Ikki o‘g‘lini dengiz oqimidan qutqarmoqchi bo‘lgan ona halok bo‘ldi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Bagama orollarida ikki farzandini dengizdagi kuchli oqimdan qutqarishga uringan 36 yoshli britaniyalik Liann Gregori fojiali tarzda vafot etdi.
- Bimini oroli yaqinida yuz bergan hodisada bolalar qutqaruv xizmatlari tomonidan suvdan sog-salomat olib chiqilgan.
- Ayolning turmush o‘rtog‘i Neytan Gregori va qayiq kapitani Linti Styuart uni qutqarishga harakat qilgan bo‘lsa-da, shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmadi.
Bagama orollarida ikki farzandini dengizdagi kuchli oqimdan qutqarishga uringan 36 yoshli britaniyalik ayol fojiali tarzda halok bo‘ldi. Bu haqda Daily Mail nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, oila Bimini orolining janubiy qismida dengizda bo‘lgan vaqtda kuchli oqim ayolning ikki o‘g‘lini o‘z domiga tortgan. Farzandlarini xavfdan qutqarish maqsadida suvga tushgan Liann Gregori esa oqim ta’sirida o‘zi ham qiyin ahvolda qolgan.
Bagama orollari politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 20 oktyabr kuni soat 10:00 dan ko‘p o‘tmay, Bimini orolidagi Elis-Taun politsiya bo‘limiga parom bekatida bir ayol hushsiz holda topilgani haqida xabar kelib tushgan. Huquq-tartibot xodimlari voqea joyiga yetib kelganida, ayol mahalliy klinikaga olib ketilgan edi. Shifokorlar uning hayotini saqlab qolish uchun barcha zarur choralarni ko‘rgan, biroq uni qutqarishning iloji bo‘lmagan.
Liannning ikki o‘g‘li qutqaruv xizmatlari tomonidan suvdan olib chiqilgan. Ayolning 36 yoshli turmush o‘rtog‘i Neytan Gregori ham rafiqasini qutqarishga harakat qilgan. U xotiniga sun’iy nafas berishga uringan bo‘lsa-da, bu harakatlar natija bermagan.
Hodisa vaqtida qayiq kapitani bo‘lgan Linti Styuartning aytishicha, qayiqdagilar suvda ikki bola va ularning onasini ko‘rib qolishgan. Atrofdagilar bolalarni suvdan chiqarishga muvaffaq bo‘lgan, ammo kuchli oqim tufayli ayolni qutqarish ancha qiyin kechgan. Qayiq ekipaji ayolni jonlantirishga ham uringan, biroq uning hayotini saqlab qolish imkoni bo‘lmagan.
Hodisa guvohlaridan biri Liann farzandlarini qutqarish uchun o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yganini ta’kidlab, uni qahramon deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bolalar yaxshi suza olgan, ammo dengizdagi kuchli oqim vaziyatni bir zumda xavfli tusga kiritgan.
Ayni paytda ayolning o‘lim sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazilishi kutilmoqda. Bagama orollari politsiyasi hodisa yuzasidan tergov boshlagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, voqeada jinoyat alomatlari aniqlanmagan.
Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi marhumaning yaqinlariga hamdardlik bildirib, mahalliy idoralar bilan aloqada ekanini va oilaga zarur yordam ko‘rsatayotganini ma’lum qilgan.






























Izohlar 0
…