Markaziy Osiyoda bolalarga zo‘ravonlik uchun qanday jazo bor?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- O‘zbekistonda bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik uchun jazo kuchaytirilib, umrbod qamoq jazosi joriy etildi.
- Markaziy Osiyo davlatlarida ham bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun turli muddatlardagi qamoq jazosi va umrbod ozodlikdan mahrum qilish ko‘zda tutilgan.
- Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda ham bolalarni jinsiy zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha qat’iy jazo choralari mavjud.
O‘zbekistonda bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik uchun jazo kuchaytirilib, ayrim og‘ir jinoyatlar uchun umrbod qamoq jazosi joriy etildi. 14 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tegishli qonunni imzoladi. Xo‘sh, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida bunday jinoyatlar uchun qanday jazolar belgilangan?
14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik
O‘zbekistonda bunday og‘ir jinoyatlar uchun 25 yilgacha qamoq yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Ayrim holatlarda shartli ozodlikka chiqish imkoniyatlari ham cheklanadi.
Qozog‘istonda 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bilan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod qamoq jazosi belgilangan.
Qirg‘izistonda jinoyatning holatlariga qarab 15 yillik qamoq yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.
Tojikistonda 14 yoshga to‘lmagan qizga nisbatan zo‘rlash uchun 12 yildan 25 yilgacha qamoq yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Jinsiy xususiyatdagi majburiy harakatlar uchun ham og‘ir jazolar belgilangan.
Turkmanistonda 14 yoshga to‘lmagan qizga nisbatan zo‘rlash uchun 10 yildan 25 yilgacha, o‘g‘il bolaga nisbatan ayrim majburiy jinsiy harakatlar uchun esa 10 yildan 20 yilgacha qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin.
14–17 yoshli o‘smirlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik
Bu yosh toifasidagi jabrlanuvchilarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatilgan holatlarda ham mintaqada og‘ir jazolar nazarda tutilgan.
O‘zbekiston: 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Qozog‘iston: asosiy holatlarda 15 yildan 17 yilgacha, ayrim og‘irlashtiruvchi holatlarda 17 yildan 20 yilgacha yoki umrbod qamoq.
Qirg‘iziston: 15 yillik qamoq yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish.
Tojikiston: asosiy holatlarda 7 yildan 12 yilgacha qamoq. Ayrim holatlarda jazo og‘irlashishi mumkin.
Turkmaniston: voyaga yetmagan qizga nisbatan zo‘rlash uchun 5 yildan 15 yilgacha qamoq jazosi.
16 yoshga to‘lmaganlar bilan zo‘ravonliksiz jinsiy harakatlar
Zo‘ravonlik ishlatilmagan holatlarda ham bolalarni himoya qilish maqsadida jinoiy javobgarlik belgilangan.
O‘zbekistonda bunday harakatlar uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin. Ayrim og‘irlashtiruvchi holatlarda jazo 8–10 yilgacha yetadi.
Qozog‘istonda 5 yilgacha qamoq yoki ozodlikni cheklash belgilangan. Ayrim holatlarda jazo 7–12 yilgacha, takroriy jinoyatlarda esa 12–15 yilgacha oshishi mumkin.
Qirg‘izistonda 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Tojikistonda asosiy holatlarda 2 yildan 5 yilgacha qamoq belgilangan. Ayrim og‘irlashtiruvchi holatlarda jazo kuchaytiriladi.
Turkmanistonda esa belgilangan miqdorda jarima, axloq tuzatish ishlari yoki 3 yilgacha qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin.
Bolalarga nisbatan uyatsiz harakatlar uchun jazo
Voyaga yetmaganlarga nisbatan uyatsiz harakatlar ham alohida jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston: asosiy holatlarda 2–3 yilgacha, og‘irlashtiruvchi holatlarda 3–5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki qamoq.
Qozog‘iston: 7 yildan 12 yilgacha qamoq.
Qirg‘iziston: 7 yildan 10 yilgacha qamoq.
Tojikiston: asosiy holatlarda 2 yilgacha, ayrim og‘irlashtiruvchi holatlarda 5 yildan 8 yilgacha qamoq.
Turkmaniston: 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.






























Izohlar 0
…