
AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya Ukraina bilan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvni imzolashni ataylab kechiktirayotganini istisno qilmadi.
«Bilmadim. <…> Menimcha, Rossiya [bu urushga] chek qo‘ymoqchi, ammo, u vaqt cho‘zayotgan bo‘lishi mumkin. Bilasizmi, men ham ko‘p yillar davomida shunday qilib kelganman: „Men kelishuv imzolashni xohlayman, men o‘yinda qolishni istayman, ammo, men buni xohlamayotgan bo‘lishim ham mumkin“.
Ishonchim komil emas. Ammo baribir o‘ylaymanki, Rossiya buning tugashini xohlaydi va yana o‘ylaymanki, [Ukraina prezidenti Volodimir] Zelenskiy buning barchasi yakunlanishini xohlaydi», — degan Tramp Newsmax uchun intervyuda.
U tomonlar har hafta o‘rtacha jami 2500 nafar askar yo‘qotayotganini qo‘shimcha qilgan.
«Ular amerikaliklar emas, ammo men bunga shu nuqtayi nazardan qaramayman. Men frontdan kelayotgan fotosuratlarni ko‘ryapman, ularni ko‘rmaganim yaxshi edi. Qo‘llar, oyoqlar va boshlar har yerda sochilib yotibdi. <…> Men shunchaki bu to‘xtashini istayman», — deya qo‘shimcha qilgan AQSH prezidenti.
AQSH 11 mart kuni Saudiya Arabistonida Ukraina bilan muzokaralar chog‘ida butun front chizig‘ida 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilgandi. Kiyev bu taklifni qo‘llab-quvvatladi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin harbiy harakatlarni to‘xtatish taklifiga rozi ekani, biroq bu «uzoq muddatli tinchlik»ka olib kelishi kerakligini aytdi. Putinning Tramp bilan muzokaralari yakunida faqat energetika obyektlariga zarba berishni to‘xtatishga qaror qilingani ma’lum bo‘ldi.
Kreml va Rossiya mudofaa vazirligi energetika obyektlariga zarba berishga vaqtinchalik moratoriy Rossiya va AQSH prezidentlari kelishib olgan 18 martdan beri amal qilayotganini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy energetika obyektlariga zarba berishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvga 25 martdan amal qila boshlashganini aytdi. So‘nggi kunlarda Rossiya mudofaa vazirligi muntazam ravishda Ukrainani energetika obyektlariga zarba berishda ayblamoqda.
23-25 mart kunlari Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda AQSHning Rossiya va Ukraina delegatsiyalari bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. AQSH vakillari Ukraina delegatsiyasi bilan alohida, Rossiyaniki bilan alohida muzokaralar o‘tkazgan. Ularning yakunlariga ko‘ra Vashington Kiyev va Moskva bilan Qora dengizda xavfsiz kema qatnovini ta’minlash, kuch ishlatmaslik va tijorat kemalaridan harbiy maqsadlarda foydalanmaslik bo‘yicha kelishib olgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar