60 foizdan koʻproqqa kamayadi, bizneslari darhol ikki barobar oʻsadi va ular dunyodagi boshqa hech qaysi davlatda boʻlmagan harbiy himoyaga ega boʻladi, deb yozgan Tramp Truth Social tarmogʻida.
6 yanvar kuni Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo liberallar partiyasi rahbari lavozimidan ketishini e'lon qildi. Tramp esa bunga ham munosabat bildirmay qolmadi. U Tryudoning bayonotidan soʻng Kanadaga yana bir bor 51-shtat sifatida AQSh tarkibiga kirishni taklif qildi.

Foto: Tramp Kanadani oʻz ichiga olgan AQSh xaritasi / Truth Social
7 yanvar kuni Kanada hukumati Trampning taklifiga qat'iyan rad javobini berdi.

"Saylangan prezident Trampning fikrlari Kanadani kuchli mamlakat qiladigan narsalarni mutlaqo tushunmasligini koʻrsatmoqda. Iqtisodiyotimiz baquvvat. Xalqimiz matonatli. Biz hech qachon tahdidlar oldida orqaga chekinmaymiz", dedi Kanada tashqi ishlar vaziri Melani Joli.

Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo ham mamlakat hech qachon AQShning 51-shtatiga aylanmasligini ta'kidladi.

"Kanadaning Qoʻshma Shtatlarning bir qismi boʻlish ehtimoli yoʻq. Har ikki mamlakatdagi ishchilar va mahalliy jamoalar savdo va xavfsizlik sohasida bir-birlarining eng yirik hamkorlari ekanliklaridan foyda koʻrmoqda", dedi iste'fosini e'lon qilgan Jastin Tryudo.

Tramp Panama kanalini ham AQSh nazoratiga qaytarmoqchi

AQShning saylangan prezidenti Panamadan Amerika harbiy va savdo kemalarining Panama kanali orqali oʻtishi uchun tranzit toʻlovlarini pasaytirishni talab qilgan. Aks holda siyosatchi Panama kanalini AQShga qaytarishini aytgan. Panada prezidenti Xose Raul Mulino kanal Panamaga tegishli va mamlakat tarixining bir qismi ekanini ta'kidlagan. Siyosatchi mamlakat mustaqilligi bilan suverenitet muzokara mavzusi boʻlishi mumkin emasligini aytgan.

"Panama kanalining har bir metri Panamaga tegishli va shunday boʻladi. Mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligi muhokama mavzusi boʻlishi mumkin emas", degan Mulino.

Tramp Panama hukumati bilan kanalni AQSh nazoratiga qaytarishni muhokama qilayotganini aytgan. Panama Tashqi ishlar vazirligi esa uning soʻzlarini rad etgan.

Navbatda Grenlandiya ham turibdi

Tramp Grenlandiyani sotib olish rejalarini birinchi muddati davomida ham gapirgandi, ammo rad javobini olgandi. Saylovda gʻalaba qozongach, Vashington Grenlandiyani nazorat qilishi kerakligini yana ta'kidlagan. Bunga javoban Grenlandiya parlamentining “Xalq hamjamiyati” partiyasi a'zosi Aaya Shemnis Donald Trampga orol sotilmasligini eslatib qoʻygan.

Biz sotilmaymiz. Grenlandiya xalqqa tegishli”, deygan orol bosh vaziri Mute Egede. Biroq u Grenlandiya Daniyadan mustaqil boʻlish uchun intilishi kerakligini aytgan.

"Tarix va bugungi sharoit shuni koʻrsatdiki, Daniya qirolligi bilan hamkorligimiz toʻliq tenglikni ta'minlay olmadi. Endi mamlakatimiz navbatdagi qadamni tashlash vaqti keldi. Dunyoning boshqa mamlakatlari kabi, biz ham hamkorlik yoʻlidagi toʻsiqlarni — mustamlakachilikning kishanlari deb atashimiz mumkin boʻlgan gʻovlarni — bartaraf etish va oldinga intilish uchun harakat qilishimiz lozim", degan Egede.

Tramp “butun dunyoda milliy xavfsizlik va erkinlikni ta'minlash uchun” AQSh Grenlandiyani egallab olishi “mutlaqo zarurligini” bildirgan. Mazkur tahdidlar fonida Daniya Grenlandiya mudofaasini kuchaytirib, gerbini oʻzgartirdi.

Qirol Frederik X Norvegiya va Shvetsiya bilan ittifoqqa ishora qilgan va 500 yildan ortiq vaqt davomida gerbda boʻlgan uchta tojni olib tashlashni buyurdi.

Grenlandiya va Farer orollari ramzlari — oq ayiq va qoʻchqor — ikki qismga boʻlinib, ikkinchi va uchinchi maydonlarga koʻchirildi, Daniya va Janubiy Yutlandiya ramzlari esa birinchi va toʻrtinchi maydonlarga oʻtkazildi.

Trampning oʻgʻli ham otasining hududiy tahdidlarini qoʻllab-quvvatlamoqda. 25 dekabr kuni 40 yoshli Erik Tramp oʻzining X ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida otasi Amazon'dan Kanada, Grenlandiya va Panama kanalini “sotib olayotgan” rasmini joylashtirgandi.

1953 yilgacha Grenlandiya oroli oʻzining milliy komissari va Grenlandiya ishlari boʻyicha kengash tomonidan boshqarilgandi. Bu boshqaruv Kopengagendagi Grenlandiya ishlari boʻyicha ma'muriyat tomonidan muvofiqlashtirilgan. 1953 yilda Grenlandiya mustamlakachilik tizimi tugatilib, Grenlandiya yangi Daniya konstitutsiyasiga binoan Daniyaning bir qismiga aylangan va Daniya parlamentida ikkita oʻrin egallagan.

1979 yilda oʻtkazilgan referendumda Grenlandiyaga mahalliy boshqaruv berildi. Grenlandiya ishlari boʻyicha kengash bekor qilinib, uning oʻrniga yangi parlament tashkil etildi. Ushbu parlament, oʻz navbatida, mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish uchun ijroiya organi boʻlgan landstingni saylaydi. Biroq, tashqi siyosat, mudofaa, adliya va moliya kabi sohalar Daniya tomonidan boshqarilmoqda.

Grenlandiya maydoni 2,166 million kvadrat kilometr boʻlgan dunyodagi eng katta orol boʻlib, uning deyarli 80 foizi muz bilan qoplangan. U Shimoliy Amerikaning shimoli-sharqida joylashgan. Orolda 50 mingdan sal koʻproq aholi yashaydi, ularning aksariyati inuitlar (eskimoslar).

Bu mustaqil davlat emas, balki Daniya tarkibidagi avtonom hududdir. Aholi punktlari asosan janubi-gʻarbiy qirgʻoq boʻylab toʻplangan. Grenlandiya poytaxti Nuuk.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo