AQSHda chiqindilar bilan birga presslangan erkak tirik qoldi

AQSHning Missisipi shtatida chiqindi konteyneridan biror narsa olmoqchi bo‘lgan erkak chiqindilar bilan birga maxsus mashinaga yuklanib, presslash mexanizmi ostida qoldi. U og‘ir jarohatlarga qaramay, tirik qoldi. Bu haqda Daily Mail xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Kreyg Hill ismli erkak yonilg‘i quyish shoxobchasi yaqinidagi chiqindi konteyneri ichiga tushgan. U tashqariga chiqishga ulgurmasidan chiqindi tashuvchi mashina konteynerdagi chiqindilarni yuklagan. Haydovchi erkakning yordam so‘rab baqirayotganini eshitmagan va presslash mexanizmini ishga tushirgan.
Hodisa joyiga yetib kelgan o‘t o‘chiruvchilar jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, uni Jekson shahridagi Missisipi universiteti tibbiyot markaziga olib borishgan.
Erkakning jarohatlari jiddiy bo‘lgan. Shifokorlar operatsiya o‘tkazib, uning tos suyaklarini mustahkamlash uchun metall plastinalar va maxsus shtiftlar o‘rnatishgan.
Voqeadan xabar topgan Kreygning singlisi akasiga yordam berish uchun Texasdan yetib kelgan. U davolanish xarajatlarini qoplash maqsadida internet orqali xayriya to‘plashni boshlagan.






























Izohlar 0
…