date 07:49 / 03.04.2025
views 662

Tramp Putinning Ukrainaga doir harakatlaridan norozi

Tramp Putinning Ukrainaga doir harakatlaridan norozi
AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putinning Ukraina bo‘yicha so‘nggi bayonotlaridan darg‘azab bo‘ldi.

Putin o‘tgan haftada Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning hokimiyat legitimligini shubha ostiga olib, BMT, AQSH va Yevropa Ittifoqi shafeligida Ukrainada muvaqqat boshqaruv o‘rnatishni taklif qilgandi.

Bu harakat Trampga yoqmagan, ayniqsa, u saylovoldi kampaniyasida Ukrainadagi urushni 24 soat ichida to‘xtatishga va’da berganini hisobga olsak, Kremlning tinchlik muzokaralarini cho‘zishga urinayotgani uning sabrini tugatmoqda.

Tramp Rossiyaga tahdid qildi

AQSH prezidenti Rossiya Ukrainaning hududiy yaxlitligi va tinchlik shartlarini tan olmasa, Moskvadan kelayotgan neftga ikkilamchi bojlar joriy etishini ma’lum qildi:

"Agar biz Rossiya bilan Ukrainada xunrezlikni to‘xtatish borasida kelisha olmasak va bu hol Rossiyaning aybi bilan ro‘y bersa, men Rossiyadan kelayotgan neftga ikkilamchi bojlar joriy qilaman", — degan Tramp.

Moskva otashkesim taklifini paysalga solmoqda

Tahlilchilarga ko‘ra, Kreml Vashington tomonidan ilgari surilayotgan vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish va doimiy otashkesim bo‘yicha muzokara taklifini rad etmasdan, biroq cho‘zib kelmoqda. Bu esa Trampning Putinga nisbatan munosabatini salbiy tomonga o‘zgartirayotganini ko‘rsatmoqda.

Ayni paytda, Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni ham tanqid qilib, uni foydali qazilmalar to‘g‘risidagi bitimni yo‘qqa chiqarishda ayblagan.

Tramp va Putin uchrashuvi fevral oyi oxiriga rejalashtirilgan

Prezident lavozimiga kirishganidan so‘ng Tramp Putin bilan telefon orqali muloqot qilgan va Ukrainada tez orada tinchlik o‘rnatilishini ishora qilgandi.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, ikki davlat rahbarining uchrashuvi fevral oyi oxiriga mo‘ljallangan, ammo muzokaralarning naqadar samarali bo‘lishi Kremlning yon bosishiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo