
Trampning sobiq maslahatchisi Brayan Lanza xalqaro neft kompaniyasi "Lukoyl"ning xorijiy aktivlarini sotish bo‘yicha maslahatchi sifatida faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Politico nashri manbalariga tayanib xabar berdi.
Nashrning xabariga ko‘ra, Lanza kompaniyaga xorijdagi aktivlarini sotishda yordam bermoqda. Shuningdek, u aktivlar savdosini kechiktirish masalasida ham ko‘mak ko‘rsatgan.
Yaqinda AQSH hukumati "Lukoyl"ga xaridorlarni topish uchun kelasi yilning yanvar o‘rtalarigacha qo‘shimcha vaqt ajratdi. Brayan Lanza, shuningdek, "Lukoyl"ning aktivlarini AQSHning Xtellus Partners investitsiya bankiga sotish bo‘yicha muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Reuters agentligining ma’lumotiga ko‘ra, mazkur moliyaviy tashkilot "Lukoyl"ning xorijiy aktivlariga asosiy da’vogar hisoblanadi. Bungacha O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov mamlakatdagi "Lukoyl" aktivlari bo‘yicha AQSH bilan muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qilgan edi.
Vazirning ta’kidlashicha, bu masala xalqaro huquq doirasida va O‘zbekiston manfaatlari asosida hal etiladi. Brayan Lanza – amerikalik siyosiy strateg, lobbist va Respublika partiyasi maslahatchisi.
U 2016, 2020 va 2024-yillardagi saylov kampaniyalari davomida Donald Trampga maslahat bergan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.