
AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati xorijiy turistlarning shaxsiy ma'lumotlarini tekshirishning yangi tartibini ishlab chiqmoqda. Endilikda mamlakatga kiruvchilar so'nggi besh yil ichidagi ijtimoiy tarmoq akkauntlari tarixini taqdim etishlari talab qilinadi, bu haqda Federal reestrda ma'lum qilingan.
Shuningdek, Bojxona va chegara xizmati (CBP) turistlarning elektron pochta manzillari va telefon raqamlarini so'rashi mumkin bo'ladi. Ushbu talab Vashingtonning umumiy viza siyosatini qat'iylashtirish qismidir.
Mazkur tashabbus AQShga kirish uchun viza talab qilinmaydigan davlatlar, jumladan, Buyuk Britaniya va Germaniya fuqarolariga ham ta'sir qiladi. Ular hujjatlar rasmiylashtirmasdan onlayn tarzda kirish ruxsatnomasini olishlari mumkin.
Bundan avval Tramp ma'muriyati AQSh konsulliklariga semizlik, saraton, diabet va yurak kasalliklari kabi muammolarga ega bo'lgan odamlarga vizalarni rad etish imkonini beruvchi qattiq qoidalarni joriy qilgan edi. Bu kasalliklar AQSh uchun "uzoq muddatda tibbiy xarajatlar"ni keltirib chiqarishi mumkinligi aytilgan.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.