15:22 / 27.02.2025
76

Tramp: Ukraina NATOga a’zo bo‘lishni unutsin

Tramp: Ukraina NATOga a’zo bo‘lishni unutsin
AQSH prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga qo‘shimcha xavfsizlik kafolatlari bermasligini ta’kidladi. “Men bizda mavjud bo‘lganidan ortiq xavfsizlik kafolatlarini taqdim etmayman. Bu masalani Yevropaga qoldiramiz... Lekin biz, albatta, hammasi yaxshi bo‘lishiga ishonch hosil qilamiz”, dedi Tramp 26 fevral kuni bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishida. Unga ko‘ra, agar Yevropa tinchlikparvar kuchlari Ukrainaga kiritilsa, Vashington bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Tramp Ukrainadagi urushni to‘xtata olishiga ishonch bildirdi. Uning fikricha, Rossiya tinchlik muzokaralarida yon berishga majbur bo‘ladi. “Biz har ikki tomon uchun ham foydali bo‘lgan kelishuvga erishish uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz”, — dedi Tramp jurnalistlarga. Shuningdek, u kelishuv Ukrainaga foydali bo‘lishiga kafolat berishga harakat qilishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Ukrainaga yo‘qotilgan hududlarning bir qismini qaytarib olishga yordam berishi mumkin, biroq bu murakkab masala.

Shu bilan birga, Tramp Ukraina “NATO haqida unutishi” lozimligini ta’kidladi. Uning fikricha, urush aynan Ukraina Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish istagi sababli boshlangan.

AQSH prezidenti Vladimir Zelenskiyning 28 fevral kuni Vashingtonga tashrif buyurishini tasdiqladi. Unga ko‘ra, Zelenskiy AQSH bilan “nodir va boshqa materiallar” bo‘yicha kelishuv imzolash uchun kelmoqda. Trampning ta’kidlashicha, ushbu kelishuv Bayden ma’muriyati tomonidan Ukrainaga ajratilgan harbiy yordamni qoplashga yordam beradi va Qo‘shma Shtatlarga katta foyda keltiradi.

Avvalroq, Zelenskiy bu kelishuv Ukrainaga berilgan harbiy yordamni qoplash bilan bog‘liq emasligini bildirgan edi. Shuningdek, u hujjatda AQSH hukumati Ukrainaga uzoq muddatli tinchlikka erishish yo‘lida xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishi qayd etilganini ma’lum qilgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo