date
views 8 456

Imomning maniken qizi (2 - qism)

Imomning maniken qizi (2 - qism)
Biz qorani yoki oqni oʻrgatdik.

Qolgan ranglarni esa berkitdik.

Qoʻllariga tayangan kuyi Yoqub imom ichida chuqur oʻylar edi. Qizini bu holatdan chiqarish chorasini qidirardi. Koʻzlariga kelgan yoshlarini zoʻrgʻa tiyib turardi… Fotimaga oʻzi nima boʻldi? Uning niyati, dardi nima oʻzi? Ammo bu cheksiz savollarning javobini topishga shu tobda ojiz edi goʻyo. Shu xayollar bilan oʻtirganda ichkaridan rafiqasining tovushi keldi:

– Yoʻq, ahvol bu tarzda ketishi mumkin emas. Qizingizni aslida boshimizga siz chiqarib olgansiz.

Yoqub imom bir nafas ayolining koʻzlariga tikilib qoldi.

Gul xonim esa turmush oʻrtogʻining bu holatiga battar jahli chiqib, mingʻirlagancha uy ichida aylanardi:

– Bir kun kelib pushaymon boʻlasiz-ku, lekin unda kech boʻladi.

Yoqub imom mahzun holda:

– Malol kelmasa menga bir qarab yubora olasanmi? – dedi ayoliga.

– Labbay!

Yoqub imom yana oʻsha ohangda mahzun nigohlarini ayoliga tikib soʻradi:

– Men axir nima qilyapman?

– Uni juda erkalatib yuboryapsiz.

– Masalan nima qilyapman, misol keltirolasanmi?

– Haddan tashqari yaxshi muomalada boʻlyapsiz, urmaysiz, soʻkmaysiz.

– Demak mening aybim yaxshi boʻlganimda ekan–da. Seningcha yomon muomala yaxshiroq taʼsir qilar ekan–da. Hatto hayvonlar ham yomon muomala bilan yaxshi yoʻlga yurmaydi. Bu fikringdan voz kech. Gʻazab qanchalik kuchli koʻrinmasin, aslida uning ishi vayronalikdir. Menga hadeb ikki gapni birida musulmonlarcha muomalamni gapirib ozor berma, xoʻpmi? Dardim shundogʻam oʻzimga yetarli. Agar urish, kaltaklash yechim boʻlganida edi, urgan boʻlardim. Lekin menga ishonaver, bu qizni hech qanday yomonlik bilan yoʻrigʻingga yurgizolmaysan.

Gul xonim turmush oʻrtogʻini haqli deganday koʻrinardi-yu, lekin “oʻz yogʻingga oʻzing qovril”, deganday yana yotoqxonasiga kirib ketdi.

Yoqub imom oʻrnidan turib uy ichida u yoqdan bu yoqqa yurar, biroq ichidagi dardini chiqarib tashlay olmas edi. Soʻngra kutubxonasiga nazar tashladi, “nima oʻqisa ekan?” Ichidagi Yoqub nuqul bir narsani oʻylayverganidan, unga boshqa biror ish qilishga imkon bermas edi. Imom paltosini kiyib, tashqariga chiqdi. Masjidgacha piyoda borib, keyin ortiga qaytadigan boʻldi. Shu tobda uning koʻngli yolgʻizlikni istadi. Sim siyoh koʻchalardan oʻtib borar ekan, uchqunlay boshlagan qor zarralarini koʻrib, xayoli biroz chalgʻidi. “Qaniydi, men ham mana shu qor parchalariga aylanib qolsamu, yerga tushgan zahotim erib, yoʻq boʻlsam”, deb oʻyladi. Keyin esa bu oʻylari Allohning irodasiga zid kelishini oʻylab:

– Kechir Robbim. Bu xato fikrlarimni kechir, dedi .

Yoqub imom asta-sekin qadam tashlar, nogoh devor ustida yigʻilib qolgan qorlarni olib, toʻp yasadi, keyin esa avloq joyga borib, uzoqlarga uloqtirdi.

Shu damda u oʻzini oʻzi tushuna olmas edi. Nega endi qor toʻpini odamlardan berkitayotgan edi. Harom boʻlmagan oddiygina harakatni nega boshqalardan berkitishga uringan edi? Qadamlarini sekinlashtirib, hatti-harakatini qayta oʻyladi.

– Ey Yoqub javob ber! Nega bu kichkinagina harakatni katta gunoh ishdek boshqalardan yashirishga urinding?! Harom nima ekanligini bilmaysanmi yoki oʻzingcha harom oʻylab topyapsanmi?

Savollariga oʻzi ham javob topa olmas edi. Bilgani shu: “Oʻzicha harom narsa kashf qilish niyati yoʻq”. U xayolga choʻmgancha borar edi. Roʻparasidan oʻgʻli Usomaning kelayotganini koʻrib qoldi–yu, yoʻlning narigi tarafiga oʻtib oldi. Yodiga tushdi, u oʻgʻlini keksa onasini koʻrgani yuborgan edi. Salomlashib boʻlib, soʻradi:

– Onamning ahvollari qanday ekan?

Usoma sovuqdan qotib qolgan qoʻllarini isitishga harakat qilib, uflagancha javob berdi:

– Buvim yaxshi, sizga salom aytib yubordilar. Oʻgʻlimni sogʻindim, oʻn kundan beri nega kelmayapti? – deb soʻradilar.

Oʻgʻli bilan birga uyga ketish uchun ortga qaytgan Yoqub imom bir muddat jim turgach:

– Sen nima deding, oʻgʻlim?

– Keladi buvijon, dadam doim sizni oʻylab yuradilar, dedim.

– U nima dedi?

– Koshki oʻn marta oʻylagandan koʻra, bir marta koʻrgani kelsa edi, dedilar.

Bu gap unga birov miyasiga xuddi musht urganday taʼsir qildi. Soʻngra sekin shivirlab dedi:

– Onam haqli, lekin vaziyatni bilmaydi.

Usoma oʻn toʻrt yoshli aqlli bolakay edi. Qiziqsinib soʻradi:

– Qanday vaziyat haqida gapiryapsiz, dada? Toʻgʻrisi, mening ham xabarim yoʻq.

Oʻgʻliga aytsamikan? Yoki bularning barchasini ichiga yutib yuraversinmikan? Yoqub imom oʻgʻlining ovozidan oʻziga keldi.

– Dada, menga ham ayting, nima boʻldi?

– Sengami? Bilmadim, oʻgʻlim. Aytsammikan? Yoshing kichkinalik qilmasmikan?

– Nimalar deyapsiz, dada. Men axir kap-katta yigit boʻlib qolgan boʻlsam. Men endi hamma narsani tushunaman.

– Unday boʻlsa aytaqolay. Oyimni borib koʻrishga yoʻlga pulim yoʻq. Senday yoshgina boʻlsam ekan oʻn kilometrlik yoʻlni piyoda bosib oʻtolsam.

Usoma bu gaplarni eshitib qattiq xafa boʻlgan edi:

– Koʻrdingizmi, dada. Shuning uchun men imomlik qilib kun koʻrmayman.

– Imom boʻlmoqchi emasmisan, bolam? Oʻzing xor boʻlmaslik uchun, islomni xor etmoqchimisan?

– Yoʻq, siz meni notoʻgʻri tushundingiz. Imomlik qilaman, lekin u mening ikkinchi kasbim boʻladi. Oʻzingiz aytmaganmidingiz: “Har kimning oʻz kasbini bajarmasligi ularni ayanchli ahvolga solib qoʻyadi. Hech kim islomga zarar yetkaza olmaydi” – deb.

– Toʻgʻri, lekin hamma narsa ham biror sabab bilan sodir boʻladi. Islomning shu kungacha yetib kelishida ham taqvoli imomlarning oʻrni kattadir. Imomlik juda yuqori lavozim hisoblanadi. Baʼzi ongsiz imomlarning borligiga qaramay, imomlarning oʻrni kattadir.

– Lekin dada, koʻrib turibsiz-ku, oylik maoshi juda oz. Jamoat pulning ichida suzib yursa-yu, siz esa onangizdan xabar olgani pul topa olmasangiz!?

– Toʻgʻri, bir qancha xatolar bor. Biroq oʻsha xatolar sababli imomlikdan voz kechish kerak emas. Xoʻsh, onam yana nimalar dedi?

– Voy shunaqangi qiziqarli narsalarni gapirib berdilar-ki. Bir marta oʻrtoqlaringiz bilan oʻynayotganingizda siz imom boʻlgan ekansiz, oʻrtoqlaringiz esa jamoat. Safning boshiga oʻtib, janoza namozida aytiladigan gaplarni aytgan ekansiz: “janoza namozi uchun niyat qilamiz, Allohu akbar”. Bir marta esa maʼruza oʻqib: “ Ey jamoat ahli. Bolalaringizga velosiped oling” – degan ekansiz. Chunki oʻzingiz velosipedni juda qattiq yaxshi koʻrgan ekansiz–da. Buvim kulgidan oʻzlarini zoʻrgʻa tiyib: “Bolaligidan beri uning butun fikru xayoli imom boʻlishda edi, mana niyatiga ham yetdi” – dedilar.

Bu soʻzlar Yoqub imomning kayfiyatini koʻtarib, Fotima haqidagi oʻylaridan chalgʻitgan edi. Soatiga qarasa, namoz vaqtiga oʻn daqiqa qolibdi. Qadamlarini tezlashtirib masjid tomon yoʻnaldi. Yetib kelganda, masjidda doʻsti Ahmadni koʻrdi. Uni anchadan beri koʻrmagani tufayli sevinib ketdi.

– Xush kelibsan, Ahmad, koʻrinmay ketding-ku.

– Eh soʻramang. Qirqdan oshganimda bir oʻqigim kelib qoldi. Qishloqqa borgan edim. Qishloq imomidan dars olib keldim. Dam oldim, baʼzan ovga ham chiqib turdim. Mana keldim.

– Juda soz! Kel, avval namozni oʻqiylik-da, keyin biroz dardlashaylik.

Dardlashaylik deya aytishga aytdi-ku, namoz tugadi hamki, gapini qayerdan boshlashni bila olmas edi.

Uyga kelganida Fotimaning oyoq kiyimiga koʻzi tushdi. Hartugul qizi uyga qaytibdi. Xonasining chirogʻi ham yoniq.

U biroz muddat qizining eshigi yonida turib qoldi. Nima qilsa ekan, kirib qizi bilan gaplashsinmi? “Bolam, bu nafratingning sababi nima” – deya soʻrasinmi? U ikki oʻt orasida qolgan edi. Soʻngra sas-sadosiz xonasi tarafga yoʻnaldi.

* * *

Bir necha kun oʻtgach, qizining kundalik daftari qoʻliga tushib qoldi. “Nima qilsam ekan?” – deb oʻylay boshladi. Daftarni ochib oʻqisammikan? “Yoʻq” – dedi u oʻziga-oʻzi. Qizim boʻlgan taqdirda ham unga tegishli narsani beruxsat oʻqishga haqqim yoʻq..

U daftarni varoqlay ham olmayotgan edi. Uning qon-qoniga singib ketgan islom bunga izn bermayotgan edi. Shunda uning aqliga bir oʻy keldi. Qizi kundaligini otasi oʻqishi uchun atayin stolning ustiga qoʻyib ketgan boʻlsa-chi. Unday boʻlsa oʻqishi kerak edi. Fotima boshqa ishlarimga emas, aynan kundalik tutishimga taqlid qiladi, – deya daftarni qoʻliga oldi.

Qoʻllari titragancha daftarning ilk sahifasini ochdi. Katta harflar bilan: “Isyon sahifalarimni hech kim oʻqimasin” – deb yozilgan edi. Ikkinchi betda u otasiga murojaat qilgan edi. “Meni siz buzdingiz, dada. Boshqalarga oʻxshab yashashimga yoʻl qoʻymadingiz. Sizni hech qachon kechirmayman”. Uchinchi betda esa nega kundalik daftar tutganining sababini yozib, quyidagicha davom etgan edi:

Haliyam ikki yil oldingi oyoq kiyimimni kiyyapman. Odamlarga namoz oʻqitaman, deb dadam meni shu ahvolga tushirdi. Mana ikki yildan beri moda toʻrt marta oʻzgardi. Kampirlarga oʻxshab haliyam bitta oyoq kiyimni kiyyapman.

Otam esa hayotidan mamnun. Uch-beshta jamoati deb, oilasini tosh davrida yashatyapti. Koshki ular buni bilib, dadamni qadrlasalar edi. Qayoqda, qaytanga teskarisi. Biror marotaba dadamdan hol–ahvol ham soʻrashmadi-ku. Bir marta bizga koʻmir olib bergan jamoatdagilarning oʻgʻli menga “sizlarga koʻmir oldik” – deb maqtangan edi. Dadamning esa bu parvoyiga ham kelmadi. “Alloh rizoligi uchun” dedi. Bolalarining roziligi esa uning uchun ahamiyatli emas. Koshki dadam axlat tashuvchi boʻlsa-yu, biz sal odamga oʻxshab yashasak.

Bunday yashash jonimga tegdi. Yo dadam imomligini tashlaydi, yoki men...

Qolganini yozmayman. Hech kim oʻqiy olmasin deya, davomini ichimga yutdim.

Yoqub imom koʻzlari jiqqa yosh boʻlib daftarni varaqlar edi-yu, ichidagi gʻam-anduhi yanayam ortayotgan edi.

Bir sahifada nogiron yigitcha va unga boʻlgan nafratini yozgan edi. Fotima gʻoyat darajada rahm-shafqatsiz edi. Uning gaplaridan kinu nafrat yogʻilardi.

Qolganini oʻqishga yuragi dov bermadi. Koʻz yoshlarini artib, kundalikni olgan joyiga xuddi oʻshanday qilib qoʻyib qoʻydi. Keyin kutubxona qarshisida aylanib, miyasiga kelgan bir soʻzni har doimgiday katta qilib karton qogʻozga yozdi-da, kutubxona derazasiga yopishtirib qoʻydi. Keyin esa yana xonaga boshqatdan kirib, oʻsha yozuvni oʻqidi....

Shunday savollar bor-ki, javobini faqat narigi dunyoda olishingiz mumkin…
Davomi bor...

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Imomning maniken qizi (2 - qism)