"Chorsu" bozoridagi do‘konlardan birida yong‘in sodir bo‘ldi

Toshkent shahridagi mashhur Chorsu bozori atrofida 26 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda “bozorda yong‘in bo‘lyapti” mazmunidagi xabarlar tez tarqaldi. Shu holat yuzasidan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rasmiy ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 26 yanvar kuni soat 16:04 da Shayxontohur tumanidagi Beruniy ko‘chasida joylashgan Chorsu bozori hududida do‘konda yong‘in chiqqanligi haqida xabar kelib tushgan. Shundan so‘ng qutqaruv va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari zudlik bilan yo‘lga chiqib, soat 16:08 da voqea joyiga yetib borgan.
FVB axborotiga ko‘ra, yong‘in soat 16:20 da qurshab olingan, ya’ni tarqalishining oldi olingan. Oradan ko‘p o‘tmay, soat 16:25 da yong‘in to‘liq bartaraf etilgan. Eng muhimi, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Tahlillarga ko‘ra, yong‘in natijasida do‘kon yerto‘lasining taxminan 15 kvadrat metr qismi yongan va zarar ko‘rgan. Hozirda hodisa sabablari aniqlanmoqda.
FVB fuqarolardan shov-shuvli xabarlarga berilmaslikni, rasmiy ma’lumotlarga tayanishni so‘raydi. Chorsudagi vaziyat esa qisqa vaqt ichida nazoratga olingan — qutqaruvchilar bu safar ham tezkorlik bilan ishni bajardi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!