Artemida-2: Orion kemasi tarixiy kosmik missiyani yakunlab Yerga qaytdi

NASA‘ning “Artemida-2” missiyasi doirasida Oy atrofini aylanib chiqqan “Orion” kosmik kemasi Yerga muvaffaqiyatli qaytdi. Qaytish jarayoni shanbaga o‘tar kechasi, 11 aprel kuni Kaliforniya shtatidagi San-Diyego shahri yaqinida, Tinch okeani hududida amalga oshirildi.
NASA‘ning rasmiy YouTube kanalidagi qo‘nish jarayonini 3 milliondan ortiq tomoshabin jonli kuzatdi. Shu bilan birga, ushbu tarixiiy voqea agentlikning boshqa rasmiy platformalari orqali ham efirga uzatildi.
Missiya davomida inson kosmosda Yerdan eng uzoq masofaga yetgani bo‘yicha yangi rekord qayd etildi. Astronavtlar Yerdan 407 ming kilometrgacha uzoqlashib, 1970 yildagi “Apollon-13” missiyasida o‘rnatilgan avvalgi natijani yangilashdi.
“Orion” kemasida NASA astronavtlari Rid Uayzman, Viktor Glover va Kristina Kuk, shuningdek Kanada kosmik agentligi vakili Jeremi Hansen ishtirok etdi. Kosmik apparat AQSHning sharqiy sohilidan 1 aprel kuni parvoz qilgan bo‘lib, 6 aprel kechasi Oyni kuzatish bosqichini yakunlab, Yerga qaytish yo‘nalishini olgan.
Missiya davomida ekipaj yangi avlod skafandrlarini ham sinovdan o‘tkazdi. Ushbu skafandrlar astronavtlarga avtonom holda olti kungacha nafas olish imkoniyatini bera olishi bilan ahamiyatlidir.
“Artemida-2” kosmik dasturi insonzotning Oyga qaytish yo‘lidagi eng muhim bosqichlardan biri sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!