date

Gvardiola Husanovning “Siti”dagi 12 oylik faoliyatiga qanday baho berdi?

Gvardiola Husanovning “Siti”dagi 12 oylik faoliyatiga qanday baho berdi?

Pep Gvardiola yana bir bor o‘zbek legioneri Abduqodir Husanov haqida juda iliq va baland baholi fikr bildirdi. “Manchester Siti” atrofidagi nufuzli manbalardan biri bo‘lgan cityxtra.co.uk saytida 21 yoshli himoyachimiz haqidagi material e’lon qilindi va unda murabbiyning Husanovga munosabati, shuningdek, futbolchining yaqin kelajagi haqida muhim fikrlar keltirildi.

Ma’lumki, oy boshida “Chelsi”ga qarshi o‘yinda Yoshko Gvardiol hamda Ruben Diash jarohat olgach, “Siti”ning himoya markazida kadrlar tanqisligi paydo bo‘ldi. Ana shu vaziyatda Husanov muntazam ravishda markaziy himoyada maydonga tusha boshladi. Qolaversa, muammoli holat klubni akademiya tarbiyalanuvchisi Maks Alleynni mavsum o‘rtasida “Uotford”dagi ijaradan qaytarib olishga ham majbur qildi.

Hafta oxirida “shaharliklar” “Vulverxempton”ni 2:0 hisobida yengib, yana g‘alabalar iziga qaytdi. 2026 yilni uncha shiddatli boshlay olmagan jamoa (barcha musobaqalarda so‘nggi sakkiz o‘yinning faqat uchtasida zafar quchgan) oyni kuchli yakunlash niyatida.

Yana bir muhim yangilik — “Kristal Pelas”dan Mark Gexining olib kelinishi himoyadagi kadrlar muammosini ancha yengillatdi. Angliya terma jamoasining 25 yoshli a’zosi “Etixad”da Husanov bilan juftlikda “Siti” safida muvaffaqiyatli debyut qildi. Bu esa markaziy himoya chizig‘ida yangi, ishonchli tandem shakllanayotganidan dalolat.

Matbuot anjumanida jurnalistlar Pep Gvardiolaga Husanov haqida savol berishdi: uning “Lans”dan kelganidan keyingi Angliyadagi birinchi 12 oyi, jamoadagi o‘sishi va kelajak istiqbollari qiziqtirdi. Gvardiola esa qisqa, lekin o‘ta ta’sirli javob qaytardi:

“Ommaviy axborot vositalarida Husanovni qanday maqtashganini o‘qing. Ular haq. U eng zo‘ri. Bizda hech qanday e’tiroz yo‘q. Biz haqiqatan ham juda mamnunmiz”.

Shu bilan cheklanib qolmadi. U Husanovning xarakterini alohida ta’kidladi. Murabbiyning aytishicha, 2025 yil sentyabrda “Arsenal” bilan o‘yinda jarohat olganidan keyin Abduqodir bir oycha o‘yin amaliyotisiz qolgan, ammo shu davrning o‘zidayoq mashg‘ulotda, kiyinish xonasida, umumiy muhitda o‘zini katta professionaldek tutgan.

Gvardiola bu fazilatlarni Husanovning tarbiyasi, ota-onasi bergan odobi, O‘zbekistondagi muhit hamda Fransiyadagi qisqa, lekin muhim tajribasi bilan bog‘ladi. Eng muhimi, u Angliya Premer-ligasiga va to‘g‘ridan to‘g‘ri “Manchester Siti” darajasiga tushib qolish oson emasligini ham ochiq aytdi. Lekin Husanov “tingladi, o‘rgandi, qabul qildi” — va shu orqali jamoaga kerakli figuraga aylandi.

Murabbiyning eng katta xulosasi esa muxlislar uchun yanada yoqimli eshitiladi:

klub ko‘p yillar davomida eng yuqori saviyada o‘ynay oladigan markaziy himoyachiga ega bo‘ldi. Endi uning kelajakda qaysi darajaga chiqishi esa, Gvardiola ta’biri bilan aytganda, faqat Abduqodirning o‘z qo‘lida.

Albatta, Husanovning yana bir “plyusi” — universalligidir. U himoyaning o‘ng qanotida ham, markazida ham birdek ishonchli o‘ynay oladi. Gvardiola esa bu sifatdan anchadan beri unumli foydalanib kelyapti.

Mavsumning ikkinchi yarmida “Manchester Siti” bir nechta frontda sovrinlar uchun bellashishda davom etayotgani sabab, Husanovning yaqin oylardagi roli yanada kattalashishi kutilyapti. “Vulverxempton”ga qarshi bahsda “quruq” o‘yinni ta’minlashda ham Abduqodirning hissasi sezildi. Endi esa navbatdagi sinov — Chempionlar ligasidagi hal qiluvchi to‘qnashuv.

Manbada qayd etilishicha, “Etixad”da “Galatasaroy”ga qarshi kechadigan hal qiluvchi bellashuvda Husanovning asosiy tarkibda maydonga tushishi ehtimoli yuqori. Muxlis uchun esa bu — bitta oddiy signal: Gvardiola ishonch bildirgan o‘yinchi odatda tasodifan emas, haqiqatan tayyor bo‘lgani uchun o‘ynaydi.

Qisqasi, Abduqodir Husanovning hikoyasi hozir endi “imkoniyat berilsa ko‘ramiz” bosqichidan chiqib, “imkoniyatni o‘ziga bo‘ysundirdi” degan bosqichga kiryapti. Va bu yo‘lning oxiri, rostdan ham, porloq ko‘rinayapti.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Gvardiola Husanovning “Siti”dagi 12 oylik faoliyatiga qanday baho berdi?