Evergrande asoschisi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi

Xitoy sudi mamlakatning yirik ko‘chmas mulk kompaniyalaridan biri — Evergrande asoschisi Hui Ka Yanni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Milliarder Xu Jiayin nomi bilan ham tanilgan.
Shenchjen shahar xalq sudi uni mablag‘ jalb qilishda firibgarlik, mablag‘lardan noqonuniy foydalanish, noqonuniy kreditlar, qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq firibgarlik va pora olish kabi sakkizta moliyaviy jinoyatda aybdor deb topdi. Sud Hui Ka Yanning barcha shaxsiy mol-mulkini musodara qilishga ham qaror qildi.
Sud qaroriga ko‘ra, Evergrande va uning Hengda Real Estate sho‘ba korxonasi jami 15,82 milliard yuan — qariyb 2,35 milliard dollar miqdorida jarimaga tortilgan. Ish doirasida Hui Ka Yan bilan bog‘liq yana 56 kishi ham turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan. Ayrim sobiq rahbarlarga 18 yilgacha qamoq jazosi berilgan.
Hui Ka Yan 2017 yilda Evergrande aksiyalari keskin qimmatlashishi ortidan boyligini 45,3 milliard dollarga yetkazib, Osiyoning eng badavlat odami bo‘lgan.
Biroq kompaniyaning qarzga asoslangan agressiv o‘sish modeli keyinchalik og‘ir inqirozga olib keldi. Evergrande majburiyatlari 300 milliard dollardan oshib, 2021 yilda defoltga uchradi. 2024 yilda esa kompaniyani tugatish jarayoni boshlandi.
Shu tariqa bir vaqtlar Osiyoning eng boy odami bo‘lgan Hui Ka Yanning biznes imperiyasi qulashi bilan yakunlandi.






























Izohlar 0
…