Yaponiyada qalinligi soch tolasidan ham yupqa shokolad yaratildi

Yaponiyada dunyodagi eng yupqa shokolad sifatida tanilgan noyob shirinlik ishlab chiqarilmoqda. Uning qalinligi atigi 0,03 millimetrni tashkil etadi. «Corteccia» deb nomlangan ushbu desert nafaqat g‘ayrioddiy ko‘rinishi, balki og‘izda bir zumda erib ketishi bilan ham shirinlik ixlosmandlari e’tiborini tortgan.
Yaponiyalik qandolatchi Matteo Sanklikka asos solgan MATTE Bottega del Cioccolato kompaniyasi 2024 yil fevral oyida Tokiodagi Azabudai Hills Garden Plaza majmuasida faoliyatini boshlagan. Qisqa vaqt ichida kompaniya dunyodagi eng yupqa shokoladni ishlab chiqarishi bilan mashhurlikka erishgan. «Corteccia» nomi italyan tilida «daraxt po‘stlog‘i» ma’nosini anglatadi.
Italiyaning an’anaviy qatlamli shokoladlaridan ilhomlanib yaratilgan desert o‘ta yupqa shokolad qatlamidan tayyorlanadi. Bu jarayon uchun mahalliy texnika mutaxassisi bilan hamkorlikda bir yarim yil davomida maxsus uskuna ishlab chiqilgan. U shokoladni atigi 0,03 millimetr qalinlikda yoyish va o‘rash imkonini beradi.
Kompaniya asoschisi Matteo Sanklikkaning maqsadi oddiy shokoladdan farq qiluvchi, og‘izda erish jarayonini o‘ziga xos tarzda his qilish imkonini beradigan desert yaratish bo‘lgan. Uning fikricha, shokoladning eng yoqimli holati og‘izda erishi arafasidagi paytdir. «Corteccia» aynan shu hissiyotni taqdim etish uchun ishlab chiqilgan.
Mahsulotning yupqa qatlami silindrsimon novda shaklida o‘raladi. Uning tashqi ko‘rinishi notekis daraxt po‘stlog‘ini eslatadi. Ishlab chiqaruvchilar ta’kidlashicha, shokolad tilga tegishi bilan deyarli bir zumda erib ketadi va odatdagidan farqli mazali taassurot qoldiradi.
Desert ijtimoiy tarmoqlarda ommalashganidan so‘ng ko‘plab qandolatchilar uning o‘xshashini yaratishga urinishgan. Biroq hozirgacha hech kim bunga muvaffaq bo‘la olmagan. Buning asosiy sababi shokoladni bunday darajada yupqa tayyorlash imkonini beruvchi maxsus uskuna ekanligi bilan bog‘liq.
Qizig‘i, mazkur qurilmaning yagona nusxasi MATTE Bottega del Cioccolato kompaniyasining Tokiodagi ustaxonasida joylashgan. Shu bois «Corteccia» hozircha dunyodagi boshqa qandolatchilar takrorlay olmagan noyob shirinlik bo‘lib qolmoqda.






























Izohlar 0
…