Si, Putin va Tramp uchrashuvi boshlandi: uch davlat yetakchisi nimalarni muhokama qiladi?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Si Jinping, Vladimir Putin va Donald Tramp 19 noyabr kuni Shenchjenda tarixiy uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilgan.
- Muzokaralar kun tartibidan Rossiya-Ukraina urushi, Eron bilan bog‘liq vaziyat, xalqaro savdo, sun’iy intellekt hamda yadroviy qurollarni nazorat qilish masalalari o‘rin olgan.
Foto: Reuters
Jahon siyosatining uch yirik figurasi — Xitoy rahbari Si Jinping, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSH prezidenti Donald Trampning uch tomonlama uchrashuvi arafasida Shenchjen shahrida muhim bayonotlar yangradi. Si xalqaro savdoda ochiqlik va hamkorlikni himoya qilgan bo‘lsa, Putin G‘arb sanksiyalarining samaradorligini shubha ostiga qo‘ydi. Endi e’tibor 19 noyabr kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan tarixiy uchrashuvga qaratilgan.
Si Jinping: eshiklarni ochish taraqqiyot keltiradi
18 noyabr kuni Xitoyning Shenchjen shahrida Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammiti doirasidagi tadbirlarda Si Jinping va Vladimir Putin nutq so‘zladi.
Xitoy rahbari bugungi dunyoni «o‘zgaruvchan va notinch» deb atab, bir tomonlamalik va proteksionizm kuchayib borayotganini ta’kidladi.
«Tarix shuni ko‘rsatadiki, eshiklarni ochish taraqqiyot keltiradi, yopish esa ortda qoldiradi», — dedi Si.
Reuters xabar berishicha, u Jahon savdo tashkilotiga asoslangan ko‘p tomonlama savdo tizimini himoya qilishga chaqirdi. Shuningdek, Xitoy bojlarni pasaytirish va o‘z bozorini yanada kengroq ochishga tayyorligini bildirdi.
Si nutqida AQSHni bevosita tilga olmadi. Biroq bu bayonotlar Vashington Xitoyning ilg‘or sun’iy intellekt chiplaridan foydalanish imkoniyatlariga yangi cheklovlar kiritganidan keyin yangradi.
Putin G‘arb sanksiyalarini tanqid qildi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham o‘z nutqida G‘arb davlatlarining iqtisodiy bosimiga to‘xtaldi. Uning fikricha, «sobiq gegemonlar» muvaffaqiyatga erishayotgan mamlakatlarning rivojlanishini jilovlashga urinmoqda.
«Sanksiyalar, bojlar, eksport cheklovlari hali ham tiyib turuvchi ta’sirga ega, ammo o‘sishni butunlay to‘xtatishga, ayniqsa raqiblar iqtisodiyotini yanchib tashlashga ular endi qodir emas», — dedi Putin.
U Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar soni bo‘yicha mamlakat «jahon rekordchisi» ekanini aytib, shunga qaramay, iqtisodiyot sinovlardan munosib o‘tganini ta’kidladi. Putin Yevropa Ittifoqi sanoat salohiyatini yo‘qotayotganini ham bildirdi.
Rossiya rahbari yana bir muhim raqamni keltirdi: uning aytishicha, Rossiya eksport to‘lovlarida dollar va yevroning ulushi 2021 yildagi 85 foizdan 9 foizga tushgan.
«Biz dollardan ham, yevrodan ham voz kechmaganmiz, bu valyutalardan foydalanishni bizga rad etishdi. Ochig‘ini aytganda, buni qilganlar o‘zlarini o‘zlari jazoladi», — dedi u.

Foto: Reuters
Si va Putin: 2013 yildan beri 50-uchrashuv
Nutqlardan keyin Si Jinping va Vladimir Putin alohida muzokara o‘tkazdi. Xitoy rahbari Rossiya prezidentini «aziz do‘stim» deb atadi va ikki davlat o‘rtasidagi yaqin munosabatlarni ta’kidladi.
Sining aytishicha, ularning joriy yildagi bu uchrashuvi yuzma-yuz muloqotdagi uchinchi uchrashuv bo‘ldi. 2013 yildan buyon esa videomuloqotlar ham hisobga olinganda, ikki rahbar 50 marta uchrashgan.
«Xitoy-Rossiya munosabatlari dunyodagi har qanday mashaqqatda tog‘dek qimirlamas bo‘lib kelgan va shunday qolmoqda», — dedi Si.
Putin esa ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi bir necha yildan beri 200 milliard dollardan yuqori bo‘lib kelayotganini aytdi. U vizasiz rejim joriy etilganidan keyin o‘zaro sayyohlar oqimi 43 foizga oshganini ham qayd etdi.
Tramp, Si va Putin uchrashuvida nimalar muhokama qilinadi?
Sammitning eng katta siyosiy voqeasi 19 noyabr kuni rejalashtirilgan. Shu kuni Si Jinping, Vladimir Putin va Donald Tramp ilk bor uch tomonlama formatda uchrashishi kutilmoqda.
Tramp 18 noyabr kuni Shenchjenga yetib keldi. Uni aeroportda Si Jinping kutib oldi. Ikki yetakchi quchoqlashib ko‘rishdi va qizil gilam to‘shalgan yo‘lakdan birga yurdi.

Foto: Reuters
Reuters va boshqa xalqaro nashrlar xabarlariga ko‘ra, uchrashuv kun tartibida Rossiya-Ukraina urushi, Eron bilan bog‘liq harbiy-siyosiy vaziyat, xalqaro savdo, sun’iy intellekt va yadroviy qurollarni nazorat qilish masalalari bo‘lishi mumkin.
Bu uchrashuvning ahamiyati faqat uch davlat o‘rtasidagi munosabatlar bilan cheklanmaydi. AQSH, Xitoy va Rossiya yetakchilarining bir stol atrofida muzokara o‘tkazishi jahon savdosi, xavfsizlik va xalqaro siyosiy muvozanatga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Biroq hozircha uchrashuvdan qanday kelishuvlar chiqishi noma’lum. Dunyo jamoatchiligi endi uch yetakchining bayonotlari va muzokaralar yakunini kutmoqda.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar

































Izohlar0
…