Aviatsiyada yangi rekord: samolyot yurib ketayotgan poyezd tomiga qo‘ndirildi

Aviatsiyaning qariyb bir asrlik tarixida bunday manyovrni hali hech kim amalga oshirmagan edi. Osmonda minglab “shou”lar ko‘rilgan, turli rekordlar o‘rnatilgan, lekin harakatlanayotgan poyezd tomiga samolyot qo‘ndirish — bu allaqachon “fantastika”dek eshitiladi. Biroq bu safar fantastika real hayotga aylandi: loyiha Train Landing deb nomlandi va 2026 yil 15 fevral kuni Turkiyaning Afonkaraxisar shahri yaqinida tarixiy parvoz amalga oshirildi.
Rekord parvoz uchun uchuvchi Kosta Zivko Edge 540 samolyotidan foydalandi. Bu — 400 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlangan, bir o‘rinli, uchish va manyovrda “o‘tkir” sport samolyoti. Eng muhim lahzada samolyot vagon tomiga aniq tegdi, qo‘nish deyarli “millimetr” hisobida chiqdi. Va shu bilan tryuk tugamadi: uchuvchi deyarli tanaffussiz tezlikni qayta yig‘ib, poyezd tomidan yana havoga ko‘tarildi.
Bu manyovrning qiyinligi faqat “poyezdga qo‘nish” degan gapda emas. Poyezd bilan sinxron harakatlanish uchun Kostaga tezlikni taxminan soatiga 87 kilometrgacha tushirishga to‘g‘ri keldi. Bu esa sport samolyoti uchun juda nozik chegara: tezlik ozgina pasaysa — barqarorlik yo‘qolishi mumkin, ozgina oshib ketsa — vagon tomidan “o‘tib” ketish xavfi ortadi. Ustiga-ustak, ideal trayektoriyaga chiqish talab qilingan: vagon tomi xatoga deyarli joy qoldirmaydi, bir lahza kechikish yoki bir daraja burilish — va barchasi barbod.
Manyovrni yanada mushkullashtirgan jihat — ko‘rish imkoniyatining cheklanishi. Qo‘nish paytidagi burchak hujumi, harakat dinamikasi va past balandlikdagi tezkor qarorlar uchuvchidan juda sovuqqonlik talab qildi. Butun ketma-ketlik — yaqinlashuvdan tortib, qo‘nish va qayta uchishgacha — taxminan 50 soniya davom etdi. Shu qisqa vaqt ichida tryuk qariyb 2,5 kilometrlik uchastkada bajarildi.
Eng qizig‘i, bu “bir kunlik g‘oya” emas. Loyihani tayyorlash ishlari 2024 yildayoq boshlangan. Red Bull muhandislari va uchuvchilar jamoasi o‘nlab simulyatsiyalar o‘tkazdi, aerodinamika bo‘yicha hisob-kitoblar qildi, xatolar xavfini kamaytirish uchun har bir mayda detalgacha ishladi. Hatto Xorvatiyada harakatlanayotgan platformada ayrim elementlar alohida mashq qilingan. Yakunlovchi bosqich esa eng “qaltis” qism bo‘ldi: poyezd hosil qiladigan turbulentlik sharoitida ideal muvofiqlashuv, samolyotni filigran nazorat qilish va bir vaqtning o‘zida tezlik-muvozanatni ushlab turish talab etildi.
Shu bois bu tryukni faqat tomoshabop shou, deb qabul qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bu — uchish mahoratining eng yuqori darajadagi aniqligi, inson reaksiyasi va muhandislik imkoniyatlari bir nuqtada uchrashgan voqea. Qisqasi, osmondagi navbatdagi “rolik” emas — aviatsiya tarixi uchun yangi belgi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!