Tayvanlik erkak xiyonatni robot changyutgich orqali fosh qilib, qamaldi

Tayvanda xotinining xiyonatini robot changyutgich yordamida tasvirga olgan erkak besh oylik qamoq jazosiga hukm qilindi. Qizig‘i shundaki, u to‘plagan videolar xotinining xiyonatini isbotlashga yordam bergan bo‘lsa-da, keyinchalik aynan shu tasvirlar erkakning o‘ziga qarshi dalilga aylandi.
Tayvan ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, ismi oshkor etilmagan erkak xotini boshqa bir kishi bilan munosabatda bo‘lganini bilib qolgach, ularning ikkalasidan ham tovon puli talab qilib sudga murojaat qilgan. Biroq xotini va uning sherigi ham erkakni o‘z roziligisiz tasvirga olgani uchun qarshi da’vo bilan chiqqan.
Er-xotin 2021 yilda turmush qurib, erkakning ota-onasi bilan birga yashay boshlagan. Ularning bayram kunlarida borib turadigan dala hovlisi ham bo‘lgan. 2023 yilda ana shu uyga tashriflaridan birida erkak notanish tish cho‘tkasini topib oladi va xotinining sadoqatiga shubha qila boshlaydi.
U garajdagi kuzatuv kamerasi yozuvlarini tekshirganida, xotinini ishdan uyiga olib kelganini avval ham ko‘rgan bir erkakka ko‘zi tushadi. Xotinidan izoh so‘raganida esa u hech qanday xiyonat bo‘lmaganini aytadi. Erkak uning gaplariga ishonadi.
Biroq uch oy o‘tgach, u tasodifan xotinining boshqa erkak bilan munosabatda bo‘lganini bilib qoladi. Erkak xotinini hayratda qoldirish maqsadida uydagi robot changyutgichni mobil ilova orqali masofadan boshqarib, uning yordamida gaplashmoqchi bo‘lgan. Ammo changyutgich kamerasini ishga tushirganida, xotinini avval kuzatuv kamerasida ko‘rgan erkak bilan birga ko‘rib qoladi.
Erkak darhol ularning oldiga borib, yuzma-yuz gaplashishni istagan bo‘lsa-da, o‘zini bosib, keyingi sud jarayoni uchun dalil to‘plashga qaror qiladi. Videoda xotinining o‘z advokati bilan quchoqlashgani va uy ichida kiyimsiz yurgani, boshqa erkakning esa divanda o‘tirgani aks etgan.
Qo‘lidagi videolarga tayanib, erkak xotini va uning sherigidan 2 million Tayvan dollari (taxminan 68 ming dollar) miqdorida tovon puli talab qiladi. Sud xotinning boshqa erkak bilan munosabati oddiy do‘stlik chegarasidan chiqqan, degan xulosaga kelib, ularni jabrlangan erkakka 500 ming Tayvan dollari to‘lashga majbur qiladi.
Biroq erkakning suddagi g‘alabasi uzoq davom etmaydi. Xotini uning o‘ziga qarshi da’vo kiritib, robot changyutgich orqali ularni roziliksiz tasvirga olganini ta’kidlaydi. Shu tariqa, erkak xotinining xiyonatini isbotlash uchun to‘plagan videolari o‘zining qonunni buzganini ko‘rsatuvchi dalilga ham aylanadi.
Erkak o‘z harakatlarini oqlashga uringan, ammo sud oilaviy majburiyatlar insonning shaxsiy hayot daxlsizligiga bo‘lgan huquqidan ustun emasligini ta’kidlagan. Qarorga ko‘ra, u xotini va uning sherigini roziligisiz tasvirga olish huquqiga ega bo‘lmagan.
Tayvan qonunchiligiga muvofiq, boshqa shaxsning shaxsiy hayoti yoki ma’lumotlarini uni xabardor qilmasdan tasvirga olish yoxud oshkor etish uchun uch yilgacha qamoq jazosi va 300 ming Tayvan dollarigacha jarima belgilangan. Ushbu ishda erkak besh oylik qamoq jazosiga hukm qilinib, qo‘shimcha ravishda 150 ming Tayvan dollari jarima to‘lashga majbur qilingan.






























Izohlar 0
…